Skarlatina kasalligi
Skarlatina – bolada A guruh streptokokk bakteriyalari keltirib chiqaradigan infeksiya rivojlanganda oʻziga xos toshma toshishi bilan kuzatiladigan kasallik. Bu odatda tomoq infeksiyasi va teri toshmalaridan iborat. Skarlatina alomatlari bakteriyalar bolaning tanasi boʻylab tarqalgan toksinlarni ishlab chiqarganda rivojlanadi.
A guruhidagi streptokokklar odamdan odamga havo-tomchi yoʻli orqali, yoʻtalganda, aksirganda yoki teri infeksiyasi boʻlgan odamning yarasiga tekkanda yuqishi mumkin.
Skarlatina belgilari
Skarlatina bilan kasallangan bolalarda deyarli har doim quyidagi belgilar kuzatiladi:
- tomoq ogʻrigʻi;
- toshma;
- boʻyindagi sezgir va kattalashgan limfa bezlari;
- yuqori harorat/isitma;
- qusish/qayt qilish.
Toshma
Toshma quyosh nuridan kuyishga oʻxshaydi va qum qogʻozini eslatadi. Odatda, yuz yoki boʻynidan boshlanadi va tanaga, qoʻllar va oyoqlarga tarqaladi. Qizargan teri sohasi bosilsa, u oqaradi.
Qorin, chov, qoʻltiq osti, tirsak, tizza va boʻyin atrofidagi terining burmalari odatda atrofdagi toshmalardan koʻra toʻq qizil rangga boʻyaladi.
Ogʻiz atrofi (burun-lab uchburchagi) rangpar oqish boʻlib, yuz qizarib ketgandek koʻrinishi mumkin.
Bolaning tili ham qizil, hatto malina rangiga boʻyalishi mumkin. Kasallik oʻtgandan soʻng bolalar terisi, odatda, qoʻl va oyoqning barmoq uchlarida koʻchishi mumkin.
Farzandingiz skarlatina bilan kasallangan boʻlsa, u toʻgʻri davolash boshlanganida faqat 1–2-kunlari yuqumli boʻladi. Ammo davolanmasa, u 10–21 kun davomida yuqumli boʻlishi mumkin.
Bolada skarlatina boʻlganda pediatrga murojaat qilishi kerakmi?
Ha, albatta va tezroq. Bolada skarlatina alomatlari boʻlsa, uni pediatrga koʻrsatishingiz kerak.
Skarlatina uchun tahlillar
Pediatr bolani koʻrikdan oʻtkazib, shikoyatlaringizni eshitib, farzandingizda kasallik borligini aniqlay oladi. Streptokok infeksiyasi borligini tasdiqlash uchun tomoqdan surtma ham olishi mumkin.
Skarlatinani davolash
Skarlatina qoʻrqinchli kasallik boʻlib koʻrinsa-da, lekin odatda penitsillin guruhidagi antibiotiklar bilan oson davolanadi. Bolada penitsillinga allergiya boʻlsa, pediatr boshqa antibiotikni buyuradi.
Davolash boshlangandan soʻng bolaning ahvoli odatda 48 soat ichida yaxshilanadi.
Skarlatinaning asoratlari
Skarlatina davolanmasa, A guruhiga mansub streptokokklar tufayli ogʻir infeksiya kabi asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin, baʼzan esa kechiktirilgan asoratlar, yaʼni revmatizm va glomerulonefrit (buyrak shikastlanishi) yuzaga keladi.
Skarlatinaning oldini olish
Skarlatinaga qarshi emlash mavjud emas.
A guruhidagi streptokokk bakteriyalari tarqalishining oldini olish uchun siz, farzandingiz va boshqa oila aʼzolari qoʻllaringizni sovunli iliq suv bilan muntazam ravishda yuvib turishingiz kerak. Bundan tashqari, barchangiz qoʻllaringiz bilan koʻz, burun va ogʻizga tegmaslikka harakat qilishingiz lozim.