Piodermiya
Piodermiya sabablari
Piodermiya – tananing kesilgan, tirnalgan joyiga yoki yaraga bakteriyalar (odatda tillasimon stafilokokklar yoki A guruhi streptokokklar) tushganda terining yiringli yalligʻlanishidir. Teri shikastlangani sababli u bakteriyalarga qarshi toʻsiq boʻla olmaydi.
Bakteriyalar yaralarga tananing boshqa qismlari tekkanda tarqaladi, shu tariqa tananing katta qismi shikastlanadi.
Piodermiya juda yuqumli kasallik. Maktablarda va bolalar bogʻchalarida bu infeksiyaning tez tarqalishi odatiy holdir.
Piodermiyaning koʻp turlari mavjud va ular koʻpincha ekzema (terining qichishi bilan kechadigan kasallik), impetigo (pufakli-yiringli toshmalar), qoʻtir, hasharotlar chaqishi yoki suvchechak kabi boshqa teri kasalliklari bilan birga paydo boʻlishi mumkin.
Piodermiya yilning issiq oylarida tez-tez uchraydi.
Piodermiyaning belgilari
Piodermiyaning dastlabki bosqichlarida bola tanasining istalgan qismida ogʻriqli qizil toshmalar yoki mayda pufakchalarni koʻrishingiz mumkin. Bu dogʻlar, ayniqsa, yuzning koʻp qismida (ayniqsa, ogʻiz va burun atrofida), qoʻl va oyoqlarda keng tarqaladi. Bu nuqtalarda sariq yoki yashil yiringlar toʻplanadi, yoriladi va qobiq bilan qoplanadi. Bakteriyalar yaralarning suyuqligi va qobiqlarida boʻladi. Davolanmasa, yaralar kattalashib, koʻpayib ketishi mumkin.
Yaralar qichishishi va ogʻriqlar keltirishi mumkin.
Piodermiya belgilari boʻlganda qachon pediatrga murojaat qilish kerak?
Pediatrga murojaat qiling, agar:
- farzandingizning tanasidagi yaraning atrofidagi terisi qizarsa;
- farzandingizda qobiq bilan qoplangan yoki oqma yaralar, ogʻriqlar bor boʻlsa, ayniqsa, ular kattalashsa yoki koʻpaysa;
- farzandingizning umumiy ahvoli yomonlashsa yoki isitmasi bor boʻlsa;
- farzandingizda piodermiya bor, deb shubhalansangiz.
Piodermiyani aniqlash uchun tahlillar
Koʻp hollarda, hech qanday tahlillar talab qilinmaydi va pediatr yaralarni tekshirish orqali kasallikni aniqlay oladi. Baʼzi hollarda shifokor yalligʻlangan yaralardan surtma olib, qaysi bakteriyalar piodermiya kasalligini qoʻzgʻatayotganini va qaysi antibiotik kasallikka eng yaxshi taʼsir qilishini aniqlash uchun uni bakteriologik ekishga yuborishi mumkin.
Piodermiyani davolash
Bolaga piodermiya tashxisi qoʻyilgan boʻlsa, shifokor bilan maslahatlashib, uning barcha tavsiyalariga amal qilishingiz kerak. Teri gigiyenasiga amal qiling, oʻzingiz va farzandingiz qoʻllarini tez-tez sovun va suv bilan yuving. Bu yaralar tarqalishining oldini oladi va ularning bitishiga imkon beradi. Oʻzboshimcha davolash bilan shugʻullanmang.
Piodermiyaning oldini olish
Piodermiya tezda tananing boshqa qismlariga, ayniqsa bola yaraga teginsa va keyin boshqa joylarini qashlasa, tarqalishi mumkin. Farzandingizga buni tushuntiring va yaralarga tegmaslikni ayting. Uning tirnoqlarini kalta qilib oling va ayniqsa, kasallik oʻtib ketmaguncha qoʻllarini tez-tez yuving.
Piodermiya juda yuqumli kasallikdir. Farzandingizni bolalar bogʻchasiga, maktabgacha taʼlim tashkiloti yoki maktabga olib bormang.