Suvsizlanish
Suvsizlanish nima?
Agar farzandingiz koʻp suyuqlik yoʻqotsa yoki yetarlicha ichmasa, u suvsizlanishi mumkin.
Gastroenterit (oshqozon va ingichka ichakning yalligʻlanish) – suvsizlanishning eng keng tarqalgan sababi. Shu bois farzandingiz tanasi koʻp suyuqliklarni tez yoʻqotishi mumkin. Doimiy diareya, qayt qilish (qusish) yoki suyuqlik isteʼmolini kamaytirishga sabab bo‘ladigan har qanday kasallik suvsizlanishga olib kelishi mumkin.
Koʻp terlash, ayniqsa, juda issiq havoda chaqaloqlarda yoki faol mashgʻulotlar bilan shugʻullanadigan oʻsmirlarda suvsizlanishga olib keladi.
Suvsizlanish belgilari
Suvsizlangan bolada quyidagi belgilar kuzatiladi:
- kam siyish – kichik yoshli bolada nam tagliklar soni kamroq boʻlishi yoki tagliklar odatdagidek nam boʻlmasligi mumkin;
- holsizlangan va rangpar koʻrinadi;
- tez charchaydi, boʻshashgan yoki asabiy boʻladi;
- suvga tashnalik kuzatiladi;
- koʻzlari kirtaygan boʻladi;
- til va ogʻiz quruq hamda karash bilan qoplangan boʻladi.
Suvsizlanish boʻlganda qachon pediatrga murojaat qilish kerak?
Pediatrga murojaat qiling, agar:
- farzandingizda yuqorida keltirilgan suvsizlanish belgilari mavjud boʻlsa;
- farzandingiz tez-tez qayt qilsa (qussa) va suyuqlikni oʻzlashtira olmasa;
- farzandingizda tez-tez diareya kuzatilsa.
Darhol tez yordam chaqiring, agar:
- bolada kuchli suvsizlanish alomatlari bor – u siymaydi, rangpar, ozgan, koʻzlari kirtaygan, qoʻllari va oyoqlari sovuq, uyquchan yoki injiq;
- bolada kuchli qorin ogʻrigʻi bor;
- bolaning qusigʻi yashil rangda yoki unda qon bor;
- farzandingiz oʻzini yomon his qilishidan xavotirdasiz.
Siz farzandingizni hammadan yaxshi bilasiz, shuning uchun u oʻzini yaxshi his qilmayapti, deb oʻylasangiz, oʻz sezgingizga ishoning. Farzandingizda jiddiy shoshilinch tibbiy yordamga ehtiyoj mavjudligini koʻrsatadigan belgilarga kuchli ogʻriq, uyquchanlik, terining rangparligi yoki koʻkimtir boʻlishi, suvsizlanish, nafas olish qiyinligi, shaytonlash va taʼsirlarga nisbatan susayishlar kiradi.
Suvsizlanishni davolash
Suvsizlanishning yengil holatlarini bolaga farzandingizga koʻproq suyuqlik berish orqali davolash mumkin.
Yana bir usuli bu – ogʻiz orqali beriladigan regidratatsiya vositasidan (ORVdan) foydalanishdir. ORVni dorixonadan retseptsiz sotib olish mumkin.
Boshqa usullarga gazlanmagan mineral suv yoki bola har doim ichadigan yangi siqilgan meva sharbatlari kiradi. Agar meva sharbatlari shirin boʻlsa, uni suyultirish juda muhim – meva sharbatning bir qismini suvning toʻrt qismi bilan aralashtiring.
Farzandingiz ichishni xohlamasligi mumkin. Siz unga shpris, naycha yoki qoshiq orqali suyuqlik berib, uni koʻproq ichishga undashingiz mumkin.
Agar farzandingiz qayt qilsa (qussa), unga oz-ozdan, tez-tez suyuqlik taklif qilish yaxshiroqdir. Masalan, farzandingizga har 5–10 daqiqada bir necha qultum suyuqlik berib turing.
Agar farzandingiz olti oydan katta boʻlsa-da, lekin hali ham emizayotgan boʻlsangiz, tez-tez emizishni davom ettiring. Siz farzandingizga emizishlar oraligʻida qoʻshimcha ORV berishingiz mumkin.
Agar farzandingiz olti oydan katta va sunʼiy oziqlantirilsa, quyidagi suyuqliklarni istalgan nisbatda bering: ORV (ogʻiz orqali beriladigan regidratatsiya vositasi), suyuq ovqatlar (masalan, sutli aralashma, shoʻrva, guruch suvi) yoki toza suv.
Ogʻir holatlarda farzandingiz tanasida suyuqlik darajasini tiklash uchun uni shifoxonaga yotqizish kerak boʻlishi mumkin.
Shifoxonada bolaning suvsizlanish darajasiga koʻra, shifokor tegishli davolash rejasini tanlaydi, kuzatadi va davolaydi.
Suvsizlanishning oldini olish
Kuchli suvsizlanishning oldini olishda eng yaxshi usul farzandingizda koʻp suyuqlik yoʻqotadigan kasallik kechayotgan boʻlsa yoki u umuman ichishni xohlamayotgan boʻlsa, pediatrga murojaat qilishdir. Issiq kunlarda yoki farzandingiz jismoniy faollik bilan shugʻullanayotganda u koʻp suyuqlik ichishi kerak. Farzandingiz xohlagan vaqtda ichishi uchun yetarli miqdorda suv borligiga ishonch hosil qiling. Farzandingizga ichish uchun muntazam tanaffuslar qilishni eslatishingiz kerak.