Koksaki kasalligi (qoʻllar, oyoqlar va ogʻizning zararlanishi)
Koksaki kasalligi bu – oʻtkir virusli infeksiya boʻlib, ogʻiz shilliq qavatida, qoʻl va oyoqlarda toshmalar paydo boʻlishi hamda tana harorati koʻtarilishi bilan tavsiflanadi. Bu kasallikning qoʻzgʻatuvchisi enteroviruslardir.
Eʼtibor bering, koksaki kasalligini viruslar keltirib chiqargani sababli bolalar bu kasallik bilan bir necha marta kasallanishi mumkin.
Ushbu kasallikning tarqalishi yoz va kuz faslida eng koʻp uchraydi.
Koksaki kasalligi koʻpincha sigirlar, qoʻylar va choʻchqalarga taʼsir qiladigan hayvonlarning “oqsim (yashur) kasalligi” bilan adashtiriladi.
Xavotir olmang, odamlar hayvonlar kasalliklari bilan kasallanmaydi.
Koksaki kasalligi qanday tarqaladi?
Koksaki kasalligi yetti yoshgacha bolalar orasida, ayniqsa maktabgacha yoshdagi bolalar oʻrtasida tarqaladi. U asosan pufakchalar ichidagi suyuqlikka tegishi orqali tarqaladi. Virus, shuningdek, kasallangan bolalarning najasida ham topiladi.
Koksaki kasalligi bilan ogʻrigan bola pufakchalari quriguncha juda yuqumli hisoblanadi.
Koksaki kasalligining belgilari
Virus bolalarga kasallik belgilari paydo boʻlishidan 4–6 kun oldin yuqadi.
Bolada boshqa alomatlar paydo boʻlishidan oldin, bir yoki ikki kun davomida yuqori boʻlmagan isitma paydo boʻlishi mumkin.
Kichkina ogʻiz yaralari odatda lunjlarda, milklar va tilning yon tomonlarida paydo boʻladi. Farzandingiz, shuningdek, ogʻiz yoki tomoq ogʻrigʻidan shikoyat qilishi, yoki ovqat va suyuqlikni rad etishi mumkin.
Bolada, shuningdek, bosh va mushaklar ogʻrigʻi, yengil qorin ogʻrigʻi yoki koʻngil aynishi kuzatiladi.
Katta boʻlmagan pufakchali toshmalar, shu bilan birga, qoʻl va oyoqlarda, koʻproq kaft va tovonlarda paydo boʻladi. Farzandingizning dumba sohasi, sonlari va gavdasida 1 mmdan 10 mmgacha qizil dogʻlar paydo boʻlishi mumkin. Pufakchalar va dogʻlar odatda 7–10 kun ichida oʻz-oʻzidan yoʻqoladi.
Koksaki kasalligiga gumon qilinganda farzandingiz bilan bolalar shifokoriga murojaat qilish kerakmi?
Bolani koksaki kasalligiga chalingan deb oʻylasangiz yoki toshma toshish sababini bilmasangiz, uni shifokorga koʻrsatishingiz kerak.
Bolada quyidagi holatlar kuzatilsa, unga shoshilinch yordam koʻrsatish lozim:
- suyuqlik va quyuq taomni isteʼmol qilishdan bosh tortsa;
- suvsizlanish belgilarini sezsangiz, bola odatdagidan kam siysa, rangi oqarib ketsa, vazn yoʻqotsa, koʻzlari kirtayib qolsa, qoʻllari va oyoqlari sovuq boʻlsa, uyquchan boʻlsa;
- haddan tashqari koʻp uxlashni xohlasa yoki oʻzini yomon his qilsa;
- boshi ogʻrisa, boʻyinning qattiqligi yoki bel ogʻrigʻidan shikoyat qilsa;
- yurishga qiynalsa yoki boshi aylansa.
Koksaki kasalligini davolash
Koksaki kasalligining davosi yoʻq. Ammo koʻpchilik bolalar muammosiz oʻz-oʻzidan tezda tuzalib ketadilar.
Paratsetamol yoki ibuprofen ogʻriqni yengillashtiradi va yuqori isitmani pasaytiradi.
Isitma tushiruvchi va ogʻriq qoldiruvchi vositalar kerak boʻlganda, shifokor tavsiyasiga koʻra va yorliqdagi koʻrsatmalarga muvofiq bolaga berilishi mumkin.
Suvsizlanishning oldini olish uchun bolangizga suyuqlik ichirishni unutmaslik juda muhimdir. Bolaning ogʻzida ogʻriq boʻlsa, buni bajarish qiyin boʻlishi mumkin, ammo suvsizlanishning oldini olish uchun suyuqlik qabul qilish shart. Unga dorixonadan sotib olish mumkin boʻlgan ogʻiz orqali ichiriladigan suvsizlanishni davolovchi vosita (ORV, regidron, ORSA)ni berishga harakat qiling. Bolaning ovqat yeyishi va yutishi ogʻriqli boʻlsa, unda bir necha kun davomida unga yumshoq iliq taomlar (sabzavot va meva pyuresi, yogurt) berish va nordon taʼmli mahsulotlardan: pomidor, limon, apelsindan voz kechgan maʼqul.
Pufakchalarni ochishga urinmang. Bu teri infeksiyasini yuqtirish xavfini va virusni boshqa bolalarga yuqtirish ehtimolini oshiradi.
Koksaki kasalligining oldini olish
Virusning tarqalishini kamaytirishga yordam beradigan asosiy chora bu – qoʻllarni sovun va suv bilan yaxshilab yuvishdir, ayniqsa, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida va tagliklarni almashtirgandan keyin.
Pufakchalardagi suyuqlik quriguncha bolani maktabgacha taʼlim tashkilotlariga yoki maktabga olib bormang.