Tasavvur, ijod va oʻyin: maktabgacha yoshdagi bolalar

Oʻyin maktabgacha yoshdagi bolalarning umumiy rivojlanishi uchun muhim boʻlgan ijodkorlik va tasavvurni shakllantiradi. Maktabgacha yoshdagi bolalar yorqin tasavvurga ega. Ular koʻpincha rolli oʻyinlar, ijodkorlik, qoʻl hunari va musiqaga qiziqadi. Maktabgacha yoshdagi bolalarning tasavvurini kuchaytiruvchi oʻyin gʻoyalari oʻqish, tabiat qoʻynida sayr qilish, “band qutilar”, kiyim almashtirish, qoʻgʻirchoq oʻyinlari va boshqalarni oʻz ichiga oladi.
Body

Maktabgacha yoshdagi bolalar oʻyinlari: bu nega tasavvur va ijodiy rivojlanish uchun muhim?

Oʻyin maktabgacha yoshdagi bolalarda ijodkorlik va tasavvurni rivojlantiradi, bu yosh esa ularning hayotidagi eng ijodiy davrlardan biri boʻlishi mumkin.

Maktabgacha yoshdagi bolalarning tasavvurlari oʻsgan sari ularda quyidagi imkoniyatlar paydo boʻladi:

– ishonchni mustahkamlash;

– his-tuygʻularini ifoda etish va muloqot koʻnikmalarini oʻrganish;

– oʻzaro moslik va motorikani rivojlantirish, mashq qilish va yaxshilash;

– qaror qabul qilish, muammolarni hal etish va tanqidiy fikrlashni mashq qilish;

– gʻoyalarni xavfsiz muhitda oʻrganish.

Bularning barchasi maktabgacha yoshdagi va undan katta bolalar uchun juda muhim koʻnikmalardir.

Maktabgacha yoshdagi bolaning tasavvuri rivojlanayotganda nimani kutish mumkin?

Taxminan uch yoshdan boshlab bolangiz qoʻgʻirchoqlardan foydalanishni va ularni kiyintirishni, sizga aslida boʻlmagan voqealar haqida juda batafsil hikoya qilishni yoki xayoliy doʻstga ega boʻlishni yaxshi koʻrishi mumkin. U oʻzini katta odam, shifokor yoki kosmonavt deb tasavvur qilishi mumkin.

Maktabgacha yoshdagi farzandingiz egri-bugri chiziqlar, rasmlar chizish, boʻyash va yopishtirishga juda qiziqishi mumkin. Taxminan toʻrt yoshda u oʻz tasavvuridan foydalanib joylarni, narsalarni va odamlarni koʻplab tafsilotlari bilan chiza oladi.

Besh yoshga kelib bolangiz oʻz fikr va gʻoyalarini rasm chizish orqali ifodalay oladi. U hikoyalar aytib berish, his-tuygʻularini koʻrsatish yoki koʻrgan narsalarini tasvirlash uchun sanʼatdan foydalanishni ham boshlashi mumkin.

Esingizda boʻlsin, bu yoshdagi bolalar har doim ham haqiqat va xayolot mahsulini ajrata olmaydi. Demak, ertaklardagi har qanday qoʻrqinchli mavjudotlar farzandingiz uchun haqiqiydek koʻrinishi mumkin. Agar bolangiz qoʻrqinchli tush koʻrsa, uni xavfsiz joyda ekanligiga, qoʻrqinchli mavjudot shunchaki xayolot ekanligiga ishontiring.

Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun oʻyinlar va ijodiy faoliyat:

Farzandingizga sizning ishtirokingizsiz, oʻz uslubida oʻynashiga ruxsat bering. Ammo unga hali ham sizning daldangiz va muammo yuzaga kelganda yordamingiz zarurligini yodda tuting.

Farzandingizning tasavvurini rivojlantirishga yordam beradigan baʼzi oʻyin gʻoyalari:

– hikoyalar ayting va kitob oʻqib bering. Maktabgacha yoshdagi bolangiz oʻziga tanish hikoyalar uchun har safar yangi xotimalar oʻylab topishni yoqtirishi mumkin. Shuningdek, unga maʼnosiz qofiyalar va topishmoqlarni aytib koʻring. Maktabgacha yoshdagi bolalar, ayniqsa, soʻz oʻyinlarini, hazillar va qofiyalarni oʻzlari oʻylab topishni yaxshi koʻradi;

– turli ob-havoda tabiat qoʻynida sayr qiling yoki ochiq havoda oʻynang. Bu bolangizga yangi va ragʻbatlantiruvchi muhitni his qilish imkoniyatini berishning oson va arzon usuli, hatto bu oʻzingizning hovlingiz boʻlsa ham;

– ochiq havodagi oʻyinlar uchun vaqt toping;

– farzandingizdan sizga oddiy uy ishlarida yordam berishini soʻrang. U stol tuzashga koʻmaklashadigan ofitsiant boʻlishi yoki oʻzini oshpaz deb tasavvur qilib, sizga ovqat tayyorlashda yordam berishi mumkin;

– uyingizda maxsus oʻyin maydonchasini tashkillashtirib, jihozlang. Katta karton qutilar yoki stullar ustiga yopilgan choyshablar xayoliy oʻyin uchun cheksiz sharoitlarni taqdim etadi. Cheklovlarsiz oʻynashga imkon beradigan oʻyin kublari yoki toʻplar kabi koʻplab oʻyinchoqlarni qoʻshing;

– dam olish va orzu qilish uchun vaqt toping. Birga chalqanchasiga yotib, bulutlar va osmonga qarang. Ularni turli xil shaklda tasavvur qiling.

Farzandingiz uchun oddiy va arzon oʻyin mashgʻulotlarini ham oʻylab topishingiz mumkin. Masalan:

– unga egri-bugri chiziqlar va rasm chizishi uchun rangli boʻrchalar yoki qalam bering;

– farzandingiz uchun rangli qogʻoz, ip, yelim, karton boʻlaklari va plastik butilkalar kabi ishlatilgan narsalar bilan toʻla “band quti” yasang. Maxsus qutida tashqaridan topilgan novdalar, gulbarglar, toshlar yoki patlar kabi tabiiy narsalar ham boʻlishi mumkin. Natijada koʻplab ijodiy loyihalar paydo boʻladi!

– kiyim almashtirish bilan oʻynaladigan oʻyinlar uchun eski kiyimlar, poyabzal, jemperlar, etiklar, sumkalarni bir qutiga toʻplang;

– boʻsh joy boʻlsa, plastilin, boʻyoq, qum yoki suv bilan oʻynash mumkin boʻlgan oʻyin maydonchasini yarating. Bunday oʻyinlarni ochiq havoda oʻynagan yaxshiroq;

– eski jurnal va kataloglarni saqlab qoʻying. Farzandingiz odam, hayvon va narsalarning rasmlarini kesib, ulardan kollaj yaratish uchun foydalanishi mumkin;

  • Farzandingiz bilan qoʻgʻirchoq oʻyinidan zavqlaning. Ishni boshlash uchun shunchaki paypoq yoki hatto qogʻoz sumka kifoya qiladi! Ularni xohlagan narsangizga aylantiring.
  • Pishmagan guruch yoki tosh bilan toʻldirilgan boʻsh sut qutilari yoki ochilgan qutiga tortilgan rezinalar kabi kundalik narsalardan musiqa asboblarini yasang.

Ekran oldida vaqt oʻtkazish va tasavvurni rivojlantiradilan oʻyinlar

Maktabgacha yoshdagi bolalar kuniga kamida bir soat ekran oldida vaqt oʻtkazishi kerak. Biroq bu vaqtdan ijodiy foydalanish yoʻllari boʻlishi mumkin.

Masalan, ekranda rasm chizish yoki rasm boʻyash bolangizning shakl va ranglardan ijodiy foydalanish qobiliyatini rivojlantiradi. Yoki bolangiz sifatli teledasturda yoki boshqa raqamli muhitda koʻrgan narsasidan uyda yangi oʻyin gʻoyalarini topishi mumkin.

Umuman olganda, rivojlanishdagi asosiy voqealar xuddi shunday tartibda sodir boʻladi, lekin ularning yoshi har bir bola uchun farq qilishi mumkin. Agar siz farzandingiz rivojlanishining biron-bir jihati haqida qaygʻurayotgan boʻlsangiz, oilaviy tibbiy yordam koʻrsatuvchi mutaxassis yoki  tarbiyachi bilan maslahatlashganingiz maʼqul.