Qisqa qarsaklar
Kerak boʻladigan materiallar: yumshoq adyol yoki stul (ixtiyoriy); qoʻshiqlar.
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: hayotning birinchi kunlaridan boshlab kichkintoyingiz oʻz tanasini anglashni va boshqarishni oʻrganishni boshlaydi. Bu jarayon biroz vaqt talab etadi. Diqqat bilan qarasangiz, kichkintoyingiz mitti qoʻllarini qanday tutib turishga harakat qilayotganini koʻrasiz. Ushbu oʻyinlar yordamida siz unga harakatlanish malakasini oshirishda yordam berishingiz mumkin.
Dastlab oʻynash uchun joy tayyorlashingiz kerak. Adyol yoki stul qulay yuzada boʻlsin. Farzandingizni adyolga qoʻying va sizni koʻrishi uchun unga yaqin oʻtiring. Uning qoʻllari va barmoqlari bilan oʻynaganingizda qoʻshiq yoki qofiyali-ohangli soʻzlarni kuylang. Siz quyidagi oʻyinlardan birini sinab koʻrishingiz mumkin:
Baxtli boʻlsang
Quvnoq boʻlsang, qarsak chal (qarsak),
Dono boʻlsang, qarsak chal (qarsak).
Erkatoy boʻlsang, sevikli boʻlsang,
Baxtli boʻlsang, qarsak chal (qarsak).
Farzandingiz ismini qoʻshiqqa qoʻshishingiz mumkin. Uning qoʻllarini juda ehtiyotkorlik bilan va muloyim ushlab harakatlantiring.
Farzandingiz nimani oʻrganadi: ushbu mashgʻulot kichkintoyingizga koʻz va qoʻl harakatini muvofiqlashtirishga, motorikani boshqarishga va suhbatlashish orqali muloqotga kirishishga yordam beradi.