Siz undan foydalana olasizmi?
Sizga kerak boʻladigan materiallar: farzandingiz yaxshi biladigan kundalik buyumlar (masalan, taroq, qoshiq, tish choʻtkasi, kichik supurgi va boshqalar).
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: bu yoshda farzandingiz turli xil narsalarning nima uchun ishlatilishini tushunishini koʻrsatmoqda. U buni oiladagilarni kuzatib, shuningdek, ushbu buyumlardan oʻzi mustaqil foydalanganidan ruhlanib oʻrganadi. Siz bu borada unga yordam bera olasiz! Masalan, ertalab kiyinishda bolangizga taroq berib: “Sochlaringni tarashing mumkin!” deysiz (ehtimol, bolangizning qoʻlidan ushlab, muloyimlik bilan boshqarishingiz mumkin). “Ha, xuddi shunaqa qilish kerak, yasha!” Boshqa kundalik narsalarni ishlatishda ham buni sinab koʻring. Agar bolangiz biror ishni mustaqil bajarishga urinayotganini koʻrsangiz, uni ragʻbatlantiring – “Barakalla, mana shu supurgi bilan polni supurmoqchi boʻlyapsanmi? Katta qiz / bola boʻlib qolibsan. Yasha!”
Farzandingiz nimani oʻrganadi: narsa-buyumlar kundalik hayotda muayyan usullar bilan ishlatilishini bilish farzandingizning fikrlash qobiliyatini rivojlantiruvchi muhim qadamdir. Bola buyum (tish choʻtkasi) va uning odatdagi ishlatilishi (tishlarni tozalash) oʻrtasida aqliy aloqalarni oʻrnatmoqda – bu farzandingiz uchun katta qadam. Shu bilan birga, siz har kuni ishlatiladigan narsalar va qilinadigan harakatlarni soʻzlar bilan ifodalab farzandingizning soʻz boyligini oshirishingiz mumkin. Birgalikda zavqlaning!