Sakraydigan joʻja
Kerak boʻladigan materiallar: 10 ta choʻp.
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: bu oʻyin bir-birlari bilan musobaqalashadigan ikki kishilik jamoalar yoki ikkita ishtirokchi oʻrtasida oʻynalgani maqsadga muvofiq.
Birinchi navbatda, oʻyin uchun park, umumiy bogʻ yoki xiyobonda ochiq muhit toping. Bolalardan har bir jamoa uchun 10 tadan choʻp topishni soʻrang (30 cm atrofida boʻlgani yaxshi).
Bu oʻyinni yomgʻirli kunda uy ichida oʻynayotgan boʻlsangiz, choʻplar oʻrnida nimani ishlatgan boʻlardingiz? Qogʻoz qalamchalar yoki paypoqdan foydalanish mumkin!
Bolalar choʻplar yoki oʻzlari topib kelgan boshqa narsalarni yerga zinaga oʻxshatib, gorizontal holatda qoʻyib chiqishlari kerak. Har bir jamoaning birinchi ishtirokchisi ularning ustidan bir oyoqlab “zina” tugaguncha hatlab oʻtadi.
Keyin ular oxirgi choʻpni olib, sakragan holda dastlabki joylariga qaytib borishi va uyum hosil boʻlishi uchun tayoqchani yerga tashlashi kerak boʻladi.
Har bir jamoa ishtirokchilari barcha choʻplar yigʻilmaguncha navbat bilan bu topshiriqni bajaradi, choʻplarga oyogʻi tekkan yoki ikkala oyogʻini ham yerga qoʻygan ishtirokchi oʻyindan chiqib ketadi!
Oʻyinda koʻproq qatnashgan yoki birinchi boʻlib choʻplarni yigʻib tugatgan jamoa gʻolib hisoblanadi.
Agar kichkina ishtirokchilarga bir oyoqlab sakrash qiyinlik qilsa, ular choʻplar orasida ikki oyoqlab sakrashi mumkin. U holda choʻplarga oyogʻini tekkizgan ishtirokchi oʻyindan chiqib ketadi.
Farzandingiz nimani oʻrganadi: sakraydigan joʻja – tezlik, muvozanat va dadillikka asoslangan anʼanaviy xitoy oʻyini. U turli yoshdagi bolalar orasida ommalashgan va uni bogʻda yoki yomgʻirli kunda uyda oʻynash mumkin!