Sinish, chiqish, siljish, choʻzilish

Bolalarda mushak va tayanch-harakat tizimining shikastlanishi tez-tez uchraydi. Shuning uchun uyda, oʻyin maydonchasida, transport vositasida bolaning xavfsizligini taʼminlash, sport va dam olish vaqtida himoya vositalaridan foydalanish, ortiqcha yuklamalardan qochish kerak.
Body

Mushaklar, suyaklar yoki boʻgʻimlar shikastlanishining belgilariga quyidagilar kiradi:

  • harakat paytida kuchayadigan ogʻriq va noqulaylik;
  • shikastlanish joyining shishishi;
  • boʻgʻim yoki suyakning odatdagidan farq qiladigan shakli;
  • shikastlangan tana qismining gʻayritabiiy joylashuvi;
  • shikastlangan tana qismini nazorat qila olmaslik yoki harakatlantira olmaslik;
  • tananing shikastlangan qismi sovuq va sezuvchanligi yoʻqolgan.

Shikastlanish holatida nima qilish kerak?

  • Bolaga tasalli bering va harakat qilmasligini ayting.
  • Tananing shikastlangan qismini, shikastlanganda qanday holatda boʻlsa, shunday holda harakatini cheklash – yumshoq narsa (yostiq va boshqalar) qoʻying yoki qoʻlingiz bilan ushlab turing.
  • Zarar yetkazilgan tana qismini shina (tayanch) bilan bogʻlab, harakatsizlantiring. Uchta asosiy narsa kerak: qattiq narsa, yumshoq mato va shikastlangan joyni qattiq narsaga bogʻlash uchun bint/doka. Har qanday qattiq narsalarga quyidagilar kirishi mumkin: dazmol taxtasi, pol yuvgich dastasi, soyabon. Agar qoʻl ostida qattiq narsalar boʻlmasa, yumshoq narsalar – buklangan yostiq, adyol, sochiq yoki kiyim-kechakdan foydalanish kerak boʻladi. Yumshoq narsalarni qattiq tayanch va tananing shikastlangan joyi orasiga qoʻyish kerak. Yasalgan shina/tayanchni tanaga har qanday narsa bilan bogʻlab qoʻyish mumkin – uzun mato, arqon, bel kamarlari va boshqalar. Bu, bolani hayotiga tahdid soladigan xavfli joydan olib chiqish uchun yoki tibbiy muassasaga shoshilinch olib borish uchun talab qilinadi.
  • Agar terida jarohat boʻlmasa, shikastlangan tana qismiga matoga oʻralgan muzni qoʻying va uni kamida 20 daqiqa ushlab turing (siz bu kompresslarni 48 soat davomida, har soatda qoʻllashingiz va taxminan 20 daqiqaga qoldirishingiz mumkin).
  • Tananing shikastlangan qismini yurak darajasida yoki undan biroz yuqoriroq joylashtiring, ammo bu harakat bolaga qoʻshimcha ogʻriq keltirmasligi lozim.

Nima qilmaslik kerak?

  • Tananing shikastlangan qismini harakatlantirmang yoki toʻgʻrilab qoʻyishga urinmang, chunki bu qon tomirlari va nervlarga zarar yetkazishi mumkin!
  • Muzni toʻgʻridan toʻgʻri teriga qoʻymang!

Qachon tez yordam chaqirish kerak?

  • agar son yoki tos suyagi shikastlangan boʻlsa;
  • agar tananing shikastlangan joyning pastki qismi qattiq, oqargan, koʻkargan yoki sovuq boʻlsa;
  • agar ochiq suyak sinishi boʻlsa (singan suyak teridan chiqib tursa);
  • agar siz bolani boshqa joyga xavf yetkazmasdan olib borolmasangiz.