Chaqaloq tugʻildi – tugʻuruqdan keyin nima boʻladi?
Asoratlanmagan tabiiy tugʻuruqdan keyin aksariyat chaqaloqlar dunyoga kelganidan bir necha soniya oʻtgach yigʻlashni boshlaydi. Agar bola yangi sharoitga yaxshi moslashsa, doya uni onasining koʻkragi va qorniga qoʻyadi. Bunday tana orqali aloqa chaqaloqqa isinish, nafas olish va yurak ritmini barqarorlashtirishga yordam beradi, bundan tashqari, siz va farzandingiz oʻrtasida jismoniy va hissiy aloqalarni oʻrnatishni boshlashning eng yaxshi usuli hisoblanadi. Bu, shuningdek, sut kelishi va koʻkrak bilan boqishni ragʻbatlantirishga koʻmaklashadigan birinchi muhim qadamdir.
Vakuum-ekstraksiya yoki akusherlik qisqichlari yordamida tugʻilgandan soʻng, aksariyat chaqaloqlar darhol yigʻlaydi. Agar nafas olishni boshlash uchun yordam kerak boʻlsa, doya uni isitiladigan stolga olib boradi, u yerda bolaga yordam koʻrsatiladi. Bola yaxshi nafas olishni boshlasa, faollashsa va terisi pushtirang boʻlsa, tanangiz bilan isitishingiz uchun u sizga qaytariladi.
Vakuum-ekstraksiya (maxsus vakuum moslamasi) yoʻli bilan tugʻilgan chaqaloqda koʻpincha katta shish va vakuum stakanining belgisi boʻladi; akusherlik qisqichlari qoʻllangandan soʻng, yuzida iz yoki qon quyilishi (gematoma) boʻlishi mumkin. Bu oʻzgarishlarning barchasi tezda oʻtib ketadi va bolaning sogʻligʻiga taʼsir qilmaydi.
Rejalashtirilgan kesarcha kesishdan soʻng, doya yangi tugʻilgan chaqaloqni olib, uni isitilgan maxsus stol ustiga qoʻyib, nafas olishini baholaydi, uni artib, kindik qoldigʻini tekshiradi. Epidural yoki orqa miya narkozi sizga ushbu sehrli daqiqani oʻtkazib yubormaslik, yangi tugʻilgan chaqalogʻingizni koʻrish va birinchi yigʻisini eshitish imkonini beradi. Tugʻuruq zalining oʻzida bagʻringizga olish va tanangiz harorati bilan isitish uchun chaqalogʻingizni sizga berishlarini soʻrang.
Shoshilinch kesarcha kesish yoʻli bilan tugʻilgan chaqaloqlarda moslashish bilan bogʻliq muammo koʻproq boʻladi. Doya bolani isitiladigan stolga olib boradi, u yerda shifokor uning hayotiy faoliyatini baholaydi va zarur boʻlsa, yordam beradi. Agar siz operatsiya paytida umumiy narkozda boʻlsangiz, uygʻonganingizdan keyin bolani koʻrasiz. Chaqalogʻingizga kuvez (oy-kuniga yetmay tugʻilgan chaqaloqlarni parvarishlash uchun maxsus uskuna) yoki boshqa qoʻshimcha yordam kerak boʻlsa, shifokor bu haqda sizga xabar beradi.
Kesarcha kesish paytida, ayniqsa, shoshilinch holatlarda bolani tasodifan kesib olishlari mumkin (kesishga yaqin boʻlgan joyini, boshi, baʼzida tos bilan kelganda dumba qismini). Xavotir olmang, bu kesiklar yuzaki boʻlib, bir necha kun ichida bitib ketadi va iz qolmaydi. Odatda kesilgan joylarga yopishqoq lenta qoʻllash kifoya qiladi, kamdan kam hollarda jarohatni tikish kerak boʻladi. Bu kesiklar steril, shuning uchun infeksiya xavfi yoʻq yoki qoqsholga qarshi himoyaga zarurat yoʻq.