Ota-onalar va maktabgacha taʼlim pedagoglari oʻrtasida munosabatlarni oʻrnatish

Ota-onalar va tarbiyachilar oʻrtasida yaxshi munosabatlarni oʻrnatish – bolangizning maktabgacha taʼlim tashkilotida erta taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlashning eng yaxshi usullaridan biridir. Farzandingizning murabbiylari bilan muntazam muloqot qilish orqali munosabatlarni oʻrnatishingiz mumkin (masalan, har kuni salomlashish orqali). Ijobiy munosabatlar zarurat tugʻilganda qiyin savollar berishni osonlashtiradi.
Body

Ota-onalar va oʻqituvchilar oʻrtasida yaxshi munosabatlarni oʻrnatish – bolangizning erta rivojlanishiga yordam berishning eng yaxshi usullaridan biridir. Farzandingizning pedagoglari bilan muntazam muloqot qilish, masalan, har kuni salomlashish, bolangizning muvaffaqiyati haqida soʻrash va taʼlim jarayonida bevosita faol ishtirok etish orqali munosabatlarni yoʻlga qoʻyishingiz mumkin. Yaxshi munosabat zarur boʻlganda qiyin masalalarni koʻtarib chiqishni osonlashtiradi.

MTT pedagoglari bilan mustahkam va izzat-hurmatli munosabatda boʻlish siz va farzandingizga koʻp jihatdan foyda keltiradi.

Farzandingiz uchun foydalari

Kuchli munosabatlar pedagoglarga kerakli maʼlumotlarni taqdim etishishingiz uchun ajoyib imkoniyat beradi. Bu maʼlumotlar farzandingiz maktabgacha taʼlim va tarbiyadan maksimal darajada foydalanishi uchun koʻmaklashadi.

Kuchli munosabatlar farzandingizning ijtimoiy va hissiy rivojlanishi uchun ham foydalidir. Agar siz pedagoglar bilan ijobiy va oʻzaro hurmatli munosabatda boʻlsangiz, bu bolangizga boshqa odamlar bilan qanday munosabatda boʻlishni koʻrsatib beruvchi “namuna” boʻladi. Farzandingiz mehrli va hurmatli munosabatlarni koʻrsa, u boshqalar bilan ham shunday munosabat oʻrnatishni oʻrganadi.

Va nihoyat, pedagoglar bilan yaxshi munosabatlar oʻrnatish bu –  farzandingiz hayotining ushbu qismiga qiziqish koʻrsatishning bir usuli. Sizning qiziqish bildirishingiz bolangizga oʻzini qadrli va muhim his qilishiga yordam beradi.

Siz uchun foydalari

MTT pedagoglari bilan mustahkam munosabatlarning afzalliklari quyidagilardan iborat:

• farzandingiz haqida gapirganingizda pedagogning qiziqishi va tushunishini his qilish;

• pedagoglar bilan muammolarni muhokama qilish va ularga yechim topishda qulaylikni his qilish;

• maktabgacha taʼlim tashkiloti hayotida nimalar sodir boʻlayotganini bilish;

• taʼlim-tarbiya jarayoniga taʼsir oʻtkazish imkoniyati, fikringiz qadrlanishini his qilish.

Farzandingizga uning pedagoglariga ishonishingizni koʻrsatish unga MTTga moslashishda katta yordam beradi. Farzandingizga ikkita muhitni bogʻlashga koʻmaklashish uchun uydagi sovitkichda tarbiyachilarning fotosuratini, bogʻchada esa oʻzingizning fotosuratingizni saqlashingiz mumkin.

Ota-onalar va MTT pedagoglari oʻrtasida mustahkam munosabatlarning boshlanishi

Farzandingiz MTTga kirishidan oldin pedagoglar bilan munosabatlarni oʻrnatishni boshlashingiz mumkin.

Ishni boshlashingizga yordam beradigan baʼzi tavsiyalar:

  • MTT qanday ishlashini bilib oling. Bu sizga nima kutish kerakligini bilishga va pedagogning nuqtayi nazarini tushunishga yordam beradi.
  • Farzandingiz guruhida vaqt oʻtkazing va sodir boʻlayotgan jarayonda ishtirok eting.
  • Pedagoglarga MTTning qaysi jihati sizga yoqishini ayting.
  • Pedagoglardan farzandingizni maktabgacha taʼlimga qanday tayyorlashingiz mumkinligini soʻrang. Farzandingiz bajarishi kerak boʻlgan vazifalar yoki u bilishi va amal qilishi kerak boʻlgan qoidalar bor-yoʻqligini bilib oling.
  • Bolangizga qanday gʻamxoʻrlik qilish boʻyicha pedagoglarga maslahat bering. Masalan, “Lola qoshiqda yaxshi ovqatlanadi” yoki “Alisher faol oʻyinlarni yaxshi koʻradi”.

Ota-onalarning MTT pedagoglari bilan muloqoti

Farzandingiz jamiyatga qoʻshilishni boshlaganida MTT pedagoglari bilan muloqotingiz kuchli munosabatlarning kalitiga aylanadi.

Bu oʻzingizni pedagoglar bilan tanishtirish va farzandingizni MTTga olib kelish va olib ketish paytida salomlashish va xayrlashish kabi oddiy boʻlishi mumkin. Vaqt oʻtishi bilan bir-biringizning ismlaringizni oʻrganasiz va eslab qolasiz.

Bu farzandingiz va uning qiziqishlari, yoqtiradigan va yoqtirmaydigan narsalari, alohida ehtiyojlari haqida oʻqituvchilar bilan suhbatlashish uchun zamin yaratadi. Pedagoglar farzandingiz bilan shu tariqa tanishganda, uning oʻqishi va rivojlanishini yaxshiroq qoʻllab-quvvatlashi va sifatli gʻamxoʻrlik qilishi mumkin. Ular, shuningdek, farzandingizning taʼlim-tarbiya jarayonidagi muvaffaqiyati yoki muammolari haqida sizga oʻz vaqtida xabar beradi.

Siz har doim ham pedagoglar bilan yuzma-yuz gaplasha olmaysiz, lekin qoʻngʻiroq qilishingiz, elektron pochta orqali xabar yuborishingiz yoki eslatma yozishingiz mumkin.

Pedagoglar ham boshqalar singari odam ekanini yodda tuting – ularga oʻz ishini yaxshi bajarayotganini aytsangiz, oʻzlarini mamnun his qilishadi!

Pedagoglar farzandingiz haqida bilishni xohlaydigan narsalar

Farzandingizning pedagoglari quyidagilarni bilishni xohlaydi:

  • bolangizni qiziqtiradigan narsalar, shunda ular farzandingiz uchun taʼlim-tarbiya jarayonini qiziqarli qilishi mumkin;
  • ular farzandingizni qoʻllab-quvvatlashi uchun uni xursand qiladigan, tashvishlantiradigan yoki qoʻrqitadigan narsalar;
  • siz uzoqda boʻladigan vaqtlar, bu bolangizni tinchlantirish uchun zarur;
  • oilangizdagi katta oʻzgarishlar – yangi chaqaloq tugʻilishi, oʻlim, ayriliq yoki ajrashishlar, farzandingizning moslashishiga yordam berish uchun.

Koʻpgina oilalar maʼlum bir bosqichda qiyin kunlarni boshdan kechiradi. Agar uyingizda muammoga duch kelsangiz, pedagoglardan zarur maʼlumot yoki maslahatlarni oling yoki yordam beradigan biror odamga murojaat qiling.

Bolalarga gʻamxoʻrlik qilishda muammolar boʻlganda

Baʼzida siz farzandingizning pedagoglari bilan muhokama qilmoqchi boʻlgan muammolar boʻlishi mumkin – masalan, yoʻqolgan narsalar yoki bolangizni hojatxonaga oʻrgatish bilan bogʻliq muammolar. Agar pedagoglar bilan ijobiy munosabatda boʻlsangiz, bu muammolarni koʻtarish osonroq kechadi va tezroq hal qilinadi.

Koʻpgina muammolarni eslatma, elektron pochta yoki telefon qoʻngʻirogʻi orqali hal qilish oson, ammo baʼzilari jiddiyroq boʻlishi mumkin. Muammo bartaraf etilmasa yoki murakkabroq boʻlsa, bolangizning tarbiyachisi bilan uni hal qilish ustida ishlashingizga toʻgʻri keladi.