Sening navbating, mening navbatim

Kerak boʻladigan materiallar: qoidalarga ega istalgan oddiy oʻyin. Masalan, sotib olingan yoki uyda yasalgan stol oʻyini, kartochkalar oʻyini kabi. Kartochkali oʻyin uchun oʻzingizda bor kartochkalardan foydalaning (balki, bir nechta raqamlarnigina ishlatish mumkin) yoki oʻz toʻplamingizni yarating. Shunchaki juftlikdagi oddiy shakllar yoki rasmlarni chizishingiz ham mumkin (ikkita qush, ikkita mushuk va boshqalar). Uyingizda yoki tashqarida farzandingizga yoqadigan boshqa har qanday oʻyin.

Birgalikda nima qilishingiz mumkin: oʻyinni farzandingiz bilan birga, unga yoqadigan usulda oʻynang. Farzandingiz baʼzi qoidalarga amal qilishi, ammo baʼzilarini unutishi osonligini sezasiz. Xavotirga oʻrin yoʻq! Oʻyin vaqtida navbat almashib turasiz: “Oʻhoʻoʻ, sen oʻyin toshingning joyini uch marta oʻzgartirding. Endi mening navbatim”. Yoki “Ajoyib! Sen mushuklarning surati tushirilgan ikkita kartochkani topding. Endi mening navbatim”. Farzandingizga gʻoyani tushuntirish uchun “sening navbating” va “mening navbatim” soʻzlarini tez-tez ishlating. “Endi kimning navbati? Rahmat!” deyishingiz ham mumkin. Gʻalaba va magʻlubiyatga emas, birga oʻynash zavqiga eʼtibor berib, oʻyinni maroqli qiling.

Agar siz bilan oʻynasa, farzandingizga oddiy oʻyin ham yoqadi!

Farzandingiz nimani oʻrganadi: farzandingiz oʻsib-ulgʻaygach, qoidalarga amal qilishi kerak boʻladigan holatlar koʻp uchraydi (maktabda navbatda turish, maktab mashgʻulotlarini oʻtkazish uchun oʻquv qurollarini kutish va h.k.). Ushbu mashgʻulot – bu tajribaga asta-sekin kirib borishning yoqimli usuli. Navbat almashish bolalarning kognitiv va ijtimoiy rivojlanishidagi muhim qadamdir. Ushbu mashgʻulot oʻyinni hayotga tatbiq qilishni oʻrgatuvchi usullardan biri hisoblanadi.