Ota-onalar va ekran oldida oʻtadigan vaqt: bolalarga oʻrnak boʻlish
Gadjetlardan qanday qilib toʻgʻri foydalanish mumkin?
Gadjetlardan toʻgʻri foydalanish – texnologiyalardan oqilona va meʼyorida foydalanishdir.
Bu yerda gap sizning ekran oldida nima uchun va qancha vaqt oʻtkazishingiz haqida, bundan tashqari, ekran oldida vaqt oʻtkazish – hordiq chiqarish va zavqlanishning yagona usuli emas, balki usullaridan biri ekani haqida ketyapti.
Gadjetlardan foydalanishga boʻlgan munosabatingiz bolangizga qanday taʼsir qiladi?
Gadjetlardan qanday foydalanishingiz farzandingizga kuchli taʼsir koʻrsatadi va u ulgʻaygani sari sizning xatti-harakatlaringizni oʻzlashtiradi.
Agar bir muddat ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarni varaqlab, keyin oilangiz bilan sayrga chiqishni yoqtirsangiz, farzandingiz ijtimoiy tarmoqlar shunchaki zavqlanish va hordiq chiqarishning bir usuli ekanligini tushunadi. Shu bilan birga, bolangizda vaqtni boshqacha usulda oʻtkazish ham mumkinligi toʻgʻrisida tasavvur hosil boʻladi. Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun ijodkorlik va faollikni kuchaytiradigan turli variant va materiallarga ega muhit yarating – ushbu ilovadagi maqolalardan koʻplab tavsiya va fikrlarni topishingiz mumkin.
Lekin sizni bir soat davomida tarmoqda boʻlmaganingiz bezovta qilsa, buni bolangiz umuman boshqacha tushunadi. Vannaxonaga choʻmilish uchun kirganingizda ham telefonni oʻzingiz bilan olib kirishingiz esa telefonsiz tura olmasligingizni koʻrsatadi.
Gadjetlar ota-ona va bolalar oʻrtasidagi muloqotga ham xalaqit beradi – misol uchun, ota-onalar telefoniga kelgan xabarlarni oʻqish uchun farzandlari bilan boʻlayotgan suhbatni toʻxtatishi mumkin. Bunday holat muntazam ravishda takrorlansa, farzandingiz oʻzini sizga keraksizday his qiladi. Bu esa bolaning sabasiz hiqillashiga yoki jazavaga tushishiga olib kelishi mumkin, chunki bola oʻzining yaxshi xulq-atvori bilan ota-onasining diqqatini jalb qila olmayotganini biladi.
Shaxsiy namuna koʻrsatish orqali bolaga gadjetlardan toʻgʻri foydalanishni oʻrgatish boʻyicha tavsiyalar
Gadjetlardan toʻgʻri foydalanish borasida farzandingizga yaxshi namuna koʻrsatish uchun qoʻllashingiz mumkin boʻlgan bir nechta tavsiyalarni keltiramiz:
- Farzandingiz bilan qolish uchun telefoningizni bir muddat chetga surib qoʻyishga odatlaning. Bu ishni bolajoningiz MTT dan kelganida, ishdan qaytganingizda, oilaviy ovqatlanib oʻtirganingizda yoki kichkintoyingiz bilan koʻchada sayr qilib yurgan vaqtingizda amalga oshirishingiz mumkin.
- Birov bilan, ayniqsa, farzandingiz bilan gaplashib turganingizda matnli xabar yoki ijtimoiy tarmoqlaringizda yangilanish boʻlgani haqida ogohlantirish olsangiz, ularni koʻrish uchun suhbatning yakunlanishini kuting.
- Kechasi oʻzingiz bilan yotoqxonaga telefon, planshet yoki noutbuk olib kirmaslikka harakat qiling. Ularni kechqurun mehmonxona yoki boshqa xonada quvvatlash uchun qoldiring.
- Oilaviy ovqatlanish vaqtida yoki “fon” sifatida ishlayotganda televizorni oʻchirib qoʻying. Uning oʻrniga musiqa qoʻyganingiz maʼqul.
- Farzandlaringiz bilan gadjetlardan fodalanishning oilaviy jadvalini tuzib chiqing. Javalning turli qismlari turli yoshga taalluqli boʻlishi kerak. Bu jadvalda 2 yoshgacha boʻlgan bolalar gadjetlardan foydalanmasligi, maktabgacha yoshdagi bolalarning esa vaqti cheklanganligi koʻrsatilishi kerak. Jadvalga ovqatlanish vaqtida hech kim telefondan foydalanmasligi toʻgʻrisidagi qoidani kiritish mumkin. Birinchi navbatda oʻzingiz ushbu qoidalarga amal qiling!
- Gadjetlardan ijobiy maqsadlarda foydalaning – masalan, matnli xabarlar yuboring, oilangiz va doʻstlaringiz bilan aloqani mustahkamlash uchun videoqoʻngʻiroqlar qiling va ijtimoiy tarmoqlardan foydalaning. Bu cha qaloqlar va kichik yoshdagi bolalar uchun gadjetlardan foydalanishga ruxsat berilgan yagona holatdir.
- Gadjetlarni ishlatganingizda tanaffus qiling va munatazam ravishda harakatlaning. Gavdani tik tutib turish uchun esa uskunangizni koʻz balandligida ushlang.
- Mashinada yoki ish yuzasidan uzoq safar vaqtida farzandingizni band qilish maqsadida gadjetlardan muntazam foyalanish holatlariga yoʻl qoʻymang. Bolajoningiz uchun mashgʻulot turini almashtirishga harakat qiling, masalan, “Kim topqir?” oʻyinini oʻynang yoki birga kitob oʻqing, rasm chizing.
Shaxsiy namuna koʻrsatish orqali bolaga ijtimoiy tarmoqlardan toʻgʻri foydalanishni oʻrgatish boʻyicha tavsiyalar
Ijtimoiy tarmoqlardan toʻgʻri foydalanish sizga doʻstlar bilan aloqada qolish, oʻz qiziqishlaringizni qondirish, oxirgi yangiliklardan, farzandingizning maktab va sport tadbirlaridagi muvaffaqiyatlaridan xabardor boʻlib turishingizga yordam beradi.
Ijtimoiy tarmoqlardan foyalanishni yoqtirsangiz, bu borada ham farzandizga oʻrnak boʻlishingizga koʻmaklashadigan koʻpgina usullar mavjud:
- Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifangizning maxfiylik sozlamalarini muntazam ravishda tekshirib turing.
- Rasm yuklaganda, izoh qoldirganda eʼtiborli boʻling, shuningdek, sizni belgilashgan rasm va siz haqingizdagi izohlarni nazorat qiling. Xabar yozganda doim xushmuomala boʻling.
- Yoshi kattaroq bolalaringiz bilan itimoiy tarmoqlardan qanday foydalanishingizni muhokama qiling. Shunda ular ijtimoiy tarmoqlardan oʻzlari qanday foydalanayotgani toʻgʻrisida ochiq gaplasha oladi. Bir-biringizga qiziqarli havolalarni ulashsangiz, bu ikkovingizga ham yoqadigan va muhim koʻringan narsalar toʻgʻrisida gaplashish uchun yaxshi sabab boʻladi.
- Yoshi kattaroq farzandingizning rasmini ijtimoiy tarmoqqa joylamoqchi boʻlsangiz yoki u haqdagi maʼlumot bilan boʻlishmoqchi boʻlsangiz, undan ruxsat soʻrang.
Agar oʻzingizni gadjetlardan foydalanish vaqtini nazorat qila olmayotganday his qilsangiz, bunday uskunalardan foydalanishga boʻlgan yondashuvingizni oʻzgartirib koʻring. Bu odatdan qutulish qiyin boʻlsa, yordam uchun doʻstlaringizga murojaat qiling. Oʻz vaqtingizni tartibga solishga urinayotganingizni farzandingiz koʻrsa, bu unga yaxshi oʻrnak boʻladi.