Bosh ogʻrigʻi

Bolalarda bosh ogʻrigʻi tez-tez uchrab turadi, baʼzilarida esa qayta-qayta takrorlanadi. Odatda bolalardagi bosh ogʻrigʻi tufayli tashvishlanishga hojat yoʻq. Ammo ogʻriqlar sizni xavotirlantirsa, ayniqsa noqulaylik tugʻdiradigan va bexosdan paydo boʻladigan kuchli ogʻriqlar boʻlsa, pediatrga murojaat eting.  
Body

Bosh ogʻrigʻining sabablari

Bolalarda bosh ogʻrigʻining sabablari quyidagilar boʻlishi mumkin:

  • yuqumli kasalliklar, masalan sinusit, shamollash yoki gripp;
  • xavotirlanish sabab mushaklar zoʻriqishi, charchoq yoki bruksizm (uyqu paytida tishlarni gʻijirlatish);
  • koʻrish muammolari, masalan koʻzning charchashi;
  • bosh jarohati;
  • migren;
  • dorilar, masalan gormonal va antidepressant (tushkunlikka qarshi) dorilarni qabul qilish.

Yosh bolalarda kattalarga qaraganda mushaklar zoʻriqishi va migren kam uchraydi, biroq bu muammolar oʻsmirlarda bosh ogʻrigʻining eng koʻp uchraydigan sabablaridir.

Suyuqlikni yetarli miqdorda ichmaslik, kam uxlash va kofeinning koʻpligi bosh ogʻrigʻiga yoki uning kuchayishiga olib kelishi mumkin. Bu, ayniqsa yoz oylarida maktab yoshidagi serharakat va faol bolalarda yuzaga keladi.

Bosh ogʻrigʻi meningit, miyadagi oʻsma yoki miyada qon aylanishining buzilishi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin, lekin bu kasalliklar kamdan kam uchraydi.

Bosh ogʻrigʻi belgilari

Odatda boladagi bosh ogʻrigʻi odatdagi mashgʻulotlarni davom ettirishlariga xalaqit bermaydigan darajada yengil oʻtadi. Lekin baʼzi holatlarda bosh ogʻrigʻi kuchli darmonsizlikka olib keladi – bunday holatlarda birinchi navbatda u yotib dam olishi kerak.

Bosh ogʻrigʻi oʻtkir yoki simillagan va qattiq, boshning bir tomonida yoki butun bosh va boʻyin boʻylab, toʻxtab-toʻxtab sodir boʻlishi yoki shunchaki kayfiyatning pastligi kabi belgilar bilan kuzatilishi mumkin.

Oʻsmir bolalarda migren bir yoki ikki tomonlama pulsatsiyalanuvchi ogʻriq tarzida davom etadi, koʻngil aynishi va qayt qilish, qorin ogʻrigʻi, baʼzida bosh ogʻrigʻi boshlanishidan oldingi “aura” (xabar beruvchilar) kabi alomatlarga ega boʻlishi mumkin.

Migrendagi “aura” koʻrish va eshitishga taʼsir etadi. Farzandingiz jismlar atrofida yorugʻlik nurini koʻrishi yoki quloqlari shangʻillashi mumkin. Unga, shuningdek, yorqin chiroqlar va baland tovushlar yoqmasligi yoki kunning vaqtidan qatʼi nazar uxlashni xohlashi mumkin.

Bosh ogʻrigʻida qachon shifokorga murojaat qilish kerak?

Agar farzandingiz:

  • bosh ogʻrigʻi tufayli uygʻonib ketsa;
  • bosh ogʻrigʻidan tashqari koʻngil aynishi va qayt qilish (qusish) boʻlsa;
  • bexosdan kuchli ogʻriqlar paydo boʻlsa va bu ogʻriqlar uygʻonganda juda kuchaysa, shuningdek bunday ogʻriqlar koʻngil aynishi va qayt qilish (qusish) bilan birgalikda kuzatilsa;
  • bosh ogʻrigʻi qayta-qayta takrorlansa;
  • bosh ogʻrigʻi uning maktabdagi, uydagi odatdagi hayotiga taʼsir qilsa yoki tengdoshlari bilan qiladigan muloqotlariga xalaqit bersa;
  • quyida keltirilgan davolash muolajalaridan keyin bosh ogʻrigʻi oʻtib ketmasa, bolani darhol shifokorga koʻrsatish kerak.

Shuningdek, bolada bosh ogʻrigʻi va quyidagi belgilar boʻlsa:

  • yuqori tana harorati;
  • tutqanoq;
  • hushidan ketishi yoki uyquchanlik;
  • koʻrishning xiralashishi;
  • yurish paytida gandiraklash;
  • boʻyin mushaklari harakatining qiyinlashishi;
  • bosh jarohati, shu jumladan miya chayqalishi;
  • gʻayrioddiy toshmalar boʻlsa, darhol shifokorga murojaat qilishi kerak.

Bosh ogʻrigʻida tahlil olish va tekshirish

Odatdagi bosh ogʻriqlarda maxsus tahlil olish va tekshirishlar talab etilmaydi. Shifokor odatda siz va farzandingiz bilan gaplashib, bolaning asab tizimi, mushaklari va koʻzlarini tekshirgandan keyin tashxis qoʻyadi.

Shifokor boladagi bosh ogʻrigʻining sababi jiddiy deb xavotirlansa, bolani koʻz shifokori yoki bolalar nevrologiga maslahat olish uchun yuboradi. Kamdan kam holatlarda farzandingizga kompyuter tomografiyasi (KT) yoki magnit rezonans tomografiyasi (MRT) kerak boʻladi.

Bosh ogʻrigʻini davolash

Asoratlanmagan bosh ogʻrigʻini davolash – odatda bolaga tinchlikni taʼminlashdan iborat (masalan, nimqorongʻi xonada yotib dam olish).

Mushaklar zoʻriqishini kamaytirish uchun massaj qilish mumkin.

Bolani osoyishta oʻyin bilan chalgʻitsangiz, u ogʻriqni esidan chiqarishi mumkin.

Ogʻriq oʻtib ketmasa, shifokor tavsiyasiga mos ravishda paratsetamol yoki ibuprofen bering. Pediatr bilan maslahatlashmasdan turib ogʻriq qoldiruvchi vositalardan foydalanmang va ularni tez-tez bermang.

Farzandingizning bosh ogʻrigʻi kuchli ruhiy zarba (stress) bilan bogʻliq boʻlsa, uning sababini aniqlashga harakat qiling. Undan keyin kuchli ruhiy zarbaning sababini bartaraf etish yoʻllarini muhokama qiling.

Farzandingizda oʻtib ketib yana qaytalanadigan migren boʻlsa, pediatr uning oldini olish va davolash rejasini tavsiya qilishi mumkin.