Oldindan rejalashtirish: xulq-atvorni boshqarish vositasi

Baʼzi vaziyatlar bolangizni ogʻir xatti-harakatlarga olib kelishi mumkin, masalan, mashinada sayr, xarid yoki mehmon kutish. Oldindan rejalashtirish esa siz va farzandingiz uchun qiyin vaziyatlarni yengishda yordam beradi. Yaxshi xulq-atvorni oldindan rejalashtirish uchun ushbu qoʻllanmadagi yetti qadamdan foydalaning. Ishni qiyin vaziyatlarni aniqlashdan boshlang.
Body

Nima uchun oldindan rejalashtirish xatti-harakatlarni boshqarishga yordam beradi?

Bozor-oʻchar, mashinada sayr qilish, telefon qoʻngʻiroqlari, shaxsiy uchrashuvlar, doʻstlarni ziyorat qilish – bu vaqt davomida bolaning ehtiyojlarini qondirish va u xohlagan narsaga erishish qiyin boʻlishi mumkin.

Bu kabi vaziyatlarda farzandingiz tomonidan ogʻir xulq va siz tomondan umidsizlik, bosim yoki gʻazablanish xavfi mavjud. Buning bir qancha sababi bor:

  • Siz nimadir qilish bilan birga, bolaga ham gʻamxoʻrlik qilishga urinyapsiz.
  • Siz biror ish qilishingiz yoki maʼlum joyda boʻlishingiz kerak.
  • Farzandlaringiz zerikkan.

Oldindan rejalashtirish ushbu qiyin vaziyatlarni yaxshiroq hal qilishga yordam beradi. Buning uchun sizga yetti bosqichdan iborat chora-tadbirlarni keltirib oʻtamiz. Ushbu qadamlar sizning xatti-harakatlaringiz bilan bogʻliq muammolarga nima sabab boʻlayotgani va agar ular paydo boʻlsa, ular bilan qanday kurashish haqida oʻylashga yordam beradi.

1. Qiyin vaziyatlarni aniqlang.

Oldindan rejalashtirishdan oldin, siz va farzandingiz uchun qiyin boʻlgan vaziyatlarni aniqlashingiz kerak. Farzandingizning xatti-harakatidan stress, umidsiz yoki xijolat boʻlgan paytlaringiz boʻlishi mumkin.

Birinchidan, vaziyatni nima murakkablashtirayotganini tushunishga harakat qiling. Juda koʻp talablar, vaqt yetishmasligi yoki zerikishmi? Balki, atrof-muhit bolaning xatti-harakatini qiyinlashtirar – masalan, doʻkon rastasidagi shirinliklar uni vasvasaga tushiradimi?

Vaziyatdan qochish yoki biro kimdan yordam soʻrash mumkinligini ham oʻylab koʻring. Misol uchun, juftingiz bozorga ketsa, siz bola bilan uyda qolasiz.

Agar vaziyatdan qochib qutula olmasangiz yoki farzandingiz yaxshiroq kurashishni oʻrgansa, bu foydali deb oʻylasangiz, oldindan rejalashtirish yaxshi yordam beradi. Quyidagi qadamlar sizni bu borada baʼzi gʻoyalar bilan tanishtiradi.

Farzandingizning muhitini oʻzgartirish orqali yaxshi xulq-atvorni ragʻbatlantirish haqida koʻproq maʼlumotga ega boʻling.

2. Umidlarni aniq belgilang.

Qiyin vaziyatga tushishdan oldin bola bilan gaplashib oling. Nimani kutayotganingiz va qanday xatti-harakatlar maqbulligini aniq bilish yordam beradi.

Kichkintoylar va maktabgacha yoshdagi bolalar bilan nima kutayotganingizni muhokama qilish mumkin. Maktab yoshidagi bolalarning esa oʻz gʻoyalari boʻladi, shuning uchun baʼzi aniq qoidalarni birgalikda ishlab chiqing. Bu qadam ushbu yoshdagi bolalar bilan muzokaraga koʻproq oʻxshaydi, ammo yakuniy soʻzni siz aytasiz.

Qoidalar aniq, sodda va siz koʻrmoqchi boʻlgan xatti-harakatlarga qaratilgan boʻlishi kerak. Misol uchun, shifokor xonasi uchun qoidalar: “Past ovozda gapir”, “Tegishdan oldin soʻra”, “Oʻyinchoq va jurnallarga ehtiyot boʻl”, “Yonimda polda oʻyna”. Agar qoidalar juda koʻp boʻlmasa, bolakay ularni eslab qoladi.

Qoidalar buzilganda emas, ularga rioya qilinganda nima boʻlishini oldindan kelishib olish ham yaxshi. Masalan, shifokor xonasida unga shunday deyishingiz mumkin: “Agar yonimda oʻtirsang va biror narsaga tegishdan oldin soʻrasang, oʻyinchoq oʻynashing yoki kitob oʻqishing mumkin. Agar yonimda oʻtirmasang yoki soʻramasdan biror narsaga teginsang, yonimdagi kursida bir daqiqa davomida qimirlamay oʻtirasan”.

Farzandingiz qoida va uning oqibatlari haqida barini tushunganiga ishonch hosil qiling. Buni qiyin vaziyatga tushishdan oldin, masalan, shifokor xonasiga kirmay turib takrorlang.

Oilaviy qoidalar yaqinlaringizga yaxshi munosabatda boʻlishga va xotirjamlikka zamin yaratadi.

3. Farzandingizni “oʻquvchi” deb hisoblang.

Bolada qiyin xulq-atvor paydo boʻlishi ehtimoldan xoli emas, chunki uning vaziyatni hal qilish qobiliyati yoʻq. Oʻzingizdan soʻrang: farzandingiz qiyin vaziyatlarda qanday harakat qilishni oʻrganishi uchun koʻmak berolasizmi? Bu yerda bir nechta taklif mavjud:

Farzandingizga mashq qilish va muvaffaqiyatga erishish imkoniyatini bering

Bolangiz oʻzini tutishning yangi usulini oʻrganayotganda, agar bu xatti-harakatni mashq qilsa va osonroq vaziyatlarda bu usulni qiynalmay qoʻllay boʻlsa, bu unga katta yordam beradi. U oʻzini oson idora eta olsa, yanada qiyin vaziyatlarni sinab koʻrishga qodir boʻladi. Mana bir nechta misollar:

  • Bozorlik: Bir nechta mahsulot uchun qisqa xarid sayohatlarini rejalashtiring.
  • Mehmondorchilik: Doʻstingiz yoki qarindoshingiz bilan kichik tashriflar tashkil qiling.
  • Telefon qoʻngʻiroqlari: qisqa telefon suhbatlarini tashkillashtiring.

Farzandingiz qachon eng yaxshi holatda boʻlishi mumkinligini oʻylab koʻring

Iloji boʻlsa, bolaning kundalik ishlari bilan bogʻliq qiyin vaziyatlarni rejalashtiring. Misol uchun, u uxlab turgach yoki tamaddi qilgandan soʻng darhol uchrashuv tayinlashga harakat qiling.

Farzandingiz qanday koʻnikmalarni oʻrganishi kerakligini aniqlang

Misol uchun, agar telefondagi suhbat mobaynida biror muammo yuzaga kelsa, bolakay “Kechirasiz” deyishni, javobingizni qanday kutishni, qanday qabul qilishni, qanday band va jim turishni oʻrganishi kerak. Buni muhokama qilish mumkin. Shuningdek, bolangizga bu ishlarni qanday amalga oshirishni koʻrsatish va vazifalarni bajarganda maqtashingiz mumkin.

4. Farzandingizga qanday qilib band va mashgʻul boʻlishiga yordam berishni rejalashtiring.

Kichkintoylar uchun ularni murakkab vaziyatlarda band qiluvchi tadbirlarni rejalashtiring. Ichimlik, tamaddi va bir nechta kichik, ammo qiziqarli narsalar – qogʻoz va rangli qalamlar, stikerlar yoki kubchalar bilan “safarxalta” tayyorlang.

Sizning yordamingiz bilan maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar qiziqarli mashgʻulotlarni mustaqil rejalashtirishlari va siz ularni oʻz ishingizga jalb qilishingiz mumkin. Misol uchun, bozorlik qilayotganda unga rastadan kerakli narsalarni topib, savatga solib qoʻyishni yoki yorliqlardagi rang va soʻzlarni aniqlashni aytishingiz mumkin. Pochta boʻlimida navbatda turganda “Men aygʻoqchilik qilyapman” yoki “Men kimman?” kabi sokin oʻyinlarni oʻynashingiz mumkin.

Faqat avtomobil sayohatlari yoki telefon qoʻngʻiroqlari uchun maxsus mashgʻulotlaringiz ham boʻlishi mumkin. Ularning qatoridan audiokitob, musiqa, stiker va boshqalar oʻrin oladi.

5. Yaxshi xulq-atvorni mukofotlang.

Qiyin vaziyatda sizga yoqadigan xatti-harakatni topib, mukofotlang. Baʼzan bolangiz oʻz mashgʻulotidan zavqlanayotganingizni bilishi uchun qilib turgan ishingizni toʻxtating.

Balki, uni eslab qolish qiyindir, ammo maqtov bolaning oʻz xatti-harakatini takrorlash ehtimolini oshiradi. Tanqiddan koʻra koʻproq olqishlang. Har safar bir marta salbiy gapirganingiz hisobiga uni olti marta maqtashga harakat qiling.

Misol uchun, xarid davomida bolangizni sizdan uzoqlashib ketib qolmagani, past ovozda gapirgani va kerakli narsalarni topishga yordam bergani uchun maqtashingiz mumkin. Telefonda suhbatlashayotganingizda jimgina oʻynagani uchun kichkintoyni maqtash maqsadida gaplashishdan biroz toʻxtasangiz boʻladi.

6. Sizga yoqmagan xatti-harakatlarning oqibatlaridan foydalaning.

Agar yuqoridagi amallarni bajarsangiz, bola oʻzini yaxshi tutishi ehtimoli koʻproq. Ammo farzandingiz notoʻgʻri yoʻl tutsa, qanday oqibatlarga olib kelishini rejalashtirgan maʼqul.

Quvonarlisi shuki, siz uyda ishlatadigan koʻpgina effektlarni bir nechta oʻzgartirish bilan boshqa joylarda ham qoʻllashingiz mumkin. Misol uchun, agar uyda taym-aut (tanaffus)dan foydalansangiz, supermarketda ham bu usulni qoʻllashingiz mumkin. Masalan, farzandingizdan bir muddat yoningizda oʻtirish yoki turishini soʻraysiz.

7. Qoʻshimcha suhbat oʻtkazing.

Qiyin vaziyatga tushib qolgach ham bolakay bilan gaplashib olish foydali. Suhbat davomida u nimani yaxshi qilganini taʼkidlab, birgalikda erishayotgan yutuqlaringizni qayd eting.

Bundan tashqari, farzandingiz kelajakda boshqacharoq bajarishi mumkin boʻlgan bir-ikkita ishni koʻrsatish mumkin.