Saralash oʻyini

Kerak boʻladigan materiallar: topish oson boʻlgan bir necha turdagi mayda buyumlar, masalan, rang-barang qogʻoz qistirgichlari, rangli qalamlar, turli shakldagi makaronlar, har xil yormalar, daraxtlarning barglari (har xil).

Birgalikda nima qilishingiz mumkin: bir-biriga oʻxshash buyumlarni (masalan, barglar) stol ustiga yoki yerga bir uyum qilib toʻplang. Bola uchun qiziqarli muhit yarating. Masalan: “Oʻ-hoʻoʻ, bizda birtalay turli xil barglar bor ekan...” singari biror gap ayting va bolaning qiziqishini oshirish uchun qiziquvchan yuz ifodasini hosil qiling. Farzandingiz barglarni biroz oʻrganib chiqishiga imkon bering, shundan soʻng ularni turli yoʻllar bilan saralashga undang. Kichikroq bolalarga shunchaki: “Kel, ulardan baʼzilarini birlashtiramiz. Sen qanaqasini yigʻmoqchisan?” deb soʻrang, keyin shunday izoh bering: “Sen katta barglarni toʻplabsan. Kel, endi mayda barglarni yigʻamiz”. Kattaroq bolalarni esa turli mezonlarga koʻra saralashga undashingiz mumkin. Masalan, “Yashil qistirgichlarni bir tarafga, qizil qistirgichlarni boshqa tarafga qoʻy”. Jarayon davomida farzandingizni iloji boricha koʻproq maqtang, mashgʻulot davomida unga shunday soʻzlarni ayting: “Sen qizilni olding, uni boshqa qizillarga qoʻshib qoʻy”. Bolaning qilayotgan ishini toʻgʻrilashga urinmang – bu yoshda kamchiliklar “xato” hisoblanmaydi. Buning oʻrniga shunchaki “Voy, sariq rang qizillar orasiga tushib qolibdi” deb tushuntiring. Yoshiga qarab farzandingizga maya buyumlarni yoki bir-biridan farqlash qiyin boʻlgan buyumlarni berishingiz mumkin.

Bu mashgʻulotni uyda oʻtkazish osonroq, ammo imkoningiz boʻlsa, ochiq havoda barglar, urugʻlar yoki boshqa tabiat jismlarini toʻplashingiz va ularni saralashning turli usullarini oʻylab koʻrishingiz mumkin.

Farzandingiz nimani oʻrganadi: ushbu mashgʻulotda bola buyumlarni saralash davomida ularni solishtirib, kognitiv fikrlashini rivojlantiradi.