Qandli diabetning I turi
Qandli diabetning I turi haqida
I turdagi qandli diabetda oshqozon osti bezi oz miqdorda insulin ishlab chiqaradi yoki umuman ishlab chiqarmaydi.
Insulin – glyukozani organizm uchun energiyaga aylantirishga yordam beradigan gormon. Glyukoza – shakarning eng oddiy shakli va organizmning asosiy energiya manbaidir. Insulin, shuningdek, yogʻ parchalanishini sekinlashtiradi.
Tana glyukozani energiyaga aylantira olmasa, qonda glyukoza toʻplanadi. Qondagi qand miqdorining koʻpligiga eʼtibor qaratilmasa, sogʻliq bilan bog‘liq koʻplab muammolar kelib chiqadi. Shuningdek, insulinning past darajasi qondagi yogʻli kislotalarning toʻplanishiga sabab boʻladi.
I turdagi qandli diabet bu – autoimmun kasallik. Autoimmun tananing immunitet tizimi oʻziga oʻzi notoʻgʻri hujum qilishini anglatadi. I turdagi qandli diabetda tana insulin ishlab chiqaradigan oshqozon osti bezi hujayralariga hujum qiladi va bu ularning ishlashini sekinlashtiradi. I turdagi qandli diabet II turdagi qandli diabetdan farq qiladi, bu irsiy omillar va insonning turmush tarzi majmui natijasida yuzaga keladi.
I turdagi qandli diabetni qanday aniqlash mumkin?
I turdagi qandli diabetning belgilari odatda toʻsatdan paydo boʻladi hamda kunlar, soatlar va baʼzan haftalar davomida yomonlashadi.
I turdagi qandli diabetning dastlabki belgilari va alomatlariga quyidagilar kiradi:
- tez-tez siyish va/yoki avval bolada kuzatilmagan tungi siydik tutolmaslik (enurez);
- chanqoqlik oshadi va odatdagidan koʻproq suyuqlik ichish istagi paydo boʻladi;
- vazn yoʻqotish kuzatiladi;
- charchoq kuzatiladi;
- kayfiyat oʻzgarishi yoki kuchli asabiylashish kuzatiladi;
- aniq koʻrishning buzilishi kuzatiladi.
Boshqa boʻlishi mumkin boʻlgan belgilar yoki alomatlarga quyidagilar kiradi:
- ogʻizdan “meva” hidi kelishi;
- ogʻiz, qin kandidozi yoki teri infeksiyalari;
- doimiy ochlik;
- suvsizlanish.
Farzandingiz haddan tashqari charchoq va umumiy bezovtalik tufayli maktabda avvalgidek yaxshi oʻqimasligini ham sezishingiz mumkin. I turdagi qandli diabetning dastlabki belgilariga eʼtibor qaratilmasa, u tezda rivojlanadi. Belgilarga koʻngil aynishi, qayt qilish (qusish) va qorin ogʻrigʻi qoʻshilishi mumkin.
Qonda shakar miqdori koʻp boʻlganda, buyraklar uni siydik bilan chiqarishga harakat qiladi. Shuning uchun I turdagi qandli diabetga chalingan bolalar koʻp siyishi mumkin. Tana shakardan qutulish uchun uni siydik orqali jadal chiqarishi sababli suyuqlik yoʻqotadi, buning uchun unga koʻp suv kerak boʻladi. Shu sababli bolalarda suvsizlanish belgilariga eʼtibor berish lozim.
I turdagi qandli diabet belgilari kuzatilsa, pediatrga murojaat qilish kerakmi?
Ha, albatta va tezroq! Farzandingizda I tur qandli diabetning alomatlarini sezsangiz, iloji boricha tezroq pediatrga murojaat qilishingiz kerak.
I tur qandli diabet bilan kasallangan bolaning ahvoli juda tez yomonlashishi mumkin. Agar bolada quyidagi alomatlardan birini sezsangiz, zudlik bilan tez yordam chaqiring (103 ga qoʻngʻiroq qiling):
- tez yoki qiyin nafas olish;
- hushning chalkashligi;
- uyquchanlik.
Bu alomatlar diabetik ketoasidoz (qondagi glyukoza va keton tanachalar miqdorining oshishi) deb ataladigan holat borligini koʻrsatadi. Bu hayot uchun xavf tugʻdirishi mumkin, shuning uchun farzandingiz tez tibbiy yordamga muhtoj.
I tur qandli diabetni aniqlash
Pediatr barmoqdan qon sinamasi va siydik tahlilini oʻtkazish hamda belgilarni tekshirish orqali farzandingizga diabetni tashxislashi mumkin.
Agar bolaning siydigida glyukoza boʻlsa va/yoki qonida qand miqdori yuqori boʻlsa, pediatr farzandingizni shifoxonaga yuboradi.
Agar hali ham farzandingizning ahvolidan tashvishlanayotgan boʻlsangiz yoki uning alomatlari yomonlashayotgan boʻlsa, tibbiy yordamga tezda murojaat qiling.
I turdagi qandli diabetni davolash
Hozirgi vaqtda I turdagi qandli diabetni tezkor davolovchi dorilar mavjud emas.
Ammo yaxshi xabar shundaki, I turdagi qandli diabetga chalingan bola qonda shakar miqdorini xavfsiz chegarada ushlash bilan meʼyoriy hayot kechirishi mumkin. Buning uchun u quyidagilarga oʻrganishi va koʻnikishi kerak:
- kuniga 2–4 marta insulin kiritish yoki 24 soat davomida doimiy ravishda insulin yuboradigan insulin pompasidan foydalanish;
- baʼzi oziq-ovqatlarni kerakli miqdorda va oʻz vaqtida isteʼmol qilish;
- jismoniy faol boʻlish.
Yaxshisi, farzandingizga endokrinolog, maxsus oʻrgatilgan hamshiralar, shifokor dietolog (toʻgʻri ovqatlanish boʻyicha mutaxassis), ijtimoiy yordam ishchilari va ruhshunoslarni (psixolog) oʻz ichiga oladigan qandli diabet bilan shugʻullanuvchi mutaxassislar guruhi kerak.
I turdagi qandli diabet asoratlarining oldini olish
Agar bolaga qondagi qand miqdorini maqsadli chegarada ushlab turish oʻrgatilsa, I turdagi qandli diabetning asoratlari xavfini kamaytirish mumkin.
Qondagi qand miqdorining yuqori boʻlishi diabetik ketoasidoz (qondagi glyukoza va keton tanachalar miqdorining oshishi) kabi qisqa muddatli asoratlarga, shuningdek, asab tizimining shikastlanishi, buyrak shikastlanishi, koʻrish muammolari, yurak kasalligi yoki insult kabi uzoq muddatli asoratlarga sabab bo‘lishi ehtimoli bor.
Aksincha, qonda shakar miqdorining past boʻlishi uyquchanlik, tajovuzkorlik, hushdan ketish yoki tutqanoqqa olib kelishi mumkin.
I turdagi qandli diabetning sabablari
I turdagi qandli diabetga nima sabab boʻlishi nomaʼlum, ammo bu kasallik irsiy boʻlib, ota-onadan ham oʻtadi. Bundan tashqari, kasallikning rivojlanishiga atrof-muhit omillari, viruslar, sovuq iqlim, ovqatlanish, stress va balogʻatga yetish taʼsir koʻrsatadi. Qandli diabet bilan og‘rigan bolalar va oʻsmirlarning 90 foizdan koʻprogʻi I turdagi qandli diabetga chalingan.
I turdagi qandli diabet koʻpincha 10–14 yoshli bolalarda, kamdan kam hollarda bir yoshgacha boʻlgan bolalarda aniqlanadi.