Tabiat qoʻynidagi oʻyinlar

Ochiq havoda vaqt oʻtkazish farzandingiz, shuningdek, butun oilangiz uchun qiziqarli taassurotlar olish va birgalikda sarguzashtlarni boshdan kechirish imkoniyatidir. Tabiat qoʻynida oʻynash – qum oʻynash, yerda oʻtirib oʻynash, barglar yigʻish, “barglardan shoʻrva tayyorlash”, gullarning “siyohini” siqib rasm chizish “kir boʻlish” mumkinligini anglatadi. Ochiq havodagi oʻyinlarni uydagi oʻyinlar kabi toza va ozoda oʻynab boʻlmasa-da, ular ancha qiziqarlidir!
Body

Tabiat qoʻynida oʻynaladigan oʻyinlar odatda qatʼiy tuzilishga ega emas. Atrof-muhit – oʻtloqlar, oʻrmonlar boladan uni qanday oʻrganish va undan qanday zavq olishni oʻzi oʻylab topishni talab qiladi. Bunday ragʻbatlantirish bolalar uchun juda foydali. Bundan tashqari, ochiq havodagi oʻyinlar imkon boʻlganida bolaning kundalik uy ishlarida ishtirok etishi va yordam berishini (bogʻ, hovli, gullar va hokazolarni tozalash va parvarish qilish) ham oʻz ichiga olishi mumkin. Parkdagi oddiy sayr bolani xavfsizlik toʻgʻrisida yangi narsalarni bilib olishga, atrof-muhit haqida gapirishga, odamlarning xatti-harakatlarini kuzatish hamda tahlil qilish kabi ishlarga undashi mumkin.

Ochiq havodagi oʻyinlar haqida oʻylaganimizda xayolga keladigan birinchi narsa bu – harakat cheklovlarining sezilarli darajada kamayishi. Hatto endigina yurishni oʻrganayotgan yoki yurishni mashq qilayotgan kichik bolalarda ham, hali emaklayotgan kichkintoylarda ham bunday oʻyinlardan zavqlanish uchun juda koʻp imkoniyatlar mavjud.

Ochiq havoda boʻlish kichik yoshdagi bolalarga turli xil yangi hidlar, tovushlar, teginish orqali turli sirtlarni oʻrganish uchun koʻplab imkoniyatlar tugʻilishini anglatadi. Kichkintoyingiz bilan sayrga chiqing – uning zavq bilan oʻynashiga imkon bering: adyolda qorni bilan yotsin, emaklasin, barglar shitirlashini tomosha qilsin, ularni oyoqlari bilan bossin yoki qoʻllari bilan ushlasin. Unutmang, bunday sarguzashtlar quvonchining yarmi siz bilan oʻzaro faoliyatga bogʻliq boʻladi: kichkintoy bilan gaplashing, uni qoʻlingizga oling, qoʻllarini choʻzib istagan narsasini olishiga yordam bering, uni nima qiziqtirayotganini yoki u nimani boshdan kechirayotganini aniqlang va buni nomlang, bolani gapirishga va quchoqlashga undang.