Rivojlanishning kechikishi

Rivojlanishning kechikishi bolalar motorika, hissiy, ijtimoiy va muloqot koʻnikmalarini kutilganidan sekinroq oʻzlashtirganda kuzatiladi.
Body

Har bir bola oʻziga xos rivojlanadi, yaʼni erta bolalik davri haqida gap ketganda, “meʼyoriy” rivojlanish juda keng maʼnoda tushuniladi. Agar siz bir necha oy mobaynida bolalarning muloqot, nutq, harakat yoki ijtimoiy koʻnikmalari tengdoshlari bilan bir xil darajada rivojlanmasligini sezsangiz, bu rivojlanishning kechikishi boʻlishi mumkinligi haqida oʻylashingiz kerak.

Rivojlanishning kechikishi bir yoki bir nechta sohalarda kuzatilishi mumkin. Bir nechta sohalarda yuzaga kelganda, u “rivojlanishning umumiy kechikishi” deb ataladi.

Rivojlanishdagi kechikishlar vaqtinchalik va maʼlum bir davrda mavjud boʻlishi mumkin yoki baʼzida ular uzoq muddatli rivojlanish muammosining birinchi belgisi boʻlishi ham mumkin. Uzoq vaqt davomida (yoki doimiy) mavjud boʻlgan rivojlanish kechikishlari baʼzan “rivojlanish nuqsonlari” deb ataladi. Bunga oʻqishdagi qiyinchiliklar, bolalar miya falaji, intellektual (aqliy) rivojlanishdagi muammolar, autistik spektrning buzilishi kabilar misol boʻladi.

Koʻpincha rivojlanish kechikishining mumkin boʻlgan sabablarini aniqlashda mutaxassislar “rivojlanishning kechikishi” umumiy atamasidan foydalanadi. Sabab aniqlanganda bolaning ahvolini batafsilroq tushuntiradigan tegishli nom qoʻllanadi.

Rivojlanish kechikishining belgilari

Farzandingizning rivojlanishi kechikkan boʻlishi mumkinligidan xavotirga tushsangiz, nima qilishingiz kerak?

  • Ota-ona sifatida siz bolangizni hammadan yaxshi bilasiz.
  • Farzandingizning rivojlanishidan tashvishlansangiz, shifokoringiz bilan maslahatlashing.
  • Mutaxassislar rivojlanish kechikishi mavjudligini baholashga yordam beradigan zarur tekshiruvlarni oʻtkazishi mumkin.

Rivojlanishi kechikkan bolalarga yordam beradigan mutaxassislar

Tibbiyot xodimlari (pediatrlar va asosiy yoʻnalishlar shifokorlari, hamshiralar) bilan bir qatorda defektolog, logoped, fizioterapevt, ergoterapevt, psixolog, ijtimoiy xodim kabi boshqa koʻplab mutaxassislar zarur tekshiruvlarni oʻtkazish va rivojlanishi kechikkan bolalar hamda ularning oilalariga yordam berishda ishtirok etadi.

Kerakli yordam turlari rivojlanish kechikishining oʻziga xos xususiyatlari bilan belgilanadi.

  • Har doim ota-onalar bilan mutaxassislar hamkorlikda yordam koʻrsatishi kerak.
  • Bola bilan toʻgʻridan toʻgʻri ishlashdan tashqari, mutaxassislarning vazifasi har doim sizga bolangizni yaxshiroq tushunishga yordam berish va / yoki rivojlanishni ragʻbatlantirish koʻnikmalaringizni yaxshilashdir.

Rivojlanishi boshqacha tarzda kechayotgan bolalarning ehtiyojlari

Boshqa barcha bolalar singari, rivojlanishi kechikkan bolalar ham rivojlanish va oʻrganishga qodir. Ammo yangi koʻnikmalarni egallash uchun ularga koʻproq vaqt kerak boʻladi. Ularning yangi narsalarni oʻrganish usuli biroz boshqacha boʻlishi mumkin, shuning uchun qoʻshimcha yordam talab qilinadi.

  • Aksariyat bolalar yangi koʻnikmalarni osongina oʻzlashtiradi, ayniqsa, qandaydir misol orqali. Rivojlanishi kechikkan bolalar koʻpincha talablar unchalik katta boʻlmaganda bosqichma-bosqich yondashuv va mashgʻulotlarga muhtoj boʻladi. Bu yangi vazifalar navbatma-navbat amalga oshiriladigan bir nechta kichikroq bosqichlarga boʻlinishi kerakligini anglatadi.
  • Koʻpincha yangi koʻnikmalarni toʻliq egallash uchun koʻproq vaqt talab etiladi. Shu sababli bola turli vaziyatlarda ushbu koʻnikmalarni qoʻllash uchun yetarli imkoniyatlarga ega boʻlishi juda muhimdir.
  • Maktabgacha yoshda yoki maktab yoshida ham qoʻshimcha yordam zarur boʻlishi mumkin. Bu haqida qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida soʻzlab beradigan mutaxassislar bilan gaplashish kerak.
  • Sizga boshqa turdagi yordam (masalan, moliyaviy yordam) ham taqdim etilishi mumkin.

Bolaning rivojlanishida kechikish boʻlsa, unga yordam berish sizdan qoʻshimcha kuch talab qiladi, bu esa ruhiy va jismoniy charchoqqa olib kelishi mumkin. Oʻzingiz, sogʻligingiz va farovonligingiz haqida qaygʻurish va yordam olish siz uchun bolangizga gʻamxoʻrlik qilish kabi muhim ekanini unutmang. Agar oʻzingizni yaxshi his qilsangiz, bolangizga yaxshiroq gʻamxoʻrlik qila olasiz.

Rivojlanish kechikishining sabablari:

Rivojlanishning kechikishiga turli xil omillar sabab boʻlishi mumkin.

  • Baʼzi sabablar irsiy xarakterga ega, baʼzan esa homiladorlik yoki tugʻuruq paytidagi asoratlar bilan bogʻliq boʻladi. Rivojlanishning qisqaroq kechishiga jismoniy salomatlikka taʼsir koʻrsatuvchi kasalliklar, kasalxonada uzoq yotish va oilaviy stress sabab boʻlishi mumkin. Baʼzida rivojlanishdagi kechikishlar bolani yetarli darajada ragʻbatlantirmaslik va uning ehtiyojlarini eʼtiborsiz qoldirish natijasidir.
  • Koʻp hollarda rivojlanish kechikishining sabablari nomaʼlum.
  • Har bir alohida holatda bolani barcha kerakli tekshiruvlardan oʻtkazish kerak, bu esa rivojlanish kechikishining sabablarini aniqlashga yordam beradi.