Bolangizni emlash nima uchun muhim?
Emlash har bir inson salomatligining muhim tarkibiy qismlaridan biridir. Hayotning birinchi kunlaridan boshlab chaqaloq atrofdagi mavjud yuqumli kasalliklarga chalinish xavfidan emlash orqali himoya qilinadi. Emlash tufayli butun dunyoda yosh bolalarning nogironligi va oʻlimi keskin kamaydi. Aholi orasida juda oson va tez tarqaladigan Covid-19 infeksiyasi paydo boʻlishi bilan butun dunyoda yuzaga kelgan pandemik vaziyat kuchli viruslarga qarshi kurashishda va ularni yengishda jamiyat uchun emlashning qanchalik muhimligini koʻrsatdi.
Dunyoning biron-bir joyida yuqumli kasalliklar bor boʻlsa va ularga qarshi vaksinalar yaratilgan boʻlsa, bolangizni emlash bilan himoya qilish muhimdir. Shuningdek, bu mavjud yuqumli kasalliklarga qarshi jamoaviy immunitetni saqlashning, vaqti-vaqti bilan paydo boʻladigan va yuzaga keladigan yangi kasalliklarga qarshi yangi vaksinalarni ishlab chiqarish va tayyorlash imkoniga ega boʻlishning yaxshi usulidir.
Emlash samaradorligini bir paytlar oʻlimga olib keladigan ogʻir kasallik chaqiruvchi chin chechak virusiga qarshi kurash misolida koʻrish mumkin. Muvaffaqiyatli amalga oshirilgan emlash natijasida chin chechak kasalligi 1980-yildan buyon butun dunyoda yoʻq qilindi.
- Vaksinalar nima? Vaksinalarning tarkibi oʻldirilgan va tirik (kuchzislantirilgan) patogenlardan (viruslar yoki bakteriyalardan) yoki patogenlarning kichik qismlaridan iborat. Ular bezarar boʻladi, ammo farzandingizning immun tizimida antitanachalarni ishlab chiqarishni kuchaytiradi va ushbu patogenlardan himoyani taʼminlaydi. Ushbu antitanachalar farzandingizning himoyachisiga aylanadi va patogenlar tanada kasallik qoʻzgʻatish paytida ularga qarshi kurashadi.
- Immunizatsiya va vaksinatsiya. Immunizatsiya – bu bolani ayrim yuqumli kasalliklardan himoya qilish jarayonidir. Ushbu himoyani emlash orqali faol ravishda taʼminlash mumkin, yana maxsus antitanachalardan iborat immunoglobulinlarni, tayyor himoya omillarini kiritish orqali passiv ravishda ham amalga oshirish mumkin. Faol emlash uzoq vaqt davomida himoya bilan taʼminlaydi, passiv emlash esa nisbatan qisqa vaqt davomida himoya bilan taʼminlaydi (odatda faqat bir necha hafta davomida).
- Vaksinatsiya bu – emlash. Ushbu muolaja bolangiz kasallikka chalinmasdan turib patogenlarga (bakteriya yoki viruslarga) qarshi antitanachalr ishlab chiqishini taʼminlaydi. U inyeksiya yoʻli bilan (masalan, boʻgma, qoqshol, koʻkyoʻtal va boshqalarga qarshi), ogʻiz orqali (poliomiyelit va rotavirusga qarshi) va burunning shilliq qavati orqali (grippga qarshi tirik vaksina) yuborish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Baʼzi bolalar immun tizimining susayishiga olib kelgan jiddiy kasalligi sababli emlanmaydi yoki emlash kursini toʻliq tugata olmaydi. Shifokoringizdan yangi maʼlumot va tavsiyalar olishingiz va tushunarsiz holatlarda bolalar immunologiga murojaat qilishingiz muhimdir.
- Jamoaviy immunitet. Immunizatsiya bolangizni ayrim yuqumli kasalliklardan himoya qiladi, immun tizimini kuchaytiradi, shuningdek, kasallik tarqalishining oldini oladi. Shu sababli ushbu kasalliklarning sababchilari boʻlgan bakteriyalar va viruslarning tarqalishini sekinlashtirish yoki butunlay toʻxtatish uchun jamiyatda yetarli miqdordagi odamlar himoyalangan boʻlishlari muhimdir. Shu zaylda, aholining zaif qismi – emlashni ololmaydigan qatlami himoyalanadi. Ushbu himoya jamoaviy immunitet deb ataladi.
Farzandingizda uzoq muddatli himoyani rivojlanishi uchun u turli yoshlarda bir necha marta qoʻshimcha miqdorda emlamalar olishi kerak.
Farzandingizni emlash orqali oldini olish mumkin boʻlgan kasalliklarga qarshi emlashni unutmang, chunki bu uning himoya tizimini mustahkamlaydi va hayotini saqlab qolishi mumkin.