Tashqi quloq infeksiyasi
Tashqi quloq infeksiyasi yoki tashqi otit
Farzandingizda tashqi quloq infeksiyasi boʻlsa, quloq pardasining tashqi qismidagi eshituv yoʻlining shilliq qavati yalligʻlanadi.
Suvda koʻp suzadigan bolalar tashqi quloq infeksiyasiga koʻp chalinadi. Buning sababi shundaki, suzishdan keyin quloqlarga kirib saqlanib qolgan suv tashqi quloqning taʼsirlanishini keltirib chiqaradi.
Agar bolaning eshitish yoʻllari paxta oʻralgan choʻplar bilan shikastlangan yoki tirnalgan boʻlsa, tashqi quloq infeksiyalari paydo boʻlishi mumkin. Bunday holda koʻpincha ikkilamchi bakterial yoki zamburugʻ infeksiyasi rivojlanadi.
Ekzema yoki dermatit kabi teri muammolari boʻlgan bolalarda tashqi quloq infeksiyalari koʻproq uchraydi.
Tashqi quloq infeksiyasining tibbiy atamasi – tashqi otitdir. Quloq uchta asosiy qismdan iborat – tashqi quloq (eshitish yoʻli va quloq solinchagi), oʻrta quloq (quloq pardasi orqasida) va ichki quloq (bu tovushni aniqlashga yordam beradigan nervlarga ega).
Tashqi quloq infeksiyasining belgilari
Agar farzandingizda tashqi quloq infeksiyasi rivojlansa, u quloqning ogʻrishi yoki qichishidan shikoyat qilishi mumkin. Kichik yoshdagi bolalar quloqlarini koʻp qashishlari mumkin.
Quloq odatda bitib qolgandek tuyuladi va farzandingizda eshitish muammolari boʻlishi mumkin. Chaynash ogʻriqni kuchaytirishi mumkin.
Baʼzida yalligʻlangan quloqdan qon yoki boshqa ajralmalar kelishi mumkin. Shuningdek, farzandingizning quloq va boʻyin atrofidagi limfa tugunlari ogʻriqli, shishgan boʻlishi mumkin.
Ogʻir tashqi quloq infeksiyalari butun quloqning qizarishi va shishishiga olib kelishi mumkin.
Farzandingizda tashqi quloq infeksiyasi boʻlsa, pediatrga murojaat qilish kerakmi?
Ha, albatta!
Siz bolani pediatrga koʻrsatishingiz kerak, agar:
- farzandingiz uni bezovta qiluvchi quloq ogʻrigʻidan shikoyat qiladi;
- qulogʻidan ajralmalarning kelishi kuzatiladi;
- butun quloq qizarib, shishib ketadi;
- farzandingizning umumiy ahvoli yomon, tana harorati yuqori yoki qayt qiladi (qusadi);
- farzandingiz tez-tez tashqi quloq infeksiyasi bilan kasallanadi;
- sizning fikringizcha, bolangizda eshitish muammolari bor.
Tashqi quloq infeksiyasini davolash
Koʻpincha tashqi quloq infeksiyasini davolash uchun pediatr antibiotik buyuradi.
Tashqi quloqning yanada jiddiy infeksiyalarida pediatr bolaning qulogʻini pilik (kichik bir doka boʻlagidan yasalgan moslama) bilan quritishi mumkin. Pilik eshitish yoʻlini tozalaydi va quritadi.
Farzandingiz tashqi quloq infeksiyasi bilan kasallansa, u quloqqa tegmasligi yoki qichimasligi kerak. Yana quloq doimo quruq boʻlishi kerak, shu sababli quloq infeksiyasi toʻliq tuzalib ketmaguncha bola suzmasligi va quloqni namlashi kerak.
Agar bolada ogʻriq boʻlsa, parasetamol yoki ibuprofenni shifokor tavsiya etgan dozada berish mumkin.
Tashqi quloq infeksiyasining oldini olish
Farzandingiz tez-tez tashqi quloq infeksiyasiga duchor boʻlsa, siz suzish va choʻmilishdan keyin quloqlarini quriting. Quloqlariga mos keladigan sifatli quloq tiqinlari bu holatning oldini olishga yordam beradi. Bolaning qulogʻini choʻpga oʻralgan paxta bilan tozalashdan saqlaning. Bolaning quloqlarini quritish uchun choʻpga oʻralgan paxta oʻrniga sochiqning uchi bilan artib oling.