Qoʻlda tayyorlangan musiqiy asbob
Kerak boʻladigan materiallar: idish (konteyner) sifatida ishlatish mumkin boʻlgan buyumlar, masalan, yuvilgan shisha idish yoki qogʻoz quti, shuningdek, tovush chiqarish uchun bu idishlarning ichiga solish mumkin boʻlgan narsalar: quruq makaron, guruch, don, tugmalar, toshchalar, choʻntak yoki sumkadagi qisqich kabi mayda buyumlar. Ushbu oʻyinchoq koʻplab mayda buyumlardan tashkil topgani sababli idishning qopqogʻini doimo mahkam yoping va bolaning xavfsizligidan ogoh boʻling.
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: idishni olib, yaxshilab yuvib, quriting. Agar shaffof idish bor boʻlsa, oʻshani tanlang, shunda farzandingiz idishning ichidagi narsalarni kuzatishi mumkin boʻladi. Soʻng uni mayda narsalar bilan toʻldiring va ovoz chiqarishi uchun oʻyinchoqni harakatga keltiring – qoʻlbola oʻyinchogʻingiz tayyor.
Oʻyinchoqni farzandingizga bering va uning ichida nima borligi, uni harakatlantirganda yoki silkitganda nima boʻlishi, uni ushlasa yoki qoʻl bilan siqsa, qanday tovush chiqarishini, xullas, uning barcha xususiyatlarini kuzatib, oʻrganib chiqishga undang. Farzandingiz har gal oʻyinchoq bilan biror narsa qilganda uning niyati, hissiyotlari yoki ishining natijasi haqida gapirib turing, masalan: “Voy, qara, bu yerda toshlarchalar bor!”, “Oʻhoʻ, qani, bu yerda nima bor ekan, mayda guruch donalari-ku!”, “Vah, urganingda chiqarayotgan ovozini koʻr, ajoyib-a!” yoki “Senga uning shiqillashi yoqyaptimi?”.
Siz bu mashgʻulot bilan boʻsh vaqtingizda uyda, bogʻda yoki boshqa ochiq joyda shugʻullanishingiz mumkin. Bolaning sogʻligʻi va xavfsizligi masalasini yoddan chiqarmaysiz, albatta.
Farzandingiz nimani oʻrganadi: ushbu mashgʻulot orqali farzandingiz oʻyinchoqni silkitib, urib, uloqtirib, mayda qismlariga eʼtibor berib turli tovushlar va oʻyinchoqning xususiyatlarini oʻrganadi. Farzandingiz mayda va yirik motorikani, yaʼni harakatlarni faol ishlatadi.