Sensorli tabiiy qutilar
Kerak boʻladigan materiallar: qutilar (poyabzal qutilari boʻlsa yaxshi), koʻz bogʻichi, turli tabiiy narsalar.
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: qutilaringizga tabiiy narsalar topish uchun tabiat qoʻyniga otlaning. Oʻz buyumlaringizni yigʻishni boshlashdan oldin ularning xavfsiz ekaniga ishonch hosil qiling. Barglar, mayda toshlar, chigʻanoqlar, shoxlar, qaragʻay gʻuddasi, choʻchqayongʻoq, oʻt-oʻlanlar, xashak, gullar va qum yaxshi mos keladi.
Har bir olingan elementni alohida qutilarga soling, soʻng ularni yonma-yon joylashtirgan holda stol ustiga yoki yerga qoʻying. Qancha koʻp element / buyum yigʻsangiz va ularning yuza tuzilishi xilma-xil boʻlsa, shuncha yaxshi! Keyin esa ishtirokchilar koʻzlari bogʻlangan holda turli buyumlarni navbatma-navbat qoʻllari bilan paypaslab koʻrishadi – qani, ular faqat oʻz sezgilari yordamida hamma buyumlarni topa oladimi?
Oʻyindan oldin bu narsalarni hech kim koʻrmagani maʼqul. Ammo ishtirokchilar qanday tabiiy narsalar qoʻyilganini bilsa yoki oʻyinni yana bir necha marotaba takrorlamoqchi boʻlsa, siz har safar qutilarning oʻrnini almashtirishingiz mumkin. Shuningdek, bu oʻyin uchun vaqt belgilashingiz va kim buyumlarni hammadan tez topishini koʻrishingiz mumkin.
Bu oʻyinni hamma oʻynab boʻlgach, ishtirokchilar narsalarni faqatgina qutilarga tegingan holda topa olish-olmasligini aniqlang. Ular tabiiy obyektlarni qutilarni koʻtarib, silkitib, quloq solib toʻgʻri aniqlay oladimi?
Farzandingiz nimani oʻrganadi: bolalar uchun ochiq havoda oʻtkaziladigan ushbu mashgʻulot ularni tabiatga qiziqtirishning ajoyib usuli hisoblanadi. Barcha turdagi tabiiy materiallarga teginish va his qilish orqali bolalar oʻzlarining sezgilarini sinab koʻradi va atrof olam haqida bilib oladi!