Pnevmoniya/zotiljam
Pnevmoniya/zotiljam sabablari
Pnevmoniyaga bakteriyalar yoki kamdan kam hollarda viruslar sabab boʻlishi mumkin. Infeksiya oʻpkaning toʻgʻri ishlashiga toʻsqinlik qiladi.
Oʻpkalarning asosiy vazifasi kislorodni havodan qon oqimiga oʻtkazishdir. Oʻpka kasallanganida oʻz vazifasini odatdagidek bajara olmaydi.
Bolalardagi pnevmoniya belgilari
Bolada pnevmoniya boʻlsa, unda yoʻtal va quyidagilar kuzatiladi:
· hansirash va nafas qiyinligi
· isitma koʻtarilishi
· chuqur nafas olganida yoki yoʻtalganida koʻkrak qafasidagi oʻtkir ogʻriqlardan shikoyat qilishi
· qorin ogʻrigʻi boʻlishi va qusish kuzatilishi
· bola juda injiq yoki charchagan koʻrinishi mumkin
Aksariyat bolalarda ishtaha yoʻqoladi va ular suyuqlik ichishni xohlamaydilar.
2 oygacha boʻlgan goʻdaklarda yuqoridagi belgilar kuzatilmasligi, ammo bolalar juda betob boʻlib koʻrinishlari va tez-tez, qiyin nafas olishlari mumkin.
Ogʻir pnevmoniyaga chalingan bolalar suvsizlanish xavfi ostida boʻladilar.
Shifokorga qachon murojaat qilish kerak?
Farzandingizni shifokorga koʻrsatishingiz kerak, agar:
· bolada yoʻtal va tana harorati koʻtarilishi kuzatilsa
· bolada tez-tez nafas olish kuzatilsa
· bola qiyin nafas olsa
· bola qayt qilsa va icha olmasa yoki yomon ichsa
· bolada shaytonlash kuzatilsa
· bola hushsiz yoki odatdagidan juda uyquchan boʻlsa.
Farzandingizning lablari koʻkimtir boʻlib koʻrinsa, darhol tez yordam chaqiring (103 ga qoʻngʻiroq qiling).
Pnevmoniyani aniqlash
Shifokor farzandingizni tekshirish va kasallik belgilari haqida soʻrab-surishtirish orqali bolada pnevmoniya borligini aniqlashi mumkin.
Baʼzida qon tekshiruvi, shifokorlarga farzandingizning pnevmoniyasi virus yoki bakteriyalardan kelib chiqqanini aniqlashda yordam berishi mumkin.
Pnevmoniyani davolash
Koʻpgina pnevmoniyaga chalingan bolalarni uyda davolash mumkin, agar:
· farzandingiz 6 oylik yoki undan kichik boʻlsa, uni faqat ona suti bilan boqish kerak. Farzandingiz olti oydan katta boʻlsa, emizishni davom ettiring. Shuningdek, bolaga suv berishingiz mumkin.
· Bolalarni odatdagidan koʻproq, tez-tez va oz-ozdan ovqatlantiring.
· Bolaning isitmasi boʻlsa, shifokor koʻrsatmalariga muvofiq paratsetamol yoki ibuprofen berish mumkin.
· Farzandingiz imkon qadar koʻproq dam olishiga ishonch hosil qiling.
Farzandingizning pnevmoniyasi bakteriyalar sababli kelib chiqqan boʻlsa, shifokor unga bir hafta yoki undan koʻp vaqt davomida qabul qilishi kerak boʻlgan antibiotiklarni buyurishi mumkin. Virus keltirib chiqargan pnevmoniyani davolashda antibiotiklar yordam bermaydi. Baʼzida virusli va bakteriyali pnevmoniyani farqlash qiyin boʻlishi mumkin.
Sigaret tutuni pnevmoniyani ogʻirlashtirishi mumkin, shuning uchun uyingizda tutun yoʻqligiga ishonch hosil qiling.
Farzandingizning ahvoli ogʻir yoki u bir yoshga toʻlmagan boʻlsa, maxsus davo uchun shifoxonaga yotqizilishi kerak boʻlishi mumkin. Pnevmoniyani bakteriyalar keltirib chiqargan boʻlsa, shifoxonada farzandingizga antibiotiklar tayinlanadi. Baʼzi bolalar nafas olishini yengillashtirish uchun kislorodga ham muhtoj.
Davolanish boshlagandan soʻng odatda tiklanish tez va toʻliq sodir boʻladi.