Qoʻrqinchli tushlar

Qoʻrqinchli tushlar bu – bolalarni uygʻotib, qoʻrquv va xafa boʻlishlariga olib keladigan yomon tushlar. Agar bolangiz yomon tush koʻrsa uni hamma narsa joyida ekaniga ishontirishingiz kerak. Yomon tushlar stress va travma tufayli paydo boʻlishi mumkin. Agar tashvishingiz arimasa mutaxassisga murojaat qiling.
Body

Bolalardagi qoʻrqinchli tushlar nima?

Qoʻrqinchli tushlar bu – bolalarning qoʻrqib, bezovtalanib uygʻonishiga olib keladigan yomon tushlar.

Bolalarda yomon tushlar koʻrish odatiy holdir:

  • tajovuzkor itlar, akulalar yoki oʻrgimchaklar kabi hayotiy xavflar;
  • yirtqich hayvonlar kabi xayoliy qoʻrquvlar;
  • ular koʻrgan yoki boshidan kechirgan qaygʻuli voqealar (masalan, biron kasallik tufayli hayotlarida yuz bergan oʻzgarishlar).

Soʻzlash qobiliyatiga koʻra bolalar baʼzida yomon tushlari haqida batafsil aytib berishlari mumkin.

Qoʻrqinchli tushlar odatda kechaning ikkinchi yarmida, bolangiz yengil uxlab, tush koʻrganda sodir boʻladi. Baʼzi yosh bolalarda qoʻrqinchli tushdan keyin qayta uxlash qiyin kechishi ham mumkin.

Yomon tushlar bilan kurashish boʻyicha maslahatlar

Bolalar koʻpincha qoʻrqinchli tushdan keyin yigʻlab uygʻonishadi va xafa boʻlishadi. Ularga sizdan tasalli kerak. Bolalar ulgʻaygani sayin tush nima ekanini farqlab, tushunib borishadi.

Farzandingizning yomon tushlarini boshqarishga yordam beradigan tavsiyalar:

  • Agar sizning farzandingiz qoʻrqib uygʻonsa bu yomon tush ekanini tushuntiring. Hammasi yaxshi ekani, hech qanday xavf yoʻqligiga ishontiring. Oʻpish va quchoqlash uning tezda tinchlanishiga yordam beradi.
  • Farzandingizga qoʻrqinchli tushdan keyin qoʻrquvni his qilish yaxshi ekanini ayting. Qoʻrquvni rad etishdan yoki uni jerkishdan saqlaning. Chunki bolalar uchun dahshatli tushlar haqiqatan ham hayotiy tuyulishi mumkin.
  • Agar maktabgacha yoshdagi bolangiz yirtqich hayvonlar haqida bilishni istasa tushuntiring: “Yirtqich hayvonlar qoʻrqinchli boʻlishi mumkin, lekin ular uzoqlarda yo qafasda boʻlgani uchun bolalarga zarar yetkaza olmaydi”.
  • Farzandingiz ertasi kuni qoʻrqinchli narsalar haqida gapirsa, sabr qiling. Uning tashvishlariga quloq soling – ularni eʼtiborsiz qoldirmang. Yomon tush haqida xotirjam gapirish uning hissiy kuchini kamaytirishi mumkin. Ammo agar sizning farzandingiz yomon tushni unutganga oʻxshasa, ehtimol bu mavzuni ochmaslik yaxshiroqdir.
  • Farzandingiz oʻsib-ulgʻaygani sayin, yomon tush koʻrib uygʻonib ketsa, keyin yana uxlab qoladigan boʻladi. Siz maqtovni ishlatishingiz mumkin, masalan: “Kechagi yomon tushingdan keyin sen oʻzingni juda yaxshi tutding”.

Agar bolangiz koʻp tush koʻrsa yo bir narsadan qayta-qayta taʼsirlansa, quyidagi usullarni sinab koʻring:

  • Farzandingizdan boshqa bolalar bilan muloqot, teledasturlar, kompyuter oʻyinlari yoki boshqa kunduzgi tajribalar haqida muloyimlik bilan soʻrang. Shunda siz unga qoʻrqinchli tushlarni qoʻzgʻatadigan tajribalardan qochishga yordam bera olasiz. Masalan, agar bolangiz “Doctor Who”ni (yoki biror qoʻrqinchli filmni) koʻrgan boʻlsa, qoʻrqinchli tushlar koʻrsa, ushbu filmni koʻrmasligining harakatida boʻlgan maʼqul;
  • Farzandingiz bilan bola darajasida, hozirda yangiliklar yoki ularning hayotidagi voqealar haqida gaplashing. U voqealarni qanday tushunadi va nimadan xavotirda?
  • Farzandingizga takrorlanadigan tushni oʻzgartirishga yordamlashing. Misol uchun, agar tush koʻpincha qoʻrqinchli, begonani oʻz ichiga olsa, bolangizga begona odamni yoʻq qilish uchun sehrli tayoqcha borligini taklif qiling. Yomon tushda qanday qilib qahramon boʻlish haqida gʻoyalar bering. U bu fikrlarni kunduzi miyasida oʻtkazishi mumkin.
  • Farzandingiz muntazam ravishda yetarlicha uxlashiga ishonch hosil qiling.
  • Agar bolangiz tushkunlikka moyil boʻlsa, uxlashdan oldin uning qanday qilib yaxshi dam olishiga yordam berish haqida bosh qotiring.

Yordam olish

Farzandingiz yomon tush koʻrsa va kunduzi koʻp tashvishlansa, mutaxassislardan maslahat soʻragan yaxshi.

Agar bolangiz biron noxush voqeani boshdan kechirgan boʻlsa (masalan, yongʻin, avtohalokat, maktabining yopilishi kabi) shular taʼsirida tush koʻrgan boʻlishi ehtimoli yuqoridir. Uning bu taʼsirdan chiqib olishida kerak boʻlsa ruhshunosdan ham yordam soʻrang.

 

Qoʻrqinchli tushlarning paydo boʻlishiga nima sabab?

Vaqti-vaqti bilan yomon tushlar koʻrish hammada odatiy hol. Agar bolangiz ora-sira qoʻrqinchli tush koʻrsa, bu uning hislarida oʻzgarish borligini anglatmaydi. Xavotir olmang.

TasavvurI keng boʻlgan bolalar, boshqa bolalarga qaraganda koʻproq yomon tush koʻrishlari mumkin. Bundan ham xavotir olmang.

Ammo agar sizning bolangiz takrorlanuvchi yomon tush koʻrsa, u kun davomida qandaydir qoʻrquvni boshdan kechirgan boʻlishi mumkin. Travmatik hodisalar ham yomon tushlarni keltirib chiqaradi. Agar bola qandaydir ruhiyatiga shikast yetuvchi hodisani boshidan kechirgan boʻlsa, u bundan keyin bir necha kun, hafta, hatto oy davomida qoʻrqinchli tush koʻrishi ham mumkin.