Sovuq urishining qanday oldini olish mumkin?

Sovuq havo koʻp muammolarni keltirib chiqaradi va ulardan biri – bu sovuq urishidir. Bolalar koʻpincha qishda oʻyinlarga qiziqib ketadilar va sovuq urishining xavfli belgilarini sezmaydilar. Sovuq urishi – bu terining, ogʻir holatlarda esa chuqur toʻqimalarning (paylar, mushaklar, qon tomirlari) muzlashidan kelib chiqqan mahalliy shikastlanishdir. Sovuq urishining sabablariga atrof-muhit haroratining pastligi, sovuq havoning kuchli oqimi (shamol), sovuqda uzoq vaqt qolib ketish, kiyim va poyabzalning siqishi (tor qoʻlqop, tor yoki mahkam bogʻlangan poyabzal) kirishi mumkin.
Body

Sovuq urishining qanday oldini olish mumkin?

  • Bola sovuq havo uchun moʻljallangan issiqroq kiyim kiyishi kerak. Ammo uning haddan tashqari isib ketmasligi yoki terlamasligiga ishonch hosil qiling.
  • Bolaning yonoqlari, burni, quloqlarini yoping. Farzandingizga sharf, bosh kiyim va sovuq oʻtkazmaydigan boshmaldoqli qoʻlqop kiydiring.
  • Poyabzal oyoq barmoqlari sohasini qisadigan yoki qattiq boʻlmasligi kerak, ular yaxshi issiqlik saqlaydigan va suv oʻtkazmaydigan boʻlishi lozim.
  • Bir soatlik sayrdan soʻng, farzandingizni isinishi, issiq ichimlik ichishi va nam kiyimni almashtirishi uchun uyga olib kiring.
  • Boshmaldoqli qoʻlqoplarini yechib oling va sovuq urishining dastlabki belgilarini, masalan, barmoqlarning sezmasligi va terining rangparligi bormi, tekshiring. Koʻp bolalar barmoqlari juda muzlaganini sezmaydilar yoki koʻchadan uyga kirishni xohlamaydilar.
  • Farzandingizning barmoqlari muzlab qolmaganiga yoki sezgirligi yoʻqolmaganiga doimo ishonch hosil qiling! Agar bu sodir boʻlsa, ularni darhol isitish kerak (masalan, qoʻllarini qoʻltiq ostiga yoki qoringa qoʻyish).
  • Sovuq shamol haqida unutmang! Kuchli shamol, termometr juda past haroratni koʻrsatmasa ham, tana issiqlikni tezroq yoʻqotishiga olib keladi.
  • Chaqaloqlar va yosh bolalarni juda past haroratda va shamolda koʻchaga olib chiqmang!