Oʻyinchoqlarni toza saqlash uchun nima qilish kerak?

Bolalar oʻyinchoqlari yerdan ogʻizgacha osongina yoʻl topadi. Oʻyinchoqlarni ogʻziga solish orqali bolalar atrofdagi narsalar bilan tanishib, oʻynab kuladi, tinchlanadi, lekin ular turli kasalliklarga olib keladigan mikroorganizmlarni ham yutib yuborishi mumkin.
Body

Kichkintoyingiz sogʻlom boʻlishi uchun oʻyinchoqlar muntazam ravishda quyidagicha yuvilishi kerak:

  • Har kunning oxirida shiqildoqlar va tishyorgichlarni ozgina suyuq idish yuvish vositasi bilan qaynating. Ularni oqar suvda yaxshilab chaying va quruq qilib arting.
  • Chaqaloqlar choʻmilish paytida oʻynaydigan oʻrdaklarni, baliqlarni, qayiqlarni va boshqa oʻyinchoqlarni yuving, ularning barchasidan suvlarni siqib chiqaring (agar suv ichiga kirsa), zamburugʻlar, mogʻor va bakteriyalar rivojlanishiga yoʻl qoʻymaslik uchun ularni quriting.
  • Plastmassa va yogʻoch oʻyinchoqlarni (bloklar, avtomobillar, yuk mashinalari) yumshoq bolalar yuvish vositasi yoki idish yuvish suyuqligi bilan yuving, keyin yaxshilab chayib tashlang va quriting.
  • Mato va toʻldirilgan yumshoq oʻyinchoqlarda koʻp chang va kanalar toʻplanadi. Ularni muntazam qoqib, kir yuvish mashinasida har 15 kunda yuving. Ularni yumshoq suyuq kir yuvish vositasi bilan yuving. Har doim ikki marta chaying.
  • Bolaning tashqarida, hovlida oʻynaydigan oʻyinchoqlariga alohida eʼtibor bering. Oʻynab boʻlganidan keyin ularni suyuq idish yuvish vositasi bilan iliq suvda yuving. Ularda hech qanday tuproq yoki qum qolmasligiga ishonch hosil qiling. Yuving va quriting.

Oʻyinchoqlar sotib olayotganda quyidagilarni yodda tuting:

  • ularni tozalash va yuvish oson boʻlishi kerak;
  • yaxshi sifatli, tekshirilgan ishlab chiqaruvchilarniki (sertifikati bor) boʻlishi kerak;
  • xavfsiz boʻlishi kerak;
  • bolaning yoshiga mos boʻlishi kerak.

Bolalar oʻyinchoqlarini saqlash uchun plastik quti yoki savat ajratib qoʻying. Farzandingizni kichkinaligidan boshlab oʻynaganidan keyin oʻyinchoqlarini yigʻishtirib, olib qoʻyishga oʻrgating. Shu tarzda oʻyin orqali yaxshi odatlar shakllanadi va bolada tartiblilik rivojlanadi.