Quvnoq simfoniya
Kerak boʻladigan materiallar: paketlar, plastik idishlar, boʻsh temir bankalar.
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: farzandingiz bilan birga bogʻ, park, suv havzasi yoki uyingiz hovlisiga aylanishga chiqing. Sayr davomida bolangizdan tovushlar chiqaradigan buyumlarni izlab koʻrishni soʻrang, masalan, qurigan barglar, toshchalar, chigʻanoqlar, tayoqlar, gʻuddalar, daraxt poʻstloqlari yoki suvoʻtlar. Kichkintoylar har bir predmet qanday tovush chiqarishini oʻylab koʻrsin, turli buyumlar bilan tajribalar oʻtkazing. Bolalar yetarlicha predmet toʻplagach, ularni atrofingizga idishlar bilan birga terib chiqing va shovqin solishni boshlang! Istalgan narsalar bilan va istalgan tarzda shovqin solish mumkin – shitirlash, dirillash, qisirlash, taqirlash va jaranglash – sizning simfoniyangizga hammasi toʻgʻri kelaveradi!
Avstriyada faqatgina sabzavotlardan yasalgan musiqa asboblaridan foydalanadigan orkestr bor. Tomoshadan keyin bu sabzavotlardan shoʻrva tayyorlanadi!
Farzandingiz nimani oʻrganadi: turli xil narsalar va materiallar yordamida tovushlar chiqarish – bolalarning ijodiy qobiliyatlarini yuzaga chiqarish, ularni tinglashga oʻrgatish, shuningdek, atrof olamdagi turli xil materiallar haqida koʻproq bilib olishning ajoyib usuli. Shu bilan birga, bu bolaning konsentratsiyasini yaxshilashga va oʻziga boʻlgan ishonchini mustahkamlashga yordam beradigan qiziqarli mashgʻulotdir.