Tez oʻsish davrida ogʻriqlarni his etish
Bolalar va oʻsmirlardagi tez oʻsish davridagi ogʻriqlarni his etish haqida
Tez oʻsish davridagi ogʻriqlarni his etish holatlari keng tarqalgan boʻlib, ayniqsa kichik yoshdagi maktab oʻquvchilarida koʻp uchraydi.
Ogʻriqni his qilishning ishonchli aniq sababi maʼlum emas, lekin ular organizmning oʻsishidan kelib chiqmaydi!
Ogʻriqlarni his qilgan bolalarning koʻpchiligida ogʻriq paydo boʻlishining aniq sabablari topilmagan.
Nazariy xulosalardan birida ular jismoniy faollik bilan bogʻliq deb hisoblanadi, lekin bu ham aniq sabab degani emas.
Tez oʻsayotgan baʼzi bolalarda bir vaqtning oʻzida oʻsish davridagi ogʻriqlar bilan birga qorinda va boshda ham ogʻriqlar paydo boʻlishi mumkin.
Bu bolalardagi ogʻriqlarni his qilish kuchli ruhiy zarba (stress) yoki xavotir bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
Tez oʻsish davridagi ogʻriqlarni his etishning belgilari
Farzandingiz tez oʻsish davrida ogʻriqlarni his etsa, u ikkala oyoq son mushaklari, boldir va tovon sohasidagi simillovchi yoki achishtiruvchi ogʻriqlardan shikoyat qiladi. Ogʻriq qoʻllarda yoki tananing boshqa qismlarida ham boʻlishi mumkin, lekin bunday holat kam uchraydi.
Bunday ogʻriqlar odatda kechasi paydo boʻladi va baʼzida bolaning uygʻonib ketishiga sabab boʻladi. Ogʻriqlarning kunduzi ham paydo boʻlishi keng tarqalgan holat hisoblanadi, ammo ular kundalik hayotga xalaqit beradigan darajada kuchli boʻlmaydi.
Koʻpchilik bolalarda ogʻriq yoki noqulaylik hissi paydo boʻladi va oʻtib ketadi. Bu ogʻriqli hislar qachon paydo boʻlishini oldindan aytish qiyin.
Tez oʻsish davrida ogʻriqlari boʻlgan bolalar odatda ogʻriqli joyni massaj qilishga imkon beradi. Bu sizga jiddiy kasallikdan oʻsish ogʻrigʻini ajratishga yordam beradi.
Oyogʻidagi ogʻriqlar jiddiy sabablarga bogʻliq boʻlgan bolalar odatda ogʻriqli joyga teginishga ruxsat bermaydilar.
Tez oʻsish davridagi ogʻriqlarda shifokor koʻrigi kerakmi?
Ha. Tez oʻsish davridagi ogʻriqni jiddiyroq boshqa kasallik, masalan infeksiya, yalligʻlanish yoki baʼzi holatlarda suyak sinishi yoki mushak oʻsmasi sababli yuzaga kelayotganini aniqlay olmaysiz.
Shuning uchun ogʻriq tezda oʻtib ketmasa, jiddiy kasallik yoʻqligiga ishonch hosil qilish uchun bolangizni shifokorga koʻrsating.
Bolani shifokorga quyidagi hollarda koʻrsatish, ayniqsa muhim:
- ogʻriqlar kuchli va oʻtib ketmasa;
- bola oqsoqlanayotgan boʻlsa;
- tananing ogʻriyotgan qismini ushlab koʻrganda issiq yoki shishgan boʻlsa yoki ogʻriq kuchaysa.
Tez oʻsish davridagi ogʻriqni tahlil qilish va tekshirish
Shifokor suyaklar sinishi yoki yalligʻlanishi yoʻqligiga ishonch hosil qilish uchun rentgen yoki qon tahlilini buyurishi mumkin.
Tez oʻsish davridagi ogʻriqni davolash
Maxsus davolash usullari yoʻq. Farzandingizga bunday ogʻriqlar baʼzan boʻlib turishini, lekin bu qoʻrqinchli, jiddiy va xavfli emasligini va albatta oʻtib ketishini aytishingiz kerak.
Ogʻriyotgan joyni massaj qiling (uqalang) yoki issiq kompress qoʻying. Uxlashdan oldin mushaklarni choʻzish ham yordam berishi mumkin. Shifokordan bolaga paratsetamol kabi oddiy ogʻriq qoldiruvchi vositani berish mumkin yoki mumkin emasligini aniqlab oling.
Farzandingiz jismoniy mashgʻulotlarni toʻxtatishi shart emas.
Tez oʻsish davridagi ogʻriq odatda vaqti kelib oʻtib ketadi.
Ogʻriqni his qilishning oldini olish
Ogʻriqning oldini olish uchun hech nima qila olmaysiz.