Sil
Sil – bakteriyalar (sil tayoqchasi) keltirib chiqaradiqan yuqumli kasallik. U koʻpincha oʻpkani zararlaydi, lekin kasallikning belgilari zararlangan aʼzo bilan bogʻliq boʻlganda, tananing boshqa qismlariga – buyraklar, suyaklar, miya, ichak va boshqa aʼzolarga ham tarqalishi mumkin. Dunyo aholisining uchdan bir qismi ushbu bakteriyaning tashuvchisi hisoblanadi va ularda kasallik belgilari boʻlmaydi (bu yashirin shakl). Biroq zararlangan insonlarning 10 foizida hayotning qaysidir bosqichida, ularning immuniteti pasayganda kasallik namoyon boʻladi.
Infeksiya manbai
Infeksiya manbai bemor odam hisoblanadi: u aksirishi, yoʻtalishi va tuflashi natijasida atrofdagi havoga bakteriyali tomchilar tarqaladi, bu havodan boshqa odamlar nafas oladi va kasallanadi. Infeksiya kam taʼminlangan va aholi zich hududlarda tez tarqaladi, shuning uchun uni yuqtirgan odamning oila aʼzolari va yaqin doʻstlarida kasallikka chalinish xavfi yuqori boʻladi. Kasallik rivojlanishining xavf omillariga chekish, spirtli ichimliklar va giyohvand moddalar isteʼmol qilish, immun tanqisligi (OIV/OITS kabi) kabilar kiradi.
Inkubatsion davri
Kasallik infeksiya yuqqanidan bir necha hafta yoki yillar oʻtib namoyon boʻlishi mumkin.
Oʻpka silining belgilari quyidagilar:
- uch hafta yoki undan ortiq davom etadigan yoʻtal;
- qon yoki yiringli, balgʻamli yoʻtal;
- nafas olish va yoʻtalish paytida koʻkrakda ogʻriq boʻlishi;
- charchash;
- isitma;
- tunda terlash;
- ishtahaning yoʻqolishi;
- vazn yoʻqotish.
Agar yuqoridagi belgilarni sezsangiz, ayniqsa, bola sil kasalligiga chalingan odam bilan aloqada boʻlgan boʻlsa, kechiktirmasdan shifokor bilan maslahatlashing.
Silni davolash
Kasallikni davolash uzoq vaqt davomida silga qarshi dorilarni qoʻllash orqali amalga oshiriladi. 2 yoshgacha boʻlgan bolalar kasallikning ogʻir, keng tarqalgan shakllariga ayniqsa taʼsirchan va moyil boʻladi, ularni aniqlash va davolash qiyin kechadi, koʻpincha oʻlim bilan tugaydi.
Silning yashirin shaklini davolash
Agar bola yoki kattalar sil kasalligiga yoʻliqqan odam bilan koʻp marta muloqot qilgandan keyin uni yuqtirib olgan boʻlsa, kasallik belgilari boʻlmasa ham, bakteriyalarni yoʻq qilish va kasallik faollashishining oldini olish uchun uni davolashni boshlash kerak. Kasallikni aniqlash Mantu deb nomlangan tuberkulin teri sinamasi yoki qon tahlili usulida amalga oshiriladi. Teri sinamasi topshirayotgan shaxs oʻtkazilgan sinamaning taʼsirini tekshirtirish uchun 48–72 soat ichida mutaxassisga qayta koʻrinishi kerak.
Kasallikning oldini olish
Chaqaloqlarni sil kasalligidan himoya qilish uchun “tirik” BSJ vaksinasi (silga qarshi vaksina) qoʻllanadi. Bu sil bakteriyalarining kuchsizlantirilgan turidir. Bu chaqaloqlar uchun muhim emlash hisoblanadi, chunki u miya infeksiyasidan deyarli toʻliq saqlashi va sil bilan bogʻliq oʻpka asoratlarining qisman oldini olishi mumkin. Ushbu emlash tugʻuruqxonadan chiqishdan oldin yangi tugʻilgan chaqaloqlarning chap qoʻl yelkasiga qilinadi. Agar chaqaloq biror sababga koʻra emlash olmagan boʻlsa (masalan, tugʻuruqxonadan tashqarida tugʻilgan boʻlsa), uni 2 oylikkacha yoki 12 oydan kechiktirmasdan emlash kerak.