Oʻyinchoqlarni oʻrgan va izlab top

 

Sizga kerak boʻladigan materiallar: sevimli oʻyinchoqlar, tagliklar, sharf, qogʻoz sochiq, kanop qopcha yoki hamyon, mayda yelim butilkalar, turli urugʻlar va mayda buyumlar.

Birgalikda nima qilishingiz mumkin: topgan topaloq oʻynang. Farzandingiz biror buyumni koʻrpa, taglik yoki yostiq tagiga berkitayotganingizni koʻrishiga imkon bering. Agar u yashirilgan buyumni topa olmasa, keyingi safar buyumning bir qismini ochiq qoldiring. Farzandingiz buyumni topishiga yordam bering.

Kichik oʻyinchoqni qogʻoz sochiqqa yengil oʻrab oling (skotchdan foydalanmang). Bola qogʻoz sochiqni ochib, syurprizni topishi mumkin. Yumshoq qogʻoz yoki yorqin va yaltiroq gulqogʻozdan foydalansangiz ham boʻladi. Bulardan tashqari, oʻyinchoqlarni yupqa qogʻoz sochiq, mato yoki yoʻrgakka oʻrashingiz mumkin. Yana bir gʻoya – farzandingiz ertalab uygʻonganda topishi uchun syurprizli sumka (xalta) tayyorlashingiz mumkin. Qogʻoz qop yoki kanop qopchani quyidagi buyumlar bilan toʻldiring: yumshoq oʻyinchoq, ovoz chiqaruvchi ixtiyoriy buyum, qopqoqli kichikroq yelim idish yoki karton varaqli kitob. Kichkintoyingizni “sehrli qop”ni oʻrganishga undang. Buyumlar xavfsizligi va oʻyinni siz boshqarayotganingizga ishonch hosil qiling.

Yana bir gʻoya – yumshoq oʻyinchoq yoki qoʻgʻirchoq bilan “rolli oʻyin” oʻynashingiz mumkin. Farzandingizga qoʻgʻirchoq nima qilayotganini koʻrsatib va aytib bering (yuryapti, uxlab qolyapti, yeyapti, stol atrofida oʻynayapti). Qoʻgʻirchoq nima qilayotganini aytganingizda siz va farzandingizga yoqadigan soʻzlardan foydalaning, balki qoʻgʻirchoqqa ovoz ham berarsiz. Qoʻgʻirchoqni farzandingizga bering va u qoʻgʻirchoqni harakatlantirib, siz qilgan xatti-harakatlarni qiladimi-yoʻqmi – kuzating. Agar farzandingizga bu oʻyin maʼqul boʻlsa, navbatma-navbat oʻynashingiz mumkin.

Ovozli va shovqin taratuvchi oʻyinchoqlarni oʻynash bolalarga juda yoqadi. Agar vaqtingiz va materiallaringiz boʻlsa, farzandingizning qoʻliga mos shaqildoq oʻyinchoqni yasashingiz mumkin boʻladi. Katta boʻlmagan yelim butilkalarni (bolalar ocha olmasliklari uchun ogʻzi mahkam yopiladi) turli tovush chiqaruvchi mayda buyumlar, masalan, sharchalar, guruch, tuz, joʻxori va hokazolar bilan toʻldirishingiz mumkin. Farzandingiz xavfsizligi uchun qopqoqlarni mahkam berkiting, soʻng farzandingizni ovozlarni oʻrganishga undang.

Boʻsh vaqtingiz boʻlganida farzandingiz bilan birga oʻynash uchun bu mashgʻulotdan foydalanishingiz mumkin. Agar farzandingizning aka va opalari boʻlsa, ularni ham kichkintoyingiz kabi oʻynashga taklif qilishingiz mumkin.

Farzandingiz nimani oʻrganmoqda: farzandingiz teginish va oʻynash orqali buyumlar va odamlarni oʻzi uchun kashf qiladi. Bu mashgʻulotlar farzandingizning mayda qoʻl motorikasi va koʻrish-payqash qobilayati rivojlanishiga yordam beradi.