Oddiy gerpes virusi keltirib chiqargan ogʻiz boʻshligʻi infeksiyasi
Bola birinchi marta oddiy gerpes virusi bilan kasallangan boʻlsa, u ogʻiz boʻshligʻi infeksiyasini keltirib chiqaradi. Ushbu infeksiya koʻpincha bolaning milklarida ogʻriqlar va ogʻzida yaralar paydo boʻlishiga olib keladi. Bunday holat ogʻiz boʻshligʻi va milklarning gerpetik yalligʻlanishi deb ataladi.
Oddiy gerpes virusi birinchi marta kasallangandan soʻng virus tananing asab hujayralari ichida “uxlaydi”. Immun tizimingiz kuchsizlanganda virus “uygʻonib”, lablarda yaralar paydo boʻlishiga olib keladi, masalan, shamollash, gormonal oʻzgarishlar yoki oftob urishi kabi holatlarda.
Virus, shuningdek, katta qizlarda hayz davrida qoʻzgʻalishi mumkin.
Oddiy gerpes virusi juda yuqumli va pufakchalar paydo boʻlishidan oldin tarqalishi mumkin.
Oddiy gerpes keltirib chiqargan ogʻiz infeksiyasi belgilari
Farzandingiz ogʻzidagi ogʻriqlardan shikoyat qilishi mumkin. Uning lablari, milklari va tomoqlarida ham ogʻriq kuzatiladi.
Ogʻiz boʻshligʻi shilliq pardasi shishgan, qizargan boʻlishi va koʻplab mayda pufakchalar yoki yaralarni koʻrishingiz mumkin.
Kichik yoshdagi bolalar ovqat yoki suyuqlikni rad etishlari mumkin va ularda koʻp miqdorda soʻlak oqadi. Farzandingiz bezovta boʻlishi va koʻp yigʻlashi mumkin. Shuningdek, unda isitma va limfa bezlari kattalashgan boʻlishi ehtimoli bor.
Kasallik odatda 3–4 kun ichida oʻtib ketadi va pufakchalar 7–10 kundan keyin hech qanday chandiq qoldirmasdan butunlay yoʻqoladi.
Oddiy gerpes keltirib chiqargan ogʻiz infeksiyasi asoratlari
Ogʻiz infeksiyasining asosiy asorati tanaga yetarli miqdorda suv kirmasligi va suvsizlanish. Buning sababi shundaki, ogʻiz boʻshligʻi va milklarning gerpetik yalligʻlanishida yutish ogʻriqli va qiyin boʻladi. Baʼzida ogʻizdagi yaralarga infeksiya tushishi mumkin.
Suvsizlanish belgilari quyidagilardan iborat:
- bolaning chanqashi yoki suyuqlikni yomon ichishi;
- koʻzlarning ichiga botishi – kirtayishi;
- ogʻir hollarda uyquchanlik;
- bezovtalik;
- siydikning kamayishi.
Juda kam hollarda оddiy gerpes virusi miya toʻqimalarining yalligʻlanishi – ensefalitga olib kelishi mumkin. Bu harakatlar oʻzgarishiga, uyquchanlikka va shaytonlashga olib kelishi mumkin.
Kasallik yoki dori-darmonlar ichish sababli immun tizimi kuchsizlangan bolalarda ogʻiz infeksiyasi va ensefalit rivojlanish xavfi yuqori boʻladi. Yoshi uch oygacha boʻlgan chaqaloqlar xavf guruhiga kirgani uchun ularni darhol pediatrga koʻrsatish kerak.
Oddiy gerpes tufayli ogʻiz boʻshligʻi infeksiyasiga shubha boʻlsa, bolani pediatrga koʻrsatish kerakmi?
Farzandingizda suvsizlanish belgilari borligi uchun xavotirda boʻlsangiz, zudlik bilan pediatrga yoki tez tibbiy yordam boʻlimiga murojaat qiling.
Eʼtiborsiz qoldirmang va tibbiy yordamga darhol murojaat qiling, agar:
- bolaning umumiy holati yomon boʻlsa;
- ovqat va suyuqliklarni rad etsa;
- siyishi odatdagidan kam boʻlsa;
- hushi pasaygan, uyquchan yoki oʻzini tutishida oʻzgarish boʻlsa;
- bir necha kundan keyin ahvoli yaxshilanmasa;
- yoshi 3 oydan kichik boʻlsa yoki immun tizimi zaiflashgan boʻlsa.
Oddiy gerpes keltirib chiqargan ogʻiz boʻshligʻi infeksiyasini davolash
Farzandingizga ogʻriqni yengillashtirish uchun paratsetamol yoki ibuprofenni shifokor tavsiya etgan miqdorda bering.
Ogʻriqni kamaytirish uchun shifokor koʻrigidan soʻng bolaning ogʻzidagi yaralarga surkaladigan ogʻriq qoldiruvchi vositalardan foydalanish mumkin.
Farzandingizga iloji boricha suyuqlikni oz miqdorda boʻlsa ham tez-tez bering. Bolaga dorixonalarda sotiladigan ogʻiz orqali ichiriladigan regidratatsion vositaning (ORV) tayyor eritmasini yoki kukunini olib eritma tayyorlab ichirish mumkin.
Farzandingiz shishachadan ichishga odatlangan boʻlsa, kasallik oʻtib ketguncha uni piyola va qoshiqcha orqali ovqatlantirish oson boʻladi. Farzandingiz ovqatdan bosh tortsa, unga juda yumshoq meva va sabzavot pyurelarini iliq holda bering.
Kasallik ogʻir holda kechsa yoki bolangizda jiddiy xavf boʻlsa, shifokor davolash rejasini tuzadi.
Oddiy gerpes keltirib chiqaradigan ogʻiz boʻshligʻi infeksiyasining oldini olish
Oilangiz aʼzolarining birida oddiy gerpes keltirib chiqargan ogʻiz infeksiyasi boʻlsa, boshqa oila aʼzolari pufakchalar bilan bevosita aloqada boʻlmasliklari kerak. Bundan tashqari, uy-roʻzgʻor buyumlari, idish, piyola va sochiqlardan birgalikda foydalanmaslik kerak.