Suv va qoshiq vositasida musobaqa
Kerak boʻladigan materiallar: har bir poygachi yoki jamoaga bittadan osh qoshiq, baland chashkalar, bir chelakdan suv, stol (ixtiyoriy).
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: maydonda bir-biridan 10–20 metr masofada joylashgan ikkita bekat oʻrnating, bekatlar orasidagi masofa qanchalik uzoq boʻlsa, oʻyin shunchalik murakkablashadi. Bir bekatga katta chelakda suv qoʻying – siz faqat bitta katta chelakdagi suvni ishlatishingiz yoki chelaklarni bir qator qilib joylashtirishingiz mumkin (har bir ishtirokchi / jamoaga bittadan). Keyingi bekatga esa stol va uning ustiga har bir ishtirokchi / jamoa uchun bittadan chashka qoʻying.
Oʻyinning boshidan ishtirokchilar qoshiqdan foydalanib, suvni chelakdan chashkaga olib oʻtishlari kerak. Agar jamoa boʻlib oʻynayotgan boʻlsangiz, bunda har bir ishtirokchi oʻzidan keyin qoshiqni boshqa ishtirokchiga uzatib, vazifani galma-galdan bajarishadi.
Oʻz chashkalarini birinchi boʻlib toʻldirgan ishtirokchi yoki jamoa gʻolib boʻladi! Ishtirokchilarga belgilangan moʻljalni aniq koʻrsatish uchun chashkalarga “toʻldi / finish” degan chiziqli belgi qoʻyish ham mumkin.
Tezlik har doim ham foyda bermasligini, baʼzan sekinlik bilan ham samarali natijalarga erishish mumkinligini bolalar tez orada tushunib yetishadi!
Oʻyinni yanada murakkablashtirish uchun ishtirokchilarning harakatlanish yoʻllariga toʻsiqlar oʻrnating. Yanada zavqli boʻlishi uchun esa tomoshabinlar ishtirokchilarga suvli pistoletlar bilan suv purkab turishi mumkin!
Farzandingiz nimani oʻrganadi: tadbirlar uchun moʻljallangan bunday qiziqarli oʻyin turli yoshdagi auditoriyaga birday yoqadi, shu bilan birga, tayyorgarlik va jihozlar minimal darajada talab etiladi! Oʻsmirlar oʻzlarining chaqqonligi, muvozanatni saqlay olishi va muvofiqlashtira olishini sinab koʻrishdan bir olam zavq va quvonchga toʻladi.