Shiftdagi shakllar
Kerak boʻladigan materiallar: bolani yotqizish uchun yuza yoki oʻrash uchun yoʻrgak; shishiriladigan koptok yoki bolalar osma oʻyinchogʻi; rangli qogʻoz shakllari; skotch.
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: farzandingiz hali juda kichkina boʻlsa, har qanday fursatdan foydalanib, uni ragʻbatlantirish va mahoratini rivojlantirish kerak. Bu safar farzandingizga motorikasini rivojlantirishda yordam berasiz.
Shishiriladigan koptokni, osma oʻyinchoqni yoki rangli shakllarni bolangizni kiyintiradigan joyning tepasiga, shiftga osib qoʻyishingiz mumkin. U siz yeta oladigan, ammo chaqalogʻingiz yeta olmaydigan masofada boʻlishi kerak.
Kichkintoyingiz ikki oyga toʻlmagan boʻlsa, osma oʻyinchoqni farzandingizdan 30 cm masofada osib qoʻyganingiz maʼqul. Agar kichkintoyingiz biroz kattaroq boʻlsa, masofani 90 cm gacha uzaytirishingiz mumkin.
Taglikni almashtirish vaqti keldi! Farzandingizni yoʻrgaklov stoli ustiga qoʻying va uning eʼtiborini osilgan narsaga qarating. Taglik almashtirishni boshlagunga qadar uni bir zum kuzatib turing. Osma oʻyinchoqlarni biroz harakatlantiring va uning reaksiyasini kuzating.
Kichkintoyingiz hayratlanadi va unga yetishga harakat qilishi ham mumkin. Farzandingiz urinib koʻrishiga ruxsat bering va bu uchun maqtang.
Taglik almashtirishni tugatgach, chaqalogʻingizni qoʻlingizga oling va uni oʻyinchoqlarga yaqinlashtiring. Chaqaloq unga tegsin va unga turli tomondan qarasin.
Farzandingiz nimani oʻrganadi: ushbu mashqlar yordamida kichkintoyingiz boʻyin, bosh, tana va qoʻl mushaklarini mustahkamlaydi, bu esa vaqti kelganida emaklab yurishiga yordam beradi. Shuningdek, ushbu mashgʻulot kichkintoyingizning koʻrish qobiliyatini, diqqatini jamlashini va ijodiy qobiliyatini rivojlantiradi.