Qulay boshpana yasang

Kerak boʻladigan materiallar: eski choyshablar, qistirgichlar, yostiqlar.

Birgalikda nima qilishingiz mumkin: bolalarga qulay boshpana yasash uchun joy tanlashga yordam bering. Agar uni bogʻda yasamoqchi boʻlsangiz, chayla koʻrinishida boʻlishi uchun choyshablarni daraxt shoxlariga qistiring, yerga adyol va yostiqlar toʻshang – chaylangiz shinam va qulay boʻladi. Shuningdek, bolalarga boshpana ichida birorta mashgʻulot taklif qilishingiz ham mumkin – rasm chizish, kitob oʻqish, stol oʻyinlari va h.k.

Agar siz boshpanani uyning ichida yasamoqchi boʻlsangiz, 2–3 ta stul yoki katta stolning ustiga katta choyshab yopib ajoyib makonga ega boʻlasiz. Bolalarga qurilish jarayonida qatnashish juda yoqadi, ularni yordamga chaqiring. Ularda qanday gʻoyalar bor?

Bolalarni boshpanalari qanaqa boʻlishi haqida tasavvur qilishga undang. Qalʼami? Kosmik kemami? Yer osti gʻorimi? Farzandlaringizning boshpanasi ularni qiziqarli ijodiy oʻyinlar olamiga olib oʻtsin!

Bolalar oʻz inlari qanaqa boʻlishini aniqlab olganidan keyin ulardan kiyim almashtirib, rolli oʻyin oʻynashni soʻrang. Ular soatlab quvnashadi!

Farzandingiz nimani oʻrganadi: boshpana qurish – bolalar uchun qiziqarli va hayajonli mashgʻulot boʻlib, ularning tasavvurini uygʻotishga, jamoaviy ishlash va muammolarni hal qilish koʻnikmalarini rivojlantirishga yordam beradi. Shuningdek, bolalarga yashirinib oʻynashlari mumkin boʻlgan yangi “maxfiy joy” ham yoqadi!