Rok yulduzi

Kerak boʻladigan materiallar: plastik idish, plastik yoki yogʻoch qoshiq.

Birgalikda nima qilishingiz mumkin: mashgʻulotni boshlashdan oldin kichkintoy bilan oʻynashingiz uchun joy hozirlang. Farzandingizning atrofiga yostiqlar qoʻyib, oʻzingizga qaratgan holda stul yoki polga oʻtqizing.

Dastlab kichkintoyga buyumlarni koʻrsating, ularga teginishga, ular bilan tanishishga imkon bering, keyin idishga qoshiq bilan urib tovush chiqaring. Bolakayning diqqatini jalb etganingizni koʻrsangiz, qoshiqni unga bering va birgalikda tovush chiqarishni taklif qiling. Kichkintoyning qoʻlidan ushlab, harakatlaringizni qaytarishga undang, keyin esa bu ishni mustaqil ravishda bajarishiga imkon bering.

Mashgʻulot davomida kichkintoyingizni soʻzlar yoki qarsaklar bilan qoʻllab-quvvatlang va hamisha kulib turing, shu tariqa u sizga taqlid qilishga ragʻbat oladi.

Farzandingiz nimani oʻrganadi: bu mashq orqali kichkintoyingiz harakat va yuz ifodalariga taqlid qilishni oʻrganadi va bu uning ijtimoiy koʻnikmalari rivojlanishiga yordam beradi.