Ortiqcha vaznli va semizlik kuzatilgan bolalar uchun umumiy tavsiyalar
Bolada meʼyordan ortiqcha ovqatlanish va / yoki kam jismoniy faoliyat natijasida ortiqcha vazn yuzaga kelishi mumkin. Bunga bolaning atrof-muhiti va uni parvarish qilish uslubining oʻzgarishi, shuningdek, nasliy kasalliklar sabab boʻlishi mumkin. Tana vaznining haddan tashqari koʻpayishi bolalik davrida ham, keyinchalik katta yoshda ham sogʻliqda koʻplab muammolarga – suyak va boʻgʻimlarning deformatsiyalari, yurak va qon tomirlari kasalliklari, diabetga; ruhiy muammolar – depressiya va oʻz imkoniyatini past baholashga olib kelishi mumkin.
Agar bolangiz ortiqcha vazn qoʻsha boshlaganini koʻrsangiz, uni shifokor / pediatrga chuqurroq tekshirish uchun olib boring.
Goʻdaklar uchun tavsiyalar
Goʻdak uchun eng yaxshi ozuqa tarkibida barcha kerakli oziq moddalarni muvozanatli nisbatda tutuvchi ona sutidir. Shuning uchun ona suti birinchi 6 oy ichida va undan keyin sutsiz oziq-ovqat mahsulotlarini kiritishda yagona oziq-ovqat sifatida tavsiya etiladi.
6 oydan katta bolalar uchun tavsiyalar
Farzandingiz 6 oydan katta boʻlsa, ovqatlanish boʻyicha tavsiyalarga muvofiq kerakli miqdorda va oraliqda qoʻshimcha ovqat yeyishiga ishonch hosil qiling. Agar bunday boʻlmasa, kerakli oʻzgarishlarni amalga oshiring. Bolaga beriladigan qoʻshimcha ovqatga shakar qoʻshmaslik haqidagi tavsiyalarga amal qiling. Farzandingizga beriladigan qoʻshimcha ovqatga tuz qoʻshmang.
Farzandingizni qanday ovqatlantirayotganingizga eʼtibor bering. Tayyorlangan barcha ovqatlarni yeyishga uni majburlamang. Uning toʻyganlik hissini hurmat qiling. Oʻz qoʻllari bilan mustaqil ovqat yeyishini ragʻbatlantiring, chunki bunda u qachon toʻyishini biladi. Farzandingizning harakatini va jismoniy faolligini ragʻbatlantiring va polda turli xil holatlarda kamida 30 daqiqa interfaol oʻyin oʻynash uchun sharoit yarating. Yoshi va ehtiyojiga qarab unga tungi uyqu uchun 12 dan 17 soatgacha vaqt ajrating. Yoshligidanoq toʻgʻri ovqatlanish va jismoniy faollik boʻyicha tavsiyalarga amal qilish bolaning sogʻlom turmushi va muvaffaqiyatli kelajagi uchun imkoniyatlarini oshiradi.