Qanday qilib it tishlashining oldini olish mumkin?
Itlar kattalarga qaraganda bolalarni tishlash ehtimoli koʻproq va jiddiy shikastlanish ehtimoli ayniqsa yuqori. Koʻpincha tanish itlar tishlaydi, bu esa oldini olish choralarini koʻrish muhimligini bildiradi.
Body
- arzandingizga hech qachon begona yoki panjara ortidagi itga yolgʻiz oʻzi yaqinlashmaslikni oʻrgating.
- Agar it egasi bilan birga boʻlsa, bolaga uni faqat it egasining roziligi bilan silash mumkinligini oʻrgating. Itni silashdan oldin, siz va farzandingiz uning ishonchini qozonishingiz kerak – avvalo u sizga qarashiga va sizni hidlashiga imkon bering. Itning koʻziga qaramang va uning boshi, oyoqlari yoki dumini silamang.
- Bolalarga itlarga hurmat bilan munosabatda boʻlishni va ularning gʻashiga tegmaslikni oʻrgating – itlarni mazax qilmaslik, ularga birdan yaqinlashmaslik, toʻsatdan va tez harakatlar qilmaslik, shuningdek, ularning atrofida qichqirmaslik yoki shovqin qilmaslik.
- Bolalar itlar bilan qoʻpol tarzda oʻynashlariga yoki ular uxlab yotganida, ovqatlanayotganida yoki oʻz bolalarini parvarish qilayotganida bezovta qilishlariga yoʻl qoʻymang. Bu hayvonni hujumga undashi mumkin.
- Farzandingizga itni quloqlari va dumidan tortmaslikni oʻrgating; buning oʻrniga, itni junining oʻsish yoʻnalishi boʻyicha, boshidan dumigacha qanday qilib muloyimlik bilan silashni koʻrsating.
- Kichkintoyingizga itning ogʻzidan oʻyinchoqni tortib olmaslikni oʻrgating.
- Farzandingiz va it bir-birining ovqatidan yeyish ehtimoli borligi sababli bolani uning yonida ovqatlantirmang yoki it ovqatlanayotganida bola uni bezovta qilishiga yoʻl qoʻymang.
- Shuni unutmangki, itlarni quchoqlash va oʻpish ular uchun tabiiy hol emas va bunday harakatlar, ayniqsa bu sizning uy hayvoningiz boʻlmasa, uni qoʻrqitishi mumkin.
- Agar siz itning egasi boʻlsangiz, uni roʻyxatga oldirishni unutmang, veterinar tavsiyasiga koʻra quturish va boshqa kasalliklarga qarshi muntazam ravishda emlating.
- Farzandingizda itlardan qoʻrqish hissini uygʻotmang; ammo siz unga it baʼzan tajovuzkor boʻlishi mumkinligini tushuntirishingiz kerak, chunki u och, qoʻrqqan va hokazo boʻlishi mumkin.
- Agar bola itlardan qoʻrqsa yoki it uni qoʻrqitsa, unga qochib ketmaslikni, balki joyida turishni yoki sekin uzoqlashishni oʻrgating.
- Tajovuzkor it bilan toʻqnashganda nima qilish kerak? Agar bola irillayotgan, hurayotgan yoki boshqa tajovuzkor harakat qilayotgan itga duch kelsa, oʻzini xotirjam tutishi, baqirmasligi, itning koʻziga qaramasligi va asta-sekin undan uzoqlashishi kerak.
Agar it bolani yiqitsa, u gʻujanak boʻlib olishni, yuzi va koʻzlarini himoya qilish uchun boshi va oyoqlarini koʻkragiga bosishni, boshini qoʻllari bilan oʻrab olishi kerakligini bilishi lozim.