Ovqatdan zaharlanish

Ovqatdan zaharlanish – koʻngil aynishi, qayt qilish (qusish) yoki diareyaga olib keladigan kasallik. Ovqatdan zaharlanishning sababi notoʻgʻri saqlangan yoki notoʻgʻri tayyorlangan, mikroblar – bakteriyalar, viruslar yoki parazitlar va ularning toksinlari bilan zararlangan oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilishdir. Ovqatdan zaharlanishning oldini olish uchun taom tayyorlaganda tozalikka rioya qiling.
Body

Ovqatdan zaharlanish nima?

Ovqatdan zaharlanish bu – gastroenteritning (oshqozon va ingichka ichakning yalligʻlanish kasalligining) bir turi.

Ovqatdan zaharlanish holatlari salatlar, goʻsht, tovuq, dengiz mahsulotlari, tuxum yoki qaymoq kabi oziq-ovqat mahsulotlari buzilib (aynib) qolganda, ularda mikroblar toʻplanganda sodir boʻladi. Patogen (kasallik chaqiruvchi) mikroblar oziq-ovqatning yaxshi pishmagani, yomon isitilgani yoki toʻgʻri saqlanmagani (muzlatkichda sovitilmagani) sababli toʻplanadi. Oziq-ovqat mahsulotlarini iflos qoʻllar bilan tayyorlaganda yoki iflos oshxona idishlaridan foydalanganda ham bakteriyalar, viruslar yoki parazitlar toʻplanadi.

Ovqatdan zaharlanishga sabab boʻladigan bakteriyalarga stafilokokklar, kampilobakteriyalar, salmonella va ichak tayoqchasi kiradi. Norovirus deb ataluvchi baʼzi viruslar, parazitlar, shuningdek, bakteriyalar ishlab chiqaradigan toksinlar ham oziq-ovqatdan zaharlanishga olib kelishi mumkin.

Ovqatdan zaharlanshning belgilari

Belgilar quyidagilarni oʻz ichiga olishi mumkin:

  • koʻngil aynishi yoki qayt qilish (qusish);
  • qorin ogʻrigʻi va sanchiqlar;
  • qorinning dam boʻlishi;
  • suyuq axlat yoki diareya, baʼzida axlatda qon boʻlishi;
  • bosh ogʻrigʻi;
  • yuqori isitma.

Ovqatdan zaharlanish sifatsiz ovqatni qabul qilgandan so‘ng bir necha soat oʻtgach sodir boʻlishi ehtimoldan xoli emas.

Ovqatdan zaharlanishning belgilari kichik yoshdagi bolalarda katta yoshli bolalar va oʻsmirlarga qaraganda jiddiyroq boʻladi.

Agar farzandingizda ovqatdan zaharlanish alomatlarini sezsangiz, zudlik bilan pediatrga murojaat qiling. Shifokor koʻrigiga qadar suvsizlanishning oldini oling, unga muntazam ravishda iliq suyuqlik berib, suv bilan taʼminlang.

Farzandingizda ovqatdan zaharlanish boʻlsa, pediatrga murojaat qilish kerakmi?

Agar bolada quyidagi belgilar boʻlsa, pediatrga zudlik bilan murojaat qiling yoki tez yordam xizmatini chaqiring (103 raqamiga qoʻngʻiroq qiling):

  • qayta-qayta qayt qilsa (qussa);
  • diareya kuzatilsa va axlatida qon bor boʻlsa;
  • bolaning yomon ahvoli va yuqori tana harorati bilan kechayotgan diareya kuzatilsa;
  • qattiq qorin ogʻrigʻi kuzatilsa;
  • suvsizlanish belgilari kuzatilsa: kam siyish yoki umuman siymaslik, vazn yoʻqotish, charchoq va qattiq chanqash yoki yomon ichishi / icha olmaslik kuzatilsa;
  • bolaning ahvoli juda ogʻir va siz bunga izoh topa olmayapsiz va bundan xavotirdasiz.

Ovqatdan zaharlanishni davolash

Bolada oziq-ovqatdan zaharlanish kuzatilganda zudlik bilan pediatrga murojaat qilishingiz kerak, chunki zaharlanish oqibatlari juda jiddiy boʻlishi mumkin.

Pediatr koʻrigiga yetib olgunga qadar farzandingiz yetarli miqdorda suyuqlik ichishiga ishonch hosil qiling. Eng yaxshisi, bolaga muntazam ravishda oz-ozdan ogʻiz orqali ichiriladigan regidratsion vositani (ORV) berishdir. Bu suvsizlanishning oldini olishga yordam beradi.

Ovqatdan zaharlanishning oldini olish

Ovqatdan zaharlanishning oldini olish uchun birinchi qadam – har doim ovqatlanishdan va ovqat tayyorlashdan oldin qoʻllarni yaxshilab sovun va suv bilan yuvish.

Ovqat tayyorlayotganda:

  • barcha meva va sabzavotlarni tozalab yuving;
  • goʻshtning yangi ekanini va yomon hidi yoʻqligini tekshiring;
  • goʻshtni yaxshilab qovuring va tuxumni qaynatib oling;
  • xom goʻsht va sabzavotlarni bitta taxtachada kesmang;
  • agar betob boʻlsangiz, boshqalarga ovqat tayyorlamang.

Ovqatni yaxshilab isiting (qaynatib oling)

Oziq-ovqatlarning toʻgʻri va kerakli haroratda saqlanishiga hamda mikroblar bilan ifloslanishdan himoyalanganiga ishonch hosil qiling. Oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilishdan oldin qadoqdagi yaroqlilik muddatini tekshirishni unutmang.

Siz koʻchada ovqatlanayotganda:

  • restoran yoki oziq-ovqatni buyurtma bilan olib keladigan joylarning tozaligiga ishonch hosil qiling;
  • ovqatlanish muassasasi xodimlarining zarur tozalik qoidalariga rioya qilishlariga eʼtibor bering, oziq-ovqat mahsulotlari toʻgʻri haroratda saqlanishi va toʻgʻri taqdim etilishini tekshiring;
  • goʻshtning yaxshilab pishganini tekshiring;
  • buyurtma qilingan ovqatni bir necha soat ichida isteʼmol qiling yoki iloji boricha tezroq muzlatkichga qoʻying.