Suvchechak

Suvchechak pufakchaga aylanadigan qizil dogʻli toshmaga oʻxshaydi. Oxirgi pufak qotgunicha bolangizni maktabgacha taʼlim tashkiloti yoki maktabdan uzoqroq tuting. Suvchechakdan saqlanishning eng yaxshi usuli bolangizni emlashdir.
Body

Suvchechak

Suvchechak suvchechak virusi keltirib chiqaradigan yuqumli kasallik hisoblanadi.

Suvchechak quyidagi yoʻllar orqali yuqishi mumkin:

  • suvchechakka chalingan bemor bilan muloqot qilganda;
  • bemor aksirganda va yoʻtalganda;
  • kamarsimon temiratkiga chalingan bemor bilan muloqot qilganda.

Suvchechakni keltirib chiqaradigan virus kamarsimon temiratki kasalligini ham keltirib chiqaradi. Agar ilgari suvchechak bilan kasallangan boʻlsangiz va virus qayta faollashgan boʻlsa, kamarsimon temiratki kasalligiga chalinishingiz mumkin.

Suvchechakning belgilari

Kasallik belgilari virusni yuqtirgan bolalarda odatda kasal bilan aloqada boʻlganidan 10–21 kun oʻtgach, paydo boʻladi.

Bolalarda kasallik koʻpincha umumiy holsizlik va isitmadan boshlanadi. Keyingi 2–5 kun ichida toshma toshadi.

Dastlab bu toshma qizil dogʻ boʻlib koʻrinadi. Toshmalar koʻkrak, orqa, qorin, yuz va boshning sochli qismida mayda pufakchalarga aylanadi. Ular tez orada tananing qolgan qismida, hatto ogʻizda yoki quloqlarda, jinsiy aʼzolar yoki koʻzlarda paydo boʻlishi mumkin. Pufakchalar qichishadi, eskilari qurigan sari yangilari paydo boʻladi. Qobiqlarning tushishi bir necha hafta davom etishi mumkin.

Agar pufakchalar yoki toshmalarning qotgan qobiqlari shilib olinmasa yoki yaralar yiringlamasa, chandiqlar paydo boʻlmaydi.

Suvchechak kasalligi bolalarda kattalarga qaraganda ancha yengilroq kechadi.

Suvchechak toshma paydo boʻlishidan ikki kun oldin boshlanib to barcha mavjud yaralar yoki pufakchalar qoraqoʻtir boʻlib, toʻliq quriguncha yuqumli hisoblanadi. Bu odatda bir hafta davom etadi.

Suvchechakning asoratlari

Sogʻlom bolalarda asosan qichishadigan toshmalar bilan namoyon boʻladi, boshqa asoratlar kuzatilmaydi. Kamdan kam hollarda suvchechak yaralari bakteriyalar taʼsirida yiringlashi mumkin. Bakteriyalar ogʻir ikkilamchi infeksiyani keltirib chiqarishi ehtimoli bor. Boshqa asoratlarga zotiljam, ensefalit va meningit kiradi.

Baʼzi bolalarda suvchechakni yuqtirish xavfi katta boʻladi. Virus ularga jiddiy taʼsir qilishi mumkin. Bunday bolalar guruhiga quyidagilar kiradi:

  • yangi tugʻilgan chaqaloqlar;
  • immuniteti past bolalar;
  • saraton kasalligiga chalingan bolalar;
  • immunodepressantlar (yuqori dozadagi kortikosteroidlar) ichadigan bolalar.

Ushbu guruhga kiruvchi bolalarni suvchechak bilan kasallangan odamlardan uzoqroq tutish kerak.

Suvchechakka chalingan farzandingizni shifokorga koʻrsatish kerakmi?

Farzandingiz suvchechak bilan xastalansa, uni shifokorga koʻrsatishingiz kerak.

Farzandingiz yuqoridagi xavfli guruhga kirsa va suvchechak bilan kasallangan odam bilan muloqotda boʻlgan boʻlsa, shifokoringizga murojaat qilishingiz va kerakli tavsiyalarni olishingiz zarur.

Homilador ayollar ham yuqori xavf guruhga kiradi va ular ham shifokorga murojaat qilishlari kerak.

Suvchechakni davolash

Suvchechakni davolash shifokor koʻrigi va tavsiyasidan keyin asosan uy sharoitida olib boriladi.

Suvchechak bilan kasallangan bolalarni davolashda asosiy muolajalar qichishishni kamaytirish va isitmani tushirishga qaratiladi.

Toshmalarni antiseptik va qurituvchi moddalar bilan artib turish, ularning yiringlashini oldini olish mahalliy davolashning asosiy muolajalari hisoblanadi. Bola toshmalarni qashimasligi uchun barcha choralarni koʻrish kerak. Agar bolangizda qichishish juda kuchli boʻlsa, shifokor antigistamin dorilar tavsiya qilishi mumkin.

Bolaning tana harorati koʻtarilib ketsa, shifokoringiz tavsiyasiga binoan parasetamol bering.

Farzandingizning tirnoqlarini oling. Shunda bolangiz qashingan taqdirda ham, toshmalarning yiringlash xavfi kam boʻladi.

Yuqori xavf guruhiga kirgan bolalar va suvchechak bilan ogʻir kasallangan bolalarga shifokor virusga qarshi vosita – asiklovir berishi mumkin. Shifokoringiz toshmalar yiringlashida va zotiljamda davolash uchun antibiotiklar buyurishi, baʼzi hollarda bola davolash uchun shifoxonaga yotqizilishi kerak boʻlishi mumkin.

Bolangiz maktabgacha taʼlim tashkilotiga yoki maktabga oxirgi pufakchlar qotmaguncha bormasligi kerak.

Farzandingizga aspirin bermang. Aspirin bilan davolangan bolalarda kamdan kam uchraydigan, ammo juda ogʻir holat boʻlgan Reya sindromi paydo boʻlishi mumkin.

Suvchechakning oldini olish

Suvchechakdan saqlanishning eng yaxshi usuli – bolangizni emlash.