Qadam bosamiz – yurishni rivojlantiruvchi oʻyinlar

Kerak boʻladigan materiallar: oʻyinchoqlar, kattaroq karton qutilar, toʻp yoki yumaloqlangan toza paypoqlar.

Birgalikda nima qilishingiz mumkin: agar bola tik turish holatiga mustaqil koʻtarila olsa, oʻyinchoqlarni mahkam turgan (yiqilmaydigan) stol yoki divan ustiga, bolaning qoʻli yetadigan masofaga qoʻying. Shunda u tik turishni mashq qiladi. Shuningdek, bola bemalol kirib-chiqa oladigan katta quti toping. Yanada qiziqroq boʻlishi uchun quti ichiga uning sevimli oʻyinchogʻini qoʻyishingiz mumkin. Bolaning yonida turing va u nima qilayotgani haqida gaplashing: “Sen quti ichidasan”, “Endi sen u yerda yoʻqsan”. Qutini “aravacha” deb tasavvur qilib, xona ichida harakatlantirsangiz ham boʻladi. Bu mashgʻulot, ayniqsa, qish oylarida qiziqarli, chunki bu vaqtda koʻchada sayr qilish imkoniyati cheklangan boʻladi.

Bolani toʻp oʻyinlariga jalb qilish – uni yurishga qiziqtirishning yana bir usuli. Bola tomonga toʻpni dumalating va unga toʻpni qaytarib dumalatishga yordamlashing. Bola yoshiga qarab toʻpni sizga hatto irgʻitishi ham mumkin, shuning uchun kichikroq yumshoq toʻp yoki boshqa biror yumshoqroq narsa bu oʻyinga mos keladi.

Bu harakatlardan oʻyin uchun moʻljallangan har qanday boʻsh vaqtingizda foydalanishingiz mumkin. Bolajoningiz yurishga qiziqishi va ishtiyoqi borligini sizga bildiradi, bu vaqtda unga ergashing va koʻmaklashing.

Farzandingiz nimani oʻrganadi: toʻpni bolaning oldiga dumalatish uni yurishga qiziqtiradi va qadam bosishni mashq qilishga undaydi.