Bolalar uchun sayohat moslamalari

Yoʻlga chiqishdan oldin safarda kerak boʻladigan narsalar roʻyxatini tuzing. Farzandingizning xavfsizligini taʼminlash uchun uni yoshiga mos keladigan va toʻgʻri oʻrnatilgan avtomobil oʻrindigʻida olib yurishingiz va kamarni mahkam taqib qoʻyishingiz kerak boʻladi.
Body

Agar yozda mashinada sayohatga chiqsangiz, erta tongda, kech tushdan keyin yoki kechasi yoʻlga chiqish maqsadga muvofiq; kunning eng issiq vaqtini tanlamang.

Faslga qarab kichkintoyingiz oʻzini issiq va qulay his qilishi uchun yetarlicha kiyim kiyishi va mashinadan tushishi kerak boʻlganda toʻliq himoyalangan boʻlishi zarur. Zaxira kiyim, adyol, bir marta ishlatiladigan tagliklar, taglik kremi, nam salfetkalar, chiqindi uchun bir nechta qop oling. Har doim qoʻlingizda birinchi yordam toʻplami boʻlishi kerak.

Agar bola ikki yoshda boʻlsa va yostiqda uxlasa, albatta yostiq oling.

Toʻxtash joylarida va hojatxonada chaqaloqning tagini almashtira olmasligingiz mumkin, chunki har doim ham buning uchun moslashtirilgan joy boʻlavermaydi, shu sababli hamisha yoningizda yoʻl uchun moʻljallangan toʻshama olib yuring, chaqaloq tagligini almashtirish uchun uni avtomobil oʻrindigʻiga osongina yoyishingiz mumkin. Kichkintoyning tagligini almashtirgandan keyin qoʻlingiz va toʻshamani dezinfeksiya qiling.

Agar bola qattiq ovqat isteʼmol qilsa, uni koʻchma muzlatkichga soling, suyuqlik uchun termosdan foydalaning, yetarlicha suv oling.

Sayohat davomida bola zerikishi va eʼtibor talab qilishi mumkin, haydovchini chalgʻitmaydigan turli xil oʻyinlar oʻylab toping. Mashinada bolaga qattiq oʻyinchoqlar bermang, chunki ular tormozlash paytida bolaga shikast yetkazishi mumkin. Musiqa, rasmli kitoblar, yumshoq oʻyinchoqlar, oʻyinlar yoki multfilmlarni tayyorlang. Kattaroq bolalar bilan tashqarida koʻrayotgan narsalari haqida gaplashishingiz mumkin. Oyoq-qoʻlning chigilini yozish uchun tez-tez toʻxtang va bolangiz bilan qisqa sayr qilib, dam oling.

Agar poyezd, avtobus yoki samolyot chiptasini sotib olayotgan boʻlsangiz, doim yosh bola bilan sayohat qilayotganingizni eslating va qulay joy ajratishlarini soʻrang.