Qanday qilib plastilin tayyorlash mumkin
Kerak boʻladigan materiallar: 2 stakan oddiy un, yarim stakan tuz, 2 oshqoshiq sharob toshi, 2 oshqoshiq oʻsimlik yogʻi, oziq-ovqat boʻyoqlari, 1 dan 1,5 stakangacha iliq suv, piyola, aralashtirish uchun qoshiq.
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: uy sharoitida xamir tayyorlashni bilasizmi? Bu koʻngil ochishning arzon, oson va ishonchli usuli! Tajriba yanada taʼsirli boʻlishi uchun xamirni turli ranglar va zarlar qoʻshish yordamida istaganingizcha oʻzgartirishingiz mumkin. Plastilin shu qadar universalki, undan turli taʼlimiy maqsadlarda foydalanish mumkin va undan hech kim zerikmaydi!
1-qadam
Un, tuz, sharob toshi va yogʻni idishda aralashtiring.
2-qadam
Agar xamiringiz bir rangda boʻlishini istasangiz, iliq suvga oziq-ovqat boʻyogʻini qoʻshing, chunki bu bir xil rang olishning oson yoʻli, unday boʻlmasa, 3–5–qadamlarga oʻting.
3-qadam
Aralashtirish uchun idishga oz-ozdan suv soling. Xamir hosil boʻlgunga qadar aralashtiring.
4-qadam
Yopishqoqligi ketguncha xamirni mushtlab qoring. Agar yopishqoqligi ketmasa, biroz un qoʻshib mukammal holatga keltiring.
5-qadam
Agar bir nechta rangli, hidli yoki zarli xamir tayyorlayotgan boʻlsangiz, necha turda xamir qilishingizga qarab uni teng qismlarga boʻling. Xamirni kichik yelim xaltachalarga solib, bir necha tomchi oziq-ovqat boʻyogʻi, hid beruvchi qoʻshimcha yoki zar qoʻshing. Boʻyoqni qancha koʻproq qoʻshsangiz, rang shuncha yorqin chiqadi. Qoʻllaringiz rang boʻlmasligi uchun xamirni yelim xaltachaning ichida qoring. Yaxshilab aralashgunga qadar qorishtiring.
Plastilin uzoq vaqt davomida yaroqliligini yoʻqotmasligi uchun qopqogʻi mahkam berkiladigan idishda yoki ogʻzi berkiladigan yelim xaltada (havosini chiqarib) tursin! Uni quruq va salqin joyda saqlang.
Farzandingiz nimani oʻrganadi: ushbu qiziqarli mashgʻulot orqali farzandingiz barmoqlari va qoʻllarini ishlatib, mayda motorikalarini rivojlantiradi. Farzandingiz siz bilan vaqtichogʻlik qilib, koʻp narsalarni oʻrganadi.