Ogʻriqli va yorilgan soʻrgʻichlar (koʻkrak yoriqlari)

Koʻkrak soʻrgʻchining ogʻrishi va yorilishi keng tarqalgan muammo hisoblanadi, ayniqsa emizishning boshida koʻp kuzatiladi. Ular emizishni qiyinlashtirishi, bezovtalikni keltirib chiqarishi va baʼzida emizishdan bosh tortishga olib kelishi mumkin. Baxtimizga, bu muammoning oldini olish va agar yuzaga kelgan boʻlsa, uni tez va muvaffaqiyatli davolash usullari bor.
Body

Koʻkrak soʻrgʻichlari ogʻriqli boʻlishining eng koʻp uchraydigan sababi emizish texnikasining buzilishidir. Bu bola koʻkrakka notoʻgʻri tutilganda, yaʼni emish vaqtida koʻkrakni ogʻziga toʻliq ololmaganida kelib chiqadi.

Boshqa sabablarga quyidagilar kirishi mumkin:

  • sut bezlarining notoʻgʻri gigiyenasi: koʻkrakni oddiy sovun bilan tez-tez yuvish va spirt tutuvchi vositalar bilan artish uni “quritadi”, zaiflashtirib, kichik yoriqlar paydo boʻlishiga olib keladi, ular esa keyinchalik ogʻriqli yoriqlarga aylanadi;
  • koʻkrak bezining dagʻallashishi;
  • infeksiya (masalan, bolaning ogʻiz boʻshligʻidagi zamburugʻli bakteriyalar, qoʻpol tarzda sogʻish, bolaning birinchi tishlari bilan zarar yetishi);
  • til yuganchasining kaltaligi;
  • individual sezuvchanlik.

Alomatlar va belgilar

  • Areola yoki soʻrgʻicnlarda ogʻriq boʻlishi.
  • Emizgandan soʻng, koʻkrak soʻrgʻichi notekis, issiq, qizargan, qiyilgan va qontalashgan boʻlishi.
  • Koʻkrakning oʻzi dagʻallashgan va shishgan boʻlishi, sutda qon aralashmalari yuzaga kelishi mumkin.

Yorilishning oldini olish

Agar koʻkrakdagi yoriqlarning sabablarini bilsangiz, ularning oldini qanday olish mumkinligini ham bilasiz. Koʻkrak bilan emizish ogʻriqli boʻlmasligi kerak; bolaning ogʻzidan soʻrgʻichni chiqarganingizda u yassi va shakli oʻzgargan boʻlmasligi lozim.

  • Bolaning koʻkrakka qanday tutilganini tekshiring, agar zarur boʻlsa, uning holatini toʻgʻrilang.
  • Qoʻlingizni muntazam yuving.
  • Agar zamburugʻli infeksiya rivojlansa, uni davolash kerak.
  • Emizish uchun moʻljallangan moslamalardan foydalanishdan saqlaning, chunki ular infeksiyani keltirib chiqaradi.
  • Emizishdan soʻng koʻkrak soʻrgʻichini iliq suv bilan yuving, quriting (yengil teginishlar bilan, qoʻpol ishqalamasdan) va tiklanish uchun soʻrgʻich sohasiga koʻkrak sutini surting va keyin koʻkrakni bir muddat ochiq qoldiring.

Davolash

  • Sut oqimini ragʻbatlantirish uchun emizishdan oldin koʻkrakka iliq kompresslar qoʻying; ogʻriq emizishning boshida, sut oqa boshlagunga qadar kuchli boʻladi.
  • Har bir emizishni kamroq ogʻriyotgan koʻkrakdan boshlang.
  • Emizish davriyligini cheklamang; emizish sonini kamaytirmang.
  • Agar shikastlangan joydan qon koʻp ketsa, 1–2 kun davomida bu koʻkrakdan emizmang. Shu vaqt ichida uni har 2–3 soatda qoʻlda sogʻish orqali muntazam ravishda sutdan boʻshating. Bolaga sutni choyqoshiqda bering.

Bu choralarning barchasi bir necha kun ichida yaxshilanishga olib kelishi kerak. Agar bezovtalik ketmasa, qizarish va ogʻriq koʻrinishida achishish hali ham bor boʻlsa, sizda soʻrgʻichlarning infeksiyasi boʻlishi mumkin. Uni koʻpincha bakteriyalar (tillarang stafilokokk) yoki zamburugʻlar (kandida) qoʻzgʻatadi, shuningdek, ular aralash uchrashi ham mumkin. Davolash uchun siz shifokorga murojaat qilishingiz kerak. Shifokor chaqaloq bilan bogʻliq muammo, masalan, davolanishi kerak boʻlgan zamburugʻli infeksiya (kandidoz) yoki tuzatish kerak boʻladigan tilning kalta yuganchasi bor-yoʻqligini tekshiradi.

Soʻrgʻichlar emizish uchun juda ogʻriqli boʻlsa ham, siz bolani emizishingiz uchun sutni sogʻishingiz kerak boʻladi. Agar koʻkrakni muntazam boʻshatmasangiz, sut yoʻllari berkilib, mastit paydo boʻlishi mumkin. Koʻkrakni sutdan muntazam boʻshatmaslik sut ishlab chiqarishning kamayishiga ham olib keladi.

Agar koʻkrak suti bilan emizish boʻyicha savollaringiz yoki shubhalaringiz boʻlsa, shifokoringiz yoki oila hamshirasiga murojaat qiling, ular sizga maxsus yordam va maslahat beradilar, tinchlanishga ham yordamlashadilar. Bundan tashqari, emizish haqida qoʻshimcha maʼlumot olish uchun “Bebbo” ilovasidan foydalaning.