Oilamga yordam beruvchi yumushlar
Kerak boʻladigan materiallar: qogʻoz, qalam, tasma shaklida qirqilgan qogʻoz boʻlaklari. Har bir boʻlakka farzandingiz bajara oladigan kundalik uy yumushlari nomi yoziladi. Masalan: yuviladigan kiyimlarni savatchaga sol, xatlarni pochta qutisidan olib, stol ustiga qoʻy, nonushta uchun stolga sanchqi va qoshiqlarni olib kel, zinapoyalarni supurib ol. (Bu vazifalar sizning turmush tarzingiz va oilaviy sharoitingiz, shuningdek, farzandingizning layoqatidan kelib chiqqan holda tuziladi).
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: farzandingiz bilan u qay darajada ulgʻaygani haqida suhbatlashing. Unga siz va boshqa oila aʼzolariga yordamlashishi uchun vazifa tanlashni taklif qiling. Qogʻozlarga yozilgan baʼzi vazifalarni ovoz chiqarib oʻqib bering (yoki vazifalar yozilgan qogʻozlar solingan qopchadan koʻzlarini yumgan holda biror vazifa tanlashini soʻrang). Bu vazifalarni farzandingiz bir hafta yoki siz istagan muddat davomida bajarishiga kelishib oling. Vazifani har hafta oʻzgartirishingiz mumkin boʻladi (koʻplab maktabgacha taʼlim muassasalarida bolalarga sinfda bajarish uchun vazifalar beriladi).
Zarurat boʻlsa, bu ish qanday bajarilishini farzandingizga koʻrsatib bering va uni qoʻllab-quvvatlab turing. Bola erishayotgan natija qanday boʻlishidan qatʼi nazar uni maqtang. Shunchaki “Yaxshi bajaribsan” deb emas, aniq qilib: “Stolni juda yaxshi artibsan. Endi chindan ham toza boʻlibdi” deb maqtang. Ayniqsa, u vazifani mustaqil bajarganini eʼtirof eting.
Farzandingiz nimani oʻrganadi: bolangiz uning yangi koʻnikmalari oʻzi va oila aʼzolari uchun (keyinchalik sinfi va jamoasi uchun) qanchalik muhim ekanini bilib oladi. U oʻz-oʻziga xizmat qilish (masalan, mustaqil ravishda kiyinish) va oila hayotida ishtirok etish uchun koʻplab koʻnikmalarni hosil qiladi. Ushbu asta-sekin oʻsib borayotgan mustaqillik ijobiy rivojlanish belgisidir.