Febril (isitmadagi) shaytonlash

Febril shaytonlash vaqtida tana mushaklari erkin harakat qila olmaydi va/yoki qaltiraydi. U hushidan ketadi, koʻzlar tepaga qarab ketishi mumkin. Xuruj uzoq davom etmaydi. Farzandingizda shaytonlash boʻlsa, uning atrofidagi xavfli buyumlarni olib tashlang. Zudlik bilan pediatringizga murojaat qiling.
Body

Febril shaytonlash nima?

Febril shaytonlash – yuqori isitma sababli (tana harorati 38,5°C va undan yuqori boʻlganda) kuzatiladigan shaytonlash.

Febril shaytonlash odatda olti oydan olti yoshgacha boʻlgan bolalarda uchraydi. Febril shaytonlash boshqa yoshda kuzatilsa, unda infeksiya yoki epilepsiya kabi boshqa sabablar yoʻqligiga ishonch hosil qilish uchun shifokorga murojaat qiling va tekshiruvlardan oʻting.

Boladagi febril shaytonlash qoʻrqinchli koʻrinishi mumkin, ammo bolalar odatda febril shaytonlashdan keyin odatda butunlay tuzalib ketadilar. Bu holat bolalarning aksariyatida kelajakda muammolarni yoki miya zararlanishini keltirib chiqarmaydi.

Febril shaytonlash belgilari

Febril shaytonlashning belgilariga odatda quyidagilar kiradi:

  • tana mushaklari erkin harakat qila olmasligi va/yoki harakat qiyinlashishi;
  • hushini yoʻqotishi;
  • koʻzlar tepaga qarab ketishi;
  • nafas olish tezlashishi yoki tekis nafas olmasligi;

Odatda febril shaytonlash bir necha daqiqadan koʻp davom etmaydi. Shaytonlashning davomiyligidan qatʼi nazar, darhol shifokorga murojaat qiling yoki tez yordam chaqiring.

Farzandingiz holati febril shaytonlashga oʻxshasa, nima qilish kerak?

Pediatrga yoki tibbiyot muassasasiga zudlik bilan murojaat eting. Oʻzingizni xotirjam tuting va farzandingiz oʻzini shikastlamasligi uchun atrofidagi buyumlarni olib tashlang.

Keyinchalik koʻrgan holatingizni tasvirlab berish uchun nima sodir boʻlayotganini kuzatib borishga va eslab qolishga harakat qiling.

Iloji boʻlsa febril shaytonlash davomiyligini eslab qolsangiz, shifokor uchun kerakli maʼlumot boʻladi.

Shaytonlash vaqtida bolaning nafas yoʻllarini ochish uchun yumshoq joyga yonboshlatib yotqizing. Bolaning yonida boʻling va uni tinchlantiring.

Farzandingizning nafas olishini kuzatib boring.

Farzandingizda febril shaytonlash boʻlsa, shifokorga murojaat qilish kerakmi?

Ha, albatta, zudlik bilan murojaat qiling. Farzandingizda febril shaytonlash kuzatilgan boʻlsa, pediatrga xabar bering. Bolani shoshilinch tez tibbiy yordam boʻlimiga olib borish va pediatrga maʼlumot berish, ayniqsa juda muhim.

Bolalar odatda har qanday shaytonlash kuzatilganda kasalxonaga toʻliq tekshirish uchun yotqizilishi kerak.

Febril shaytonlashni tekshirish

Febril shaytonlash kuzatilgan bolalarda laboratoriya tahlillarini oʻtkazish kerak boʻlishi mumkin.

Baʼzida shifokorlar isitma sababini aniqlash uchun tekshiruvlar buyurishi mumkin.

Farzandingizda febril shaytonlash takrorlansa, u bosh miya Elektro Ensefalo Grafiya (EEG) tekshiruviga yuborilishi mumkin.

Febril shaytonlashning oldini olish

Febril shaytonlashlarning oldini olishning sinalgan usuli yoʻq.

Farzandingizning isitmasini tushirish va ahvolini yaxshilash uchun bolaga paratsetamol yoki ibuprofen ichirishingiz va ortiqcha kiyimlarni yechishingiz mumkin.

Bu vaziyatda kelajakda shaytonlashning oldini olish uchun unga qarshi dorilar bilan davolash tavsiya etilmaydi.

Febril shaytonlashlar haqida batafsilroq maʼlumot

Bolalarda febril shaytonlash odatda bir marta kuzatiladi. Ammo bolalarning 30–35 foizida shaytonlash takrorlanishi mumkin.

Har 100 boladan 3 tasida febril shaytonlash kuzatiladi.

Febril shaytonlashlar odatda nasldan naslga oʻtish xususiyatiga ega.