Baland boʻylilik
Bolaning boʻyi (tana uzunligi) shifokor doimiy ravishda oʻtkazadigan tibbiy koʻriklar davomida oʻlchanadigan va kuzatiladigan oʻsish parametrlaridan biri boʻlib, kutilayotgan koʻrsatkichlardan chetga chiqish oson va bu oʻz vaqtida seziladi.
Mamlakatimizda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining oʻsish jadvallari qoʻllanadi.
Jadvalda -3, -2, -1, 0, +1, +2, +3 bilan belgilangan bir nechta egri chiziqlar koʻrsatilgan.
0 deb belgilangan chiziq oʻrtacha, yaʼni oʻrtacha oʻsish koʻrsatkichini ifodalaydi. Boshqa chiziqlar standart ogʻishlarni (SO) aniqlaydi, bu bolaning oʻsish koʻrsatkichi meʼyordan uzoqligini koʻrsatadi. Bolaning jismoniy rivojlanish jadvallaridagi standart ogʻish chiziqlari ijobiy +1, +2, +3 (oʻrtacha qiymatdan yuqori) yoki salbiy -1, -2, -3 (oʻrtacha qiymatdan past) boʻlishi mumkin.
+3...-2 (+3 dan yuqori boʻlmagan va -2 dan kam boʻlmagan) oraliqdagi qiymatlarni bolaning meʼyoriy oʻsishi deb hisoblash mumkin.
Agar oʻsish koʻrsatkichlari +3 dan oshsa, demak, bola juda novcha. Endokrin kasalliklarni hisobga olmaganda, baland boʻylilik kamdan kam hollarda muammoga sabab boʻladi xolos.
Oʻsish koʻrsatkichi -2 dan past boʻlsa, unda boʻy oʻsishining ozgina kechikishi ehtimoli bor. Agar koʻrsatkich -3 dan past boʻlsa, boʻy oʻsishining jiddiy kechikishi ehtimoli mavjud.
Boʻyi (tana uzunligi) jinsi va yoshining yuqori chegarasidan oshib ketgan yoki gʻayrioddiy tarzda keskin oʻsgan yoki sogʻligʻi bilan bogʻliq muammolari boʻlgan bola ayrim holatlardagina batafsil tekshiruvga muhtoj boʻladi. Ehtimoliy sabablar orasida odatda irsiy omillar yoki oʻsish gormoni ishlab chiqarishning koʻpayishi hisobga olinadi.
Irsiy kasalliklarda (Marfan, Sotos, Bekvit-Videmann, Klaynefelter sindromlari va boshqalar) gʻayrioddiy oʻsish dinamikasi bilan birga bolada boshqa oʻzgarishlar kuzatiladi.
Oʻsish gormoni suyaklar va mushaklarning rivojlanishi hamda umumiy oʻsishga kuchli taʼsir qiladi. Suyaklarning uchlaridagi togʻay hali ochiq boʻlgan bolaning oʻsish davrida ushbu gormonning koʻpayishi gigantizm (boʻyning juda balandligi, oyoq-qoʻllarning uzunligi va iyakning turtib chiqishi bilan xarakterlanadi) paydo boʻlishiga olib keladi. Kattalarda suyak oʻsishi tugagandan soʻng, oʻsish gormoni darajasi oshganda, akromegaliyaning (qoʻl-oyoqlarning kattalashishi va yuzning koʻzga koʻrinadigan xususiyatlari bilan xarakterlanadi) klinik koʻrinishi rivojlanadi.
Gigantizm boʻlishi gumon qilinganda, oʻsish gormoni ishlab chiqarilishini va gipofiz bezining holatini baholash uchun bola rentgen va laboratoriya tekshiruvlaridan oʻtgani endokrinologga yuboriladi. Baʼzida gipofiz bezi sohasida kichikroq oʻsmalar aniqlanadi, uni davolash oxirgi paytlarda tobora muvaffaqiyatli oʻtmoqda.
Farzandingizning boʻyi yoshiga qaraganda ancha uzun boʻlsa (oʻsish jadvalida +3SO) yoki boʻyning kutilmaganda keskin oʻsishini sezsangiz, shifokoringiz bilan ushbu muammo va bolaning feʼl-atvori haqida gaplashing.