Pufakchalar

Sizga kerak boʻladigan materiallar: adyol, sovun pufakchalari, ingichka sim, chuqur idish. Shuningdek, siz uyda pufakchalarni suv, qoʻl sovuni, kir yuvish vositasi yoki idish yuvadigan suyuqlikdan tayyorlashingiz mumkin.

Birgalikda nima qilishingiz mumkin: bu mashgʻulotni bajarish uchun oldin pufakchalarni tayyorlashingiz kerak. Agar uyda pufakchalar boʻlmasa, ularni oʻzingiz tayyorlab olishingiz mumkin. Chuqur idishga bir piyola suv quying, soʻng yarim piyola sovun yoki yuvish vositasi bilan aralashtiring, boʻldi – pufakchalarimiz tayyor. Ingichka sim yoki tasma yordamida aylana gardish yasashingiz va u orqali pufakchalarni puflab chiqarishingiz mumkin.

Endi boshlasa boʻladi. Kichkintoyingizni katta oʻrindiq yoki karavot singari yumshoq yuzaga yotqizing. Kichkintoyingizning eʼtiborini jalb qilish uchun u bilan suhbatlashing. Undan keyin yuqoridan pufakchalarni puflashni boshlashingiz mumkin. Kichkintoyingizning eʼtiborini pufakchalarga muntazam qaratishga harakat qiling. Sekin-asta u ayrim tushayotgan pufakchalarni kuzata boshlaydi va ularda diqqatini jamlaydi.

Kichkintoyingiz pufakchalarni tomosha qilishni yoqtirib qoladi. Mashqni bajarish davomida quyidagi sheʼrni aytishingiz va unga biroz ohang berishingiz mumkin:

Tayoqchani toʻldirgin,

Sekingina puflab qoʻy.

Endi esa bir koʻrgin,

Pufakchalar choʻzdi boʻy.

Farzandingiz nimani oʻrganmoqda: kichkintoyingiz harakatlanayotgan jismlarga qarayotganida yoqimli va qiziqarli lahzalarni boshidan kechiradi, bu esa atrof-muhitni oʻrganishida qiziqish va ishtiyoqni ragʻbatlantiradi.