1 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarning oʻzini-oʻzi baholashi haqida
Oʻzini-oʻzi baholash asoslari
Oʻzini-oʻzi baholash (yoki oʻz qadrini bilish) bu – oʻzini-oʻzi qadrlash va oʻzini sevish hissidir. Buni oʻziga bino qoʻyish bilan adashtirmaslik kerak. Oʻzini-oʻzi baholash – oʻziga, kuchli tomonlariga, bilim va koʻnikmalariga ishonish.
Bolalarda oʻzini-oʻzi qadrlash quyidagilarga bogʻliq:
- ularni sevadigan va qadrlaydigan oila va jamiyatga mansub ekanini bilishga;
- oilalari bilan vaqtni yaxshi oʻtkazishlariga;
- ularni yangi koʻnikmalarni sinab koʻrishga undashganda oʻzlari qiziqqan va yaxshi bajara olayotgan mashgʻulotlarini topganda hamda ular uchun muhim boʻlgan narsalar uchun maqtovga sazovor boʻlganda.
Farzandingizda oʻzini-oʻzi qadrlash hissini shakllantirish uchun siz qila oladigan eng muhim qadam bu – uni yaxshi koʻrishingizni aytishdir. Buni tez-tez ayting. Bu bolaga uni qadrlashingizni koʻrsatishning eng yaxshi usuli hisoblanadi.
Farzandingizdagi munosabatlar, aloqalar, aloqadorlik hissi va oʻzini-oʻzi qadrlashi
Bolaga gʻamxoʻrlik qilayotgan boshqa odamlar bilan aloqaga kirishish uning oʻzini-oʻzi qadrlashiga ijobiy taʼsir qiladi. Bu unga oilasidagi va yaqin qarindoshlari orasidagi oʻrnini yanada aniq his qilish imkonini beradi. Doʻstlar va yon-atrofdagi odamlar bilan bogʻlanish farzandingizga boshqalar bilan qanday munosabatda boʻlishni oʻrganishga yordam beradi va oʻziga boʻlgan ishonchini oshiradi.
Mana, munosabatlar orqali farzandingizda oʻzini-oʻzi qadrlash hissini shakllantirish uchun bir nechta fikrlar:
- Farzandingizda oila, madaniyat va atrof-muhitga tegishli boʻlish tuygʻusini mustahkamlang. Masalan, bolaga oilaviy fotosuratlarni koʻrsating va oilaviy hikoyalar bilan oʻrtoqlashing, diniy bayramlar kabi jamoat yoki madaniy tadbirlarda ishtirok eting va uni mahalliy sport klubiga yoki barcha oila a’zolaringiz bilan shugʻullanishingiz mumkin boʻlgan toʻgaraklarga, sayohat va sayrlarga borishini tashkil etishga harakat qiling.
- Farzandingizni oilangizning aʼzosi boʻlishni qadrlashga undang. Buning usuli – uni uy ishlariga jalb qilishdir. Har bir oila aʼzosining uy ishlarida oʻz vazifasi va masʼuliyati boʻlsa, har bir kishi oʻzining muhim va qadrli ekanini his qiladi.
- Farzandingizga uning doʻstlari borligidan xursand ekaningizni koʻrsating va ular bilan tanishing. Uyingizga doʻstlarini olib kelishiga va unga doʻstlarining uyiga borishiga ruxsat bering.
Bola bilan vaqt oʻtkazish va uning oʻzini-oʻzi qadrlash hissi
Farzandingiz bilan vaqt oʻtkazsangiz, u siz uchun muhimligini unga bildirasiz. Biror yumushni birga bajarish oilangizga tegishli boʻlish va birdamlik hissini kuchaytirishga yordam beradi. Bu ham farzandingizning oʻzini-oʻzi qadrlashiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Mana baʼzi fikrlar:
- Oilaviy anʼanalarni yarating. Bunga bola yotishdan oldin ertak oʻqib berish, xayrlashganda oʻpib qoʻyish yoki birga bajariladigan oilangizga xos boʻlgan boshqa usullar kirishi mumkin.
- Oʻzini kerakli his qilishi uchun biror yumushda farzandingiz sizga yordam berishiga ruxsat bering. Maktabgacha yoshdagi bola kechki ovqat uchun dasturxon tuzishda yordam bera oladi.
Farzandingiz bilan muntazam ravishda yakkama-yakka vaqt oʻtkazing. Bu vaqtda siz bolangiz bilan u yoqtirgan mashgʻulotlarni qilishingiz mumkin: chizish, jumboqlarni yigʻish, futbol toʻpi bilan oʻynash yoki pishiriq pishirish.
Yutuqlar, qiyinchiliklar va farzandingizning oʻzini-oʻzi qadrlashi
Muvaffaqiyat va yutuqlar bolaga oʻzini yaxshi his qilishiga yordam beradi. Ammo u har doim ham unga yoqavermaydigan yoki vaqtida bajarolmaydigan ishlarni bajarish orqali ham oʻzini-oʻzi qadrlashi mumkin. Uni saʼy-harakatlari va qatʼiyati uchun maqtashda davom eting. Bu unga boshqa sohalarda yoki keyingi safar muvaffaqiyat qozonishiga yordam berishini eslatib turing.
Farzandingiz muvaffaqiyat qozonishiga, yuqori choʻqqilarga erishishi va omadsizliklarni yengishiga yordam beradigan koʻplab usullar mavjud:
- Farzandingizni muammoga duch kelganda uni xotirjam oʻylashga, boshqalarning nuqtayi nazarini tinglashga va iloji boʻlgan boshqa yechimlarni topishga undang. Bu unda turli vaziyatlarda yordam beradigan muhim koʻnikmalarni shakllantiradi.
- Farzandingizga yangi koʻnikmalarni oʻrganishga va oʻz maqsadiga erishishga yordam bering. Hali kichkintoyligidan boshlab yangi koʻnikmalarni oʻzlashtirganida uni maqtang va ragʻbatlantiring, masalan, velosiped haydashni oʻrganganida. Ulgʻayganida uni sport toʻgaragiga bering va mashgʻulotlarda uning “muxlis”iga aylaning.
- Katta va kichik yutuqlari va muvaffaqiyatlarini nishonlang. Farzandingizning nafaqat natijalarini, balki uning harakatlarini ham maqtashni unutmang. Masalan, “Sen bu jumboqni turli nuqtalarda yigʻib koʻrding va nihoyat toʻgʻri topding. Barakalla!”
- Farzandingizning yutuqlari va muvaffaqiyatlarini eslatuvchi eslatmalarni saqlang. Keyinchalik siz u bilan ushbu esdaliklarni koʻrib chiqishingiz va erishgan yutuqlari haqida gaplashishingiz mumkin.
- Farzandingizga muvaffaqiyatsizlik oʻrganishning bir qismi ekanini tushuntiring. Masalan, agar u toʻpni tutib olishni oʻrganayotganda uni oʻtkazib yuborsa, “Sen hozir muvaffaqiyatga erishasan. Men toʻpni qanday tutishga harakat qilayotganingni koʻryapman. Barakalla”, deb ayting.
- Farzandingiz muvaffaqiyatsizlikka uchraganda oʻziga yaxshi munosabatda boʻlishni oʻrgating. Bunday holda siz oʻzingiz namuna boʻlishingiz mumkin. Masalan: “Men yangi usul boʻyicha pishiriq pishirmoqchi boʻldim, lekin u rasmdagiga oʻxshamaydi. Ammo bu muhim emas. Uning hidi mazali, kel, uni taʼtib koʻraylik!”
Bolalarning oʻzini-oʻzi qadrlashiga nimalar putur yetkazishi mumkin?
Bolalarga ular haqida salbiy fikrlarni aytish oʻzini-oʻzi qadrlashiga yomon taʼsir qiladi. Masalan, “Sen juda immillagansan, quloqsiz, bezorisan...”. Agar bolalar sizga yoqmaydigan ishni qilsalar, ularga nima qilishlari mumkinligini aytish yaxshiroqdir. Masalan, “Sen uy vazifasini bajarmading. Hoziroq oʻtirib, matematika boʻyicha vazifalarni tugatishing kerak”.
Bolalarsiz hayot yaxshiroq boʻlishi mumkin degan soʻzlarni aytish ularning oʻziga boʻlgan qadriyatiga putur yetkazishi mumkin. Masalan, “Agar bolalar boʻlmaganida biz yangi mashina sotib olardik”.
Bolalarga eʼtibor bermaslik, ularga “xalaqit beruvchi” kabi munosabatda boʻlish va ularga qiziqish bildirmaslik bolalarning oʻzini-oʻzi qadrlashiga yomon taʼsir qilishi mumkin. Qanday soʻzlarni gapirish mumkin emasligiga misol: “Men sizlardan qanchalik charchab ketdim”. Bolalar siz bilan gaplashmoqchi boʻlsa, har doim qovogʻingizni solib yoki xoʻrsinib qoʻysangiz, bu ham ularning oʻzini-oʻzi qadrlashiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Boshqa bolalar, ayniqsa, aka-ukasi va opa-singillari bilan salbiy taqqoslash ham foydali boʻlishi gumon. Oilangizdagi har bir bola oʻzifa xosdir, ularning kuchli va zaif tomonlari bor. Agar siz har bir bolaning yutuqlari va muvaffaqiyatlarini alohida tan olsangiz, yaxshiroq boʻladi.
Hamma ota-onalar baʼzida asabiylashadi va charchaydi. Ammo agar ular bolalar tufayli oʻzlarini shunday his qilishlarini koʻrsatishda davom etsa, bolalar oʻzlarini kerak emasdek his qiladi. Boshqa maktabga oʻtish yoki boshqa uy, mamlakatga koʻchish, ota-onadan ayrilish yoki ota-onaning ajrashishi kabi oʻzgarishlar farzandingizning oʻzini-oʻzi qadrlashiga taʼsir qilishi mumkin. Agar oilangiz shunday holatlarni boshidan kechirayotgan boʻlsa, oilaviy anʼanalar va farzandingizning mashgʻulotlarini davom ettirishga harakat qiling. Shuningdek, unga mehr-muhabbat bering. Bu hatto atrofdagi hodisalar oʻzgarganda ham farzandingizga oʻzi va oʻzining shaxsiga yaxshi munosabatda boʻlishga yordam beradi.