Qandli diabetning II turi

II turdagi diabetning alomatlariga charchoq, chanqoqlik va tez-tez siyish kiradi. Agar bolada ushbu alomatlar paydo boʻlsa, uni zudlik bilan pediatrga koʻrsatish kerak. II turdagi qandli diabet uchun xavf omillari: oilada II turdagi qandli diabet bilan yaqin qarindoshlarning kasallangani, ortiqcha vazn, kam jismoniy faollik va notoʻgʻri ovqatlanishni oʻz ichiga oladi. II turdagi qandli diabetni dori-darmonlar, toʻgʻri ovqatlanish, vazn yoʻqotish va jismoniy mashqlar yordamida boshqarish mumkin.
Body

Qandli diabetning II turi haqida

Qandli diabetning II turi quyidagi hollarda roʻy beradi:

• oshqozon osti bezi yetarli miqdorda insulin ishlab chiqarmaydi;

• oshqozon osti bezi ishlab chiqaradigan insulin toʻgʻri ishlamaydi;

• tana insulinga chidamli boʻladi (bu insulin qarshiligi deb ataladi).

Insulin – glyukozani organizm uchun energiyaga aylantirishga yordam beradigan gormon. Glyukoza – shakarning eng oddiy shakli va organizmning asosiy energiya manbaidir. Insulin, shuningdek, yogʻ parchalanishini sekinlashtiradi.

Tana glyukozani energiyaga aylantira olmasa, qonda glyukoza toʻplanadi. Qondagi qand miqdorining koʻpligiga eʼtibor qaratilmasa, sogʻliq bilan bog‘liq koʻplab muammolar kelib chiqadi. Shuningdek, insulinning past darajasi qondagi yogʻli kislotalarning toʻplanishiga sabab boʻladi.

II turdagi qandli diabet irsiy omillar va turmush tarzining majmui natijasida yuzaga keladi, jumladan:

• vazn meʼyordan ortiqcha boʻlishi, ayniqsa, qorin atrofida yogʻlarning toʻplanishi;

• yetarlicha jismoniy faol boʻlmaslik;

• notoʻgʻri ovqatlanish, ayniqsa, shakar va yogʻning ovqat ratsionida koʻpligi.

II turdagi qandli diabet rivojlanishini kuchaytiruvchi omillar quyidagilar boʻlishi mumkin: kasallikning boshqa oila aʼzolarida mavjudligi va etnik/madaniy kelib chiqishi boʻyicha yuqori xavf guruhi.

II turdagi qandli diabetni qanday aniqlash mumkin?

II turdagi diabetning belgilari va alomatlariga quyidagilar kiradi:

  • bir necha hafta mobaynida siyishning koʻpayishi;
  • bir necha hafta davomida chanqoqlik va ko‘p suyuqlik ichish;
  • tana vaznining ortishi;
  • charchoq;
  • kayfiyatning oʻzgarishi;
  • suvsizlanish.

Qonda shakar koʻp boʻlganda buyraklar uni siydik bilan chiqarishga harakat qiladi. Shuning uchun II turdagi qandli diabetga chalingan bolalar koʻproq siyishlari mumkin. Tana qondagi ortiqcha shakarni yoʻqotish uchun koʻp siydik ishlab chiqarish orqali anchagina suyuqlikni yoʻqotadi. Shu bois bolalarda suvsizlanish belgilarini oʻtkazib yubormaslik kerak.

II turdagi qandli diabet belgilari kuzatilsa, pediatrga murojaat qilish kerakmi?

Ha, albatta va tezroq! Farzandingizda II turdagi qandli diabet belgilari boʻlsa, pediatrga murojaat qilishingiz kerak.

II turdagi qandli diabetni aniqlash

Tashxis barmoqdan qon olish va siydik tekshiruvidan soʻng, shuningdek, belgilarni oʻrgangach amalga oshiriladi. Agar bola siydigida glyukoza boʻlsa va / yoki qonda glyukoza miqdori yuqori boʻlsa, pediatr bolani shifoxonaga yuboradi.

Boʻlimdagi shifokorlar tashxisga ishonchlari komil boʻlmasa, qoʻshimcha tekshiruvlar oʻtkazishlari mumkin.

II turdagi qandli diabetni davolash

II turdagi qandli diabetni davolovchi dori mavjud emas, lekin bola toʻliq hayot kechirishni oʻrganishi va bu kasallik bilan muvaffaqiyatli kurashishi mumkin. II turdagi qandli diabetni davolashning maqsadi qondagi qand miqdorini belgilangan chegarada ushlab turishdir.

Shifokorlar bilan birgalikda farzandingiz uchun tegishli davolash usullari va strategiyalarini oʻz ichiga olgan davolash rejasi tayyorlanadi:

  • dori vositalari;
  • ovqatlanishdagi oʻzgarishlar;
  • jismoniy mashqlar;
  • vazn yoʻqotish;
  • qonda glyukoza darajasini nazorat qilish uchun muntazam tekshiruvlar;
  • qandli diabetning ogʻir shakli boʻlsa – insulin inʼeksiyalari.

Mutaxassislar jamoasi siz va farzandingiz bilan shaxsiy davolash rejasini ishlab chiqadi.

II turdagi qandli diabet asoratlarining oldini olish

Qondagi qand miqdorining yuqori boʻlishi asab shikastlanishi, buyrak shikastlanishi, koʻrish muammolari, qoʻllar va oyoqlarda ogʻriq yoki sezuvchanlikning yoʻqolishi, yurak xastaligi kabi uzoq muddatli asoratlarga olib kelishi mumkin.

Bunday asoratlar ehtimoli kam, ammo kelajakda ularning oldini olish uchun farzandingizning sogʻligʻini diqqat bilan kuzatib borish va kasalliklarning rivojlanishini kuzatishni oʻrgatish kerak. Agar butun oilangiz toʻgʻri ovqatlansa va har kuni yetarlicha jismoniy faollik bilan shugʻullansa, siz farzandingizga yaxshi oʻrnak koʻrsatasiz va uning qandli diabetga qarshi kurash rejasiga rioya qilishi osonroq boʻladi.

II turdagi qandli diabetning oldini olish

II turdagi qandli diabet irsiy boʻlsa-da, u atrof-muhit omillariga ham bogʻliq. Siz ularni muvaffaqiyatli boshqarishingiz mumkin!

Sogʻlom turmush tarzi II turdagi qandli diabetning oldini olishga yordam beradi, bu muntazam jismoniy faoliyat va to‘g‘ri ovqatlanishni oʻz ichiga olishi kerak. II turdagi qandli diabet asosan keksalarda koʻproq uchraydi. 10 yoshgacha boʻlgan bolalarda II turdagi qandli diabet paydo boʻlmaydi.